Линклар

“O‘zbekneftgaz” milliy xolding shirkati raisi Shokir Fayzullayev ishdan olindi. Neft sohasida yetakchi lavozimda ishlaydigan Ozodlik manbasining ta‘kidlashicha¸ 50 yashar Shokir Fayzullayev Buxoro neftni qayta ishlash zavodidagi taftish va UzGazOildagi reydlar ortidan ishdan olingan. Shokir Fayzullayev o‘rniga uning sobiq muovini, 48 yashar Alisher Sultonov tayinlangan.

Ozodlikning Toshkentdagi bir-biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra, 2013 yildan beri “O‘zbekneftgaz” bo‘lib ishlab kelgan Shokir Fayzullayev 14 avgust, juma kuni kechqurun to‘satdan ishdan olingan.

Manbalarimizga ko‘ra, davlat shirkati rahbari keyingi paytlarda ro‘y bergan jarayonlar natijasida vazifasidan chetlashtirilgan.

- Bu odam Buxoroda qayta ishlangan neft mahsulotlarini kirim qilmasdan, UzGazOil zapravkalari orqali, chapga sotish sxemasi boshida turgan edi. Bu sxema o‘tgan oy UzGazOilga qarashli AYoQShlarda prokuratura va soliq inspektsiyasi o‘tkazgan keng ko‘lamli taftishlarda oshkor bo‘ldi. MXX zobitlari ishtirokidagi bu reydlardan keyin Fayzullayev ketadi, degan gap chiqdi. Mustaqillik bayramidan keyin sentyabr oyida olinadi, deyishgandi. Masala jiddiylashib, ish tezlashdi¸- deydi manba.

Unga ko‘ra¸ Fayzullayev Buxoro neftni qayta ishlash zavodida neftni o‘g‘rincha sotib¸ qayddan o‘tmagan naqd pul ishlashning “jinoiy zanjir tashkilotchisi” sifatida ko‘rilmoqda.

Manba ta‘kidicha¸ yaqin orada Shokir Fayzullayev ustidan jinoiy ish ochilish ehtimoli katta.

- Hozir tinchgina ishdan olindi. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Shokir Fayzullayevga nisbatan endi jinoiy ish ochiladi. Bundan oldingi rais ham 2013 yilda ishdan olinganidan keyin jinoiy ish ochilgan edi. Oldingi rais Shavkat Majidov ham ayni sxema bo‘yicha ishdan olingandi. Hozirgi rais Buxorodan keladigan “leviy” yoqilg‘ini sotishda ayblanayapti. Undan oldingi raisni ishdan olinishi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi taftishlar bilan bog‘liq bo‘lgan¸- deydi manba.

Ozodlikka bundan birmuncha oldin kelgan maktubda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding shirkati rahbarlari nazoratidagi jinoiy tarmoq “ishlagan pullar” Boltiqbo‘yidagi offshor banklarda “yuvilib”¸ mulozimlarning xorijdagi bank hisoblariga o‘rnashayotgani iddao qilingan edi.

Ozodlik manbasi ta‘kidiga ko‘ra¸ hozirda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va UzGazOildagi bir necha mulozim kamomadda ayblanmoqda.

“O‘zbekneftgaz” milliy xolding tizimidagi korrupsiya va o‘g‘irlik holatlari yangilik emas.

O‘tgan oy “O‘zbekneftgaz” tarkibidagi UzGazOil ustidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda 2 milliard so‘mlik kamomad aniqlangan edi.

2013 yilda Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi 30 ga yaqin mulozimi neft mahsulotlarini kirim qilmasdan chetga sotganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG