Линклар

logo-print

Farg‘ona vodiysida barcha xavfsizlik kuchlari oyoqqa turdi. Ikki xudkush ayol ov qilinmoqda


Xavfsizlik idoralari e‘lon qilgan xabarnomada ayollar xudkush kamari va to‘pponcha bilan qurollangani aytiladi.

Xavfsizlik idoralari e‘lon qilgan xabarnomada ayollar xudkush kamari va to‘pponcha bilan qurollangani aytiladi.

Farg‘ona vodiysida milliy xavfsizlik xizmati, prokuratura, militsiyadan iborat o‘nlab guruh to‘pponcha va granata bilan qurollangan jangari ayollarni ushlash bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazmoqda. Beliga shahidlik kamari bog‘lagani aytilayotgan ikki ayol Rishtonda ikki xonadonga bostirib kirgan. Huquq-tartibot idoralari ma‘lumotiga ko‘ra, hozirda Rishton tumani qurollangan xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingan. Vodiyga kirish postlarining barchasida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Rishtonliklar uyiga jangari ayollar bostirib kirdi

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 16 avgust kuni qurollangan ikki noma‘lum ayol dastlab "Rishton tumani Qalaynov qishlog‘ida yashovchi O. Alimovaning xonadoniga bostirib kirgan". Manbaga ko‘ra, Alimovaning baqirib-chaqirganidan so‘ng qurolli ayollar qochib ketgan.

O‘sha kuni qurollangan ayollar Rishton tumani Oq yer qishlog‘i Qum mahallasida yashovchi D. O‘rinboyeva xonadoniga ham bostirib kirgan.

Huquq-tartibot idoralari ma‘lumotiga ko‘ra, ular O‘rinboyevaga to‘pponcha o‘qtalib, o‘ldirish bilan tahdid etib, pul talab qilgan va uydagi ikkita sandiqni buzib, 500 ming so‘m pulni olib qochishgan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan qidiruv e‘lonida ayollar 35 yoshlar atrofida ekani, biri turk millatiga mansub, ikkinchisi o‘zbekka o‘xshashi yozilgan. E‘londa ayollarning fotoroboti ham berilgan.

Qidiruv e‘lonida ayollarning ikkovining ham belida shahidlik belbog‘i borligi aytilgan. Xabarnomada shuningdek ayollar F-1 granatasi va ovoz pasaytirgich o‘rnatilgan to‘pponcha bilan qurollangani aytilad.

Ikkala ayolning ham ikkitadan barmog‘i yo‘q

Qidiruv e‘lonidagi ma‘lumotga ko‘ra, ikkala ayolning ham chap qo‘lining bosh barmog‘i va o‘ng qo‘lining jimjilog‘i yo‘q.

Ayollardan birining badani bel qismida uzunligi 15 santimetr bo‘lgan 5-6 dona chandiq borligi ham aytilgan. Uning bo‘yi 170 santimetr atrofida ekani, sochi kalta qora, egnida oq yo‘l-yo‘l ko‘ylagi bo‘lgan.

Ikkinchi ayolning bo‘yi 155-160 santimetr atrofida bo‘lib, sochi kalta qora, egnida qora va sariq yo‘l-yo‘l ko‘ylak bo‘lgan.

Jangarilarni ushlash amaliyotida barcha organlar ishtirok etayapti

Qurolli ayollar bilan bog‘liq voqea bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ishni Farg‘ona viloyati prokuraturasi o‘rganmoqda.

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 16 avgust kechki paytdan boshlab Rishton tumani xavfsizlik xodimlari tomonidan to‘la o‘rab olingan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Rishton tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh qismiga qo‘shimcha harbiy kuch tashlangan:

"Hozir barcha organlar jangarilarni ushlash tadbiriga jalb qilingan. Har bir organdan o‘nlab guruhlar tashkil qilingan. Bitta bizning viloyatning o‘zida organ xodimlaridan tashkil qilingan yuzlab guruh tadbirda ishtirok etayapti. Rishton to‘rt tomondan o‘rab olingan. Hamma oyoqqa turgan. Toshkentdan MXX va Ichki ishlar vazirligidan yordamga kelishdi", dedi huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Manba ma‘lumotiga ko‘ra, 17 avgust kuni noma‘lum ayollar bostirib kirgan ikkita oila a‘zolari va ularning barcha qarindosh-urug‘lari so‘roq qilinmoqda.

"Jabrlanuvchilar, ularga aloqador barcha shaxslar, mahalla faollari va Rishton hududidagi taksi haydovchilarining barchasi so‘roqqa chaqirildi", dedi manba.

Rishtonda kechasi posbonlar navbatchiligi tashkil qilindi

Ozodlik iltimosiga ko‘ra, vaziyatni o‘rgangan Rishtonda yashovchi huquq faoli Bahodir Eliboyevning aytishicha, har bir mahallada posbonlar va faollardan iborat guruhlar tashkil qilingan. Bu guruhlarga mahallalarda tungi navbatchilik qilib, xavfsizlikni ta‘minlash vazifasi topshirilgan:

- Hozir Rishton atrofida rostdan ham harbiylar qo‘yilgan. Mashinalar tekshirilayapti. Asosan, ayollar tekshirilayapti. Ayollarning qo‘llarini ko‘rishayapti. Bunga sabab gumonlanuvchilardan birining jimjilog‘i yo‘q ekan. Mahallalarda posbonlik tashkil qilindi. Bugun biz ham ko‘chada stol qo‘yib o‘tiramiz. Mahalla raislari hammaga aytib chiqayapti. O‘qituvchilar ham o‘z o‘quvchilarining uylariga borib, xonadonlarni ko‘rib chiqishga yordamlashayapti. Bugun 16:30da majlis qilinib, militsiya taksichilardan yordam so‘ragan. Ularga "Begona ayolni ko‘rsanglar, xabar beringlar" deyishibdi. Rishtonga kiradigan va chiqadigan barcha ko‘chalarga qurolli kuchlar tashlangan. Shu soatgacha kecha va bugunning o‘zida oltita avtobusda Qo‘qon va Farg‘onadan militsiya xodimlarini olib kelishgan. Usileniye deyishayapti. Har 50 qadamda ikki-uchta militsiya xodimi turibdi,- dedi vaziyatni o‘rgangan Bahodir Eliboyev.

Farg‘onadagi manbalar xabariga ko‘ra, vodiydagi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga kirish postlarida nazorat kuchaytirilgan. Ushbu viloyatlarning qo‘shni davlatlar bilan chegaralaridagi postlarga ham qo‘shimcha kuchlar tashlangan.

Shu kunlarda nafaqat vodiyda balki O‘zbekistonning barcha hududlarida Mustaqillik bayrami oldidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilgan.

Rishtondagi ushbu voqea bo‘yicha Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralaridan rasmiy ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi. Hozircha xudkush ayollar voqeasi mahalliy matbuotda yoritilganicha yo‘q.

Ozodlik ushbu voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda. Voqea tafsilotlaridan xabardorlar bo‘lsa, +420 724 971 539 WhatsApp va Telegram orqali Ozodlikka ma‘lum qilishlarini so‘raymiz.

XS
SM
MD
LG