Линклар

Moskva metrosida ayollarning tilla zanjirlarini o‘zib qochganlikda ayblanayotgan 25 yoshli o‘zbek muhojiri qo‘lgan olindi. Metropoliten politsiyasi toshkentlik Umarxo‘ja ismli bu yigitni shu kabi yana 8-ta jinoyatga aloqadorlikda gumon qilmoqda. Rossiya FMSi horij fuqarolari orasida ma‘muriy jinoyatlar soni keskin kamaygani qaydga olinganini xabar qilayotgan bir paytda, Moskva politsiyasi jinoiy javobgarlikka tortilgan muhojirlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaymaganini ham ma‘lum qildi.​

Toshkentlik yigit qator o‘g‘irliklarda gumonlanmoqda

Moskva metrosidagi transport politsiyasi xodimlari 19 avgust kuni rus ayolining bo‘ynidan oltin zanjirni uzib qochgan xorij fuqarosini hibsga oldi.

Metropolitendagi jinoyat-qidiruv bo‘limi o‘tkazgan maxsus amaliyot natijasida yer osti transportida bir necha oy davomida yo‘lovchi ayollardan tilla zanjirlarni yulib qochishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi, deydi Ozodlikka Moskva shahar IIBsi matbuot vakili Aleksey Mishlyayev.

- U O‘zbekiston Respublikasidan ish izlab kelgan 25 yoshli fuqaro ekani aniqlandi. Keyinroq u Rossiya Federatsiyasida migratsiya qoidalarini buzgan holda noqonuniy yashab kelayotgani, qaydda turmagani ma‘lum bo‘ldi. Taftish bo‘limida unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 161moddasi 1-qismi (talon-taroj) asosida jinoiy ish ochildi, deydi Aleksey Mishlyayev.

Politsiya rasmiysi O‘zbekiston fuqarosi hozirda bu kabi 8-ta jinoyatga aloqadorlikda gumonlanayotgani va tekshiruv yakuniga qadar tergov izolyatorida qolishini aytdi.

Transport politsiya boshqarmasi Ozodlikka taqdim etgan videolavhadan, Moskvaning Tekstilshchiki metrosida rus ayolining bo‘ynidan tilla taqinchoqni uzib qogchani uchun ushlangan 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Umarxo‘ja ismli shaxs ekanini bilib olish mumkin.

Tergovchilar o‘zbek muhojiri joriy yilning iyunь oyidan beri poyezdning eshiklari yopilishi oldidan bir nechta ayoldan oltin zanjirlarni uzib qochgan, demoqda.

Shuningdek, u politsiyaga mahalliy fuqarolardan tushgan boshqa shikoyatlar bo‘yicha tekshirilayotgani aytildi.

Nima uchun bu jinoyatga qo‘l urgani sabablarini Umarxo‘ja bunday tushuntiradi:

- Hech qayerda ishlamayapman. Ishlayotgan joyimdan bir oy oldin oylikni olib, bo‘shab ketdim. Hozir Moskvada hech narsa bilan shug‘ullanayotganim yo‘q. Meni bu yerda mana bu ayoldan zanjirchani o‘g‘irlaganlikda ayblab, ushlab turishibdi. Men nima bo‘lganini sudda gapirib beraman, dedi mayda o‘g‘irlikda gumonlanayotgan shaxs.

Politsiyachilarga ko‘ra, hibsga olingan Umarxo‘ja 4 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Og‘ir jinoyatlar soni kamaymadi

Rossiya poytaxti politsiya boshqarmasi bundan oldinroq, 6-dan 7 avgustga o‘tar kechasi to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi shaharning Aviamotornaya ko‘chasida bir moskvalikka tashlanib, qimmatbaho buyumlari, hamyonidagi katta miqdorda pulni olib, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan "Neksiya" avtomobilida jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lganini bildirdi.

Ozodlik kuni kecha Moskvaning xalqa yo‘lining 18 kilometrida VAZ-2114 mashinasida bo‘lgan noma‘lum shaxslar Hyundai Solaris mashinasi bilan to‘qnashuv uyushtirgan va shundan so‘ng VAZdan 3 kishi tushib Hyundaining old oynasini urib sindirgan va salondagi O‘zbekiston fuqarosiga tegishli bo‘lgan 5 million rublni olib qochgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Aytilishicha, pulini oldirgan 40 yashar o‘zbekistonlik mashina sotib olish uchun ketayotgan edi.

Ayni paytda, Rossiya Federal migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning birinchi olti oyi davomida mamlakatda ma‘muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan muhojirlar soni 25 foizga kamaygan va 576 ming kishini tashkil etgan.

- 2015 yilning yetti oyida Moskvaning o‘zidan 40 ming xorijlik badarg‘a qilindi, 74 mingdan ziyodiga Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqlandi, deya ma‘lum qildi Moskva FMS boshlig‘i birinchi muovini Dmitriy Sergiyenko.

Bugunga kelib Rossiya FMSi 1,5 milliondan ziyod xorijlikka o‘z eshiklarini yopgan bir paytda, Rossiyada migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoiy ishlar soni kamaymayotgani qaydga olindi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi keltirgan raqamlarga binoan o‘tgan yilning birinchi yarmida xorij fuqarolari 24 mingdan ziyod og‘ir va o‘rta og‘irlikdagi jinoyatga qo‘l urgan bo‘lsa, 2015 yilning shu davri mobaynida bu raqam deyardi o‘zgarmasdan qolganini kuzatildi.

XS
SM
MD
LG