Линклар

logo-print

Qirg‘izistonlik tadbirkorlar mamlakat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishidan avval yig‘ib qo‘ygan Xitoy mollarini sotish yo‘llarini izlayaptilar. Tadbirkorlar Qirg‘iziston 12 avgust kuni ittifoqqa to‘la qo‘shilgan bo‘lsa-da, o‘z mollarini Qozog‘istonga olib o‘tolmayotganliklaridan shikoyat qilmoqdalar.

“Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgach, narx ko‘tariladi” deya Xitoy mollarini yig‘ib olgan ayrim tadbirkorlar endilikda nima qilishlarini bilmay boshlari qotgan. Ularning biri Asqat Usenov Bishkekdagi “Do‘rdo‘y” bozorida kiyim-kechak sotadi. Asqatning aytishicha, hozir tadbirkorlar Qozog‘iston va Rossiyaga mol chiqarolmay halak.

- “Ittifoqqa kirsak, savdo-sotiq jonlanadi”, degan umid bor edi. Biroq aksincha bo‘layapti. Savdo umuman to‘xtadi. Avval olib kelgan mollarimizni o‘tkaza olmayapmiz. Rossiya va Qozog‘istondan xaridorlar kelmayapti. Ular uchun chegaradan mol olib o‘tish qiyinlashdi, - deydi tadbirkor.

Qirg‘izistonlik tadbirkorlar Qozog‘iston chegarachilari mollarni chegaradan o‘tkazishda tekshiruvni yanada kuchaytirganidan norozi. Buning oqibatida ikki davlat chegarasida yo‘lovchilar va avtomobillar tiqilinchi paydo bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi, agar Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasida ko‘rsatilgan mollarni chegaradan boj to‘lovisiz, erkin o‘tishini ta‘minlamasa, norozilik notasi yuborilishini bildirdi.

- Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilguncha Qirg‘izistonga kelgan mollar Qozog‘iston, Rossiyaga hech qanaqa qo‘shimcha to‘lovlarsiz chiqariladi. Bundan keyin Xitoy yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan tashqari mamlakatlardan kirgan mollarga ittifoqning yagona bojxona solig‘i olinadi. Bojxona soliqlari mollarning turiga qarab belgilangan. Jami bo‘lib 13 mingga yaqin tijorat moli turlari bor, - deydi Iqtisodiyot vazirligi soliq siyosati bo‘limi rahbari Talaybek Bektashev.

Avval Qirg‘izistonga Xitoy, Turkiya kabi mamlakatlardan olib kelingan mollarning kilogrammiga 35-50 sent atrofida soliq olingan bo‘lsa, Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgach, bojxona to‘lovi 2 dollarga yetdi. Mutaxassislarga ko‘ra, shu sababli Xitoy mollari narxi ham bundan buyon ikki-uch barobar qimmatlashi mumkin.

Yosh tadbirkorlar birlashmasi rahbari Ruslan Akmatbek fikricha, Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgach, reeksport ozayishi mumkin, biroq to‘xtamaydi.

- Qo‘shni Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilganidan keyin boj to‘lovlarini yo‘q qiladi deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Negaki ularning soliq, bojxona tizimi boshqacha. Bu sxemalar ularga foyda olib kelayotgandan keyin ma‘lum bir vaqtgacha saqlanib qolaveradi. Hech kim kelayotgan foydadan voz kechgisi kelmaydi-da. Shu sababli savdogarlarimiz mollarini o‘tkazolmay qiynalmoqda. Xitoy mollari qimmatlashi ham turgan gap. Lekin boj to‘lovi qimmatlasa ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga Xitoy mollari biz orqali o‘tadi, -deydi Ruslan Akmatbek.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston shu yilning 12 avgustidan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘la a‘zo bo‘ldi. Shu kundan boshlab qozoq-qirg‘iz chegarasida bojxona to‘siqlari olinib, savdo mollarini olib o‘tish erkin yuritilishi aytilgan.

2014 yil may oyida Rossiya, Belarus va Qozog‘iston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini ta‘sis etish haqidagi hujjatni imzolagan edi. Keyinchalik Armaniston ittifoqqa qo‘shildi. Qirg‘iziston bilan ittifoqqa a‘zo davlatlar soni beshtaga yetdi.

XS
SM
MD
LG