Линклар

logo-print

Urganchlik noma‘lum reperning 8 avgust kuni Urganchdagi yoshlar ko‘lida yuz bergan va o‘nlab odam o‘limiga sabab bo‘lgan fojiaga bag‘ishlab aytgan qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, qo‘shiqni o‘z ismi ochiqlanishini istamagan urganchlik havaskor ijro qilib tarmoqqa joylagan.

Odamlar tiqilinch¸ to‘lib borar bora-bora,

Bu ishlarga chidamay sinib ketdi panjara,

Suvga ketdi ona-bola,

Ota -o‘g‘il¸ qarilar,

Suzishni bilganu bilmaganlar...

Qo‘shiqni eshitib ko‘rgan bastakor Botir Rajabovning Ozodlikka aytishicha¸ urganchlik havaskor ijrosi rep janriga aniq mos kelmaydi:

- Repdan ko‘ra yumshoq¸ ko‘proq romansga o‘hshaydi. Rostdan ham havaskorligi bilinib turibdi. Tekst ham g‘arib. Ammo muhim tarafi - o‘sha ko‘l fojiasi haqida emotsional hikoya bor. Hissiy reportaj deya baholagan bo‘lar edim bu “asar”ni. Menimcha, qo‘shiq ijrochisi ko‘ldagi fojiani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Har holda qo‘shiqdan shunday taassurot qoladi¸ deydi bastakor.

Hissiy reportaj

O‘ndan ziyod odam o‘limiga sabab bo‘lgan fojidan bir hafta o‘tib, Urganch markazidagi "Yoshlar ko‘li"da kontsert o‘tkazish bekor qilingan bo‘lsa ham, hukumat komissiyasi hozirga qadar jamoatchilikka Urganchdagi falokat bo‘yicha dastlabki hisobotni taqdim etgan emas.

Qurbonlar va jarohat olganlar borasida aniq raqam hanuz berilgani yo‘q.

Mahalliy matbuot ham voqea tafsilotini yoritmadi.

Fojia ishtirokchilarining qo‘l telefoniga olgan tasvirlari ham sirli tarzda tashqariga sizib chiqmadi.

Shu bois fojia haqida turli taxminlar urchimoqda.

Urganchlik reperning “hissiy reportaji” esa bu mavhumlik pardasini bir oz ochgandek taassurot qoldiradi.

Ko‘prik bir¸odamlar ikki yuztacha

Ularni bu yerga boshlab kelgandi ajal.

Qo‘shiqninng birinchi qismida “ko‘prik fojiasiga qadar” bo‘lgan manzara tasvirlanadi.

8 avgust bayram.

Kontsert.

Ko‘lga yig‘ilgan butun xalq.

Bir ayolning qizi uch yosh¸ yonida o‘g‘li esa hali go‘dak yonida.

Yana bir erkak xotini bilan¸

olishmoqchi birgalikda dam.

Qari ayol uch nabirasi bilan ko‘lga kontsert ko‘rgan kelgan.

Soat sakkiz¸ kontsert boshlandi.

Odamlar oqib kela boshladi.

Qizlar hayajonda¸ kumirlari sahnada.

Kimga esa kerak tomosha?!

Xullas, hamma bor yo‘laklar esa tor.

Ikki mingta odam ichkarida¸ hali yana keladi qancha.

Farzandlari bilan keldi ko‘pchilik.

Bu yerda esa kayf safo buzuqchilik.

Ona bola kontsertga oshiqib kelar.

Ularni bu yerga boshlab kelgandi ajal.

Kasal holiga kelgandi bir erkak.

Axir o‘g‘lini xursand qilishi kerak.

Hamma shoshgan asabda.

Odamlar tiqilib qoldi ko‘prikda.

Ko‘prik bir¸ odamlar ikki yuztacha.

Sabr-toqat tugab borar¸ oyoq ostida bolalar.

Urush janjal posbonlar esa tomosha qilib turar.

Ayollarni urib-surib o‘tar chaqqon erkaklar.

Birovning birov bilan ishi yo‘q¸

Ko‘prikdan o‘tsa bo‘ldi¸ qanday qilib farqi yo‘q.

Haloyiq¸ kimningdir oyoq kiyimi¸ kimningdir hamyoni¸

Kimningdir bolasi.

Yig‘lab qidiryapti onasi.

Ayollar ham yig‘layapti¸

yig‘layapti bolalar.

Cho‘zmay yordam qo‘lini turibdi-ku mard yigitlar.

Shu joyga kelganda kontsertni tugatishdi.

Kontsert ko‘prikda davom etdi.....

Suv ichida odamlar elliktacha

Qo‘shiqning ikkinchi qismi ko‘prikda yuz bergan fojia tafsioloti aks etadi:

Odamlar tiqilinch¸ to‘lib borar bora-bora.

Bu ishlarga chidamay sinib ketdi panjara.

Suvga ketdi ona-bola. Ota -o‘g‘il¸ qarilar.

Suzishni bilganu bilmaganlar.

Suv ichida odamlar elliktacha.

Ayovsiz olamon to‘xtamas haligacha.

Yana ellikta odam suv ichida.

Endi kelishdiya yashil kiyimlilar.

Suvga sakradi vijdonlilar.

Qolganlar tomosha qilib turar...

Xabar berildi tez-yordamga.

Tez yordam uchib borar.

Etib keldi qayiqlar.

Ular kelganda ona-bola jonsiz yotar....

Ayb kimda edi?

Matn oralig‘ida yangragan pianionining g‘amgin oxanlari savol alomati kabi qaytalanadi.

Hofiz urganchliklar tilidan bir haftadan beri tushmayatgan savolni takrorlaydi:

Ayb kimda edi?

Quruvchidami?

Posbondami?

Doktordami?

Uyda o‘tirmagan kelinda?

Xotinini yolg‘iz yuborgan erda yo qaynonanada?

yohud qutqaruvchilardami?

Axir kimda?

Bu kunday ravshanku, ayb bizda o‘zimizda!

Bu hali hammasi emas.

Bu ko‘l oldin qabriston bo‘lgan¸

Bu joyga buyuk insonlar ko‘milgan.

Bizga buni ham qadri yo‘q¸

Bizga hech nimani farqi yo‘q.

Bizlarga nima bo‘lyapti do‘stlar?

Asl terrorchi al-Qoida emas¸ aslida bizlar!

Bolalarga rahm qilmaganlar¸

o‘zidan boshqani o‘ylamaganlar¸

bir insonni Ollohdan ulug‘ qo‘yganlar...

Qo‘shiq ko‘l tagiga cho‘kib o‘lgan bolalarga atalgan marsiya-naqorat bilan tugallanadi:

Afsus norasida ketdi bola¸

maktabga borishiga bir oy qolgandiya....

Voqeaband qo‘shiqlar tarixi

O‘zbekiston qo‘shiqchiligida fojialarga atab qo‘shiq aytish nisbatan yangi hodisa sanaladi.

2005 yil 13 avgustdagi Andijon qirg‘ini haqida taniqli shoir va hofiz Dadahon Hasan qo‘shiq kuylab tarqatgan edi.

Dadahon Hasanning bu qo‘shig‘i 2006 yilda Toshkent shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudida ko‘rilib, konstitutsion tuzumiga qasd qilish va jamoatchilik xavfsizligi va tartibiga xavf soluvchi material sifatida malakalangan edi.

2010 yildagi O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealar yuz berganida Toshkentlik noma‘lum repper va O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova ayni voqeaga atab qo‘shiq ijro qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG