Линклар

Tulada O‘zbekistondan olib chiqilgan qimmatbaho buyumlar musodara qilindi​


O‘zbekiston fuqarosidan Tula bojxonasida musodara qilingan noyob buyumlar orasida mana shu xoch ham bo‘lgan.

O‘zbekiston fuqarosidan Tula bojxonasida musodara qilingan noyob buyumlar orasida mana shu xoch ham bo‘lgan.

Tulaga Toshkentdan kelgan poyezddan topilgan noyob va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega buyumlar Rossiya foydasiga musodara qilindi. Pravoslavlar xochi, qadimiy diniy kitoblar hamda tangalarni Rossiyaga olib kirgani uchun o‘zbekistonlik javobgarlikka tortilgani xabar qilindi. Ayni paytda, Tula bojxonachilari bunday holatlar “tez-tez uchrab turishi” haqida gapirmoqda.

Tula shahar Privokzalniy tuman sudi qarori bilan toshkentlik fuqaro deklaratsiya qilinmagan moddiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega buyumlarni Rossiyaga olib kirishga uringani uchun javobgarlikka tortildi.

Musodara qilingan osori-atiqalar O‘zbekistondan yuborilgan poyezd konteynerida bojxona xizmati xodimlari tomonidan aniqlandi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Tula bojxonasi davlat inspektori Svetlana Begunova.

O‘zbekistondan olib chiqilgan xoch

O‘zbekistondan olib chiqilgan xoch

- Bu tovarlarni olib kirishga uringan odam “Hamyurtlarni ko‘chirish dasturi” bo‘yicha O‘zbekistondan Tulaga doimiy yashash joyiga kelayotgan bo‘lgan. Uning narsalari ortilgan konteyneri bo‘lgan. U oilasining butun ko‘chini ortib kelgan. Uy buyumlari orasida deklaratsiyada ko‘rsatilishi shart bo‘lgan tovarlar ham bo‘lganini bilmagan. Men bu tarixiy buyumlar qanday yo‘l bilan O‘zbekistondan chiqib ketganini bilmadimu, ularni Rossiyaga olib kirishda qonun buzilgani sababli ular to‘liq musodara qilindi. Ular madaniy qimmatga ega buyumlar ekani aniqlandi, deydi Svetlana Begunova.

Bojxona vakilasi Ozodlikka taqdim etgan ma‘lumotlardan toshkentlik sayyoh bagajidan qadimgi “Iso Masihning chormixga tortilishi”xochi, olti dona noyob cherkov kitobi va 19 dona tarixiy va madaniy qimmatga ega tangalar topilgani ma‘lum bo‘ldi.

Svetlana Begunova musodara qilingan tangalar 1924-1967 yillarda chiqarilgani va turli qimmatga ega ekani, ular orasida bir dona 1942 yilda gitlerchilar Germaniyasida bosib chiqarilgan 10 pfennig ham borligini qo‘shimcha qildi. Bu tovarlar maxsus san‘atshunoslik va tovarshunoslik ekspertizalaridan o‘tkazilgani va ular tarixiy-madaniy qimmatga ega ekani tasdiqlandi.

Kutubxonaga qaytarilmagan noyob asar

Kutubxonaga qaytarilmagan noyob asar

Qizig‘i, topilgan diniy kitoblar orasidagi "Ioann Zlatoust asarlari"ning 7 jildida "12060" qayd raqami va "O‘RTA OSIYO TEMIR YO‘LLARI" kutubxonasi muhri turganini ko‘rish mumkin.

Idora rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining “Madaniy jihatdan qimmatbaho buyumlarning olib chiqilishi va olib kirilishi”to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq mahalliy sud musodara qilingan diniy mazmunga ega nashriyot mahsulotlarini diniy muassasaga, tangalarni esa muzeyga doimiy saqlashga topshirdi.

- Tula shahrining Privokzalniy tuman sudi qarori bilan u javobgarlikka tortildi, deklaratsiya qilinmagan mulki davlat muassasalari hisobiga musodara qilindi, ammo uning o‘zi hech qanday jarimaga yoki boshqa jazoga tortilgani yo‘q. Bunday holatlar bizda tez-tez uchrab turadi. U shunchaki “Bu buyumlar mening oilamga tegishli”, deb deklaratsiyada belgilab berishi kerak edi, xolos: hech qanday muammo ham bo‘lmasdi. Bunday hodisalarga e‘tibor qaratayotganimiz sababi shunda – ayniqsa Rossiyaga ko‘chib kelayotgan fuqarolar deklaratsiya qilinish kerak bo‘lgan buyumlari borligini ko‘rsatishni unutmasliklari zarur, dedi inspektor Svetlana Begunova.

Rossiya tomonidan musodara qilingan Tavrot

Rossiya tomonidan musodara qilingan Tavrot

​Hozirda sud qarori bilan xoch va diniy kitoblar Tula diniy seminariyasiga, tangalar esa Tula tarixiy o‘lkashunoslik muzeyiga topshirilgani ma‘lum bo‘ldi.

Rossiya bojxonasida Ozodlikka bunday holatlar oldin ham kuzatilgani aytildi. Xususan, 2014 yilning 22 mayida Tula bojxonachilari tomonidan O‘zbekistondan olib chiqilgan yana bir asar - Tavrotning o‘ta noyob nusxasi musodara qilingan.

Keyinroq, Tula bojxonachilari O‘zbekiston fuqarosidan yana uch dona qimmatbaho ikonani olib qo‘ygan va Rossiya davlati hisobiga o‘tkazgani ma‘lum bo‘ldi.

2011 yilda Tulaning Novomoskovskiy bojxona postida yana ikkita ikonani olib kirishga o‘ringan o‘zbekistonlik ayol javobgarlikka tortilgan edi.

XS
SM
MD
LG