Линклар

logo-print

19 avgust kuni ikki fuqaroning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimini tortqilab¸ uni Damas rusumidagi mashinaga tiqishga urinishi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ozodlik surishtiruvi davomida¸ bu voqeaning joriy hafta Qarshi-G‘uzor katta yo‘lida sodir bo‘lgani va hokimiyat xodimiga qo‘l ko‘tarishda ayblanayotgan fuqarolarga nisbatan jinoiy ish ochilgani aniqlandi.

WhatsApp messenjeri orqali Ozodlikka yuborilgan qisqa videotasvirda DAN xodimining Damas mashinasi orqasida yugurib ketayotgani¸ uning orqasidan yugurib kelgan oddiy fuqaroning esa¸ DAN xodimi formasidan tortqilayotgani aks etgan.

DAN xodimiga tegishli ekani taxmin etiladigan qizil tayoqcha ushlagan boshqa bir yigit ham orqadan kelib¸ xodimni tortqilab¸ DAMAS eshigi oldiga olib borgan joyda¸ videotasvir tugaydi.

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida yashin tezligida tarqagan bu yoqalashuv¸ Ozodlikning IIV tizimidagi manbasiga ko‘ra¸ ikki kun avval Qarshi-G‘uzor trassasida sodir bo‘lgan:

- DAN xodimi bilan yoqalashganlar ushlangan va hozirda Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va prokuraturasi tomonidan jinoiy ish ochilgan. Bunday holat hokimiyat odamiga qo‘l ko‘tarish deyiladi va unga jiddiy chora ko‘riladi¸ dedi Ozodlikning viloyat ichki ishlar tizimidagi manbasi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rasmiysi ham bu voqea yuzasidan tergov jarayoni borayotganini tasdiqladi. Bu rasmiy ta‘kidicha¸ mast holda mashina boshqarib¸ yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun to‘xtatilgan haydovchilarning DAN xodimi bilan tortishishi tez-tez uchrab tursa-da¸ DAN xodimi bilan yoqalashish yoki unga nisbatan kuch qo‘llash O‘zbekistonda kamyob hodisa sanaladi:

- Hokimiyat vakiliga zo‘ravonlik qilishda ayblanayotgan bu yigitlarga nisbatan qanday jazo ko‘riladi¸ bunisini hozircha aniq ayta olmayman. Chunki bu ish hozirda tergov jarayonida. Lekin jazoning jiddiy bo‘lishini taxmin qilish mumkin¸ deydi bu rasmiy.

Videotasvirda aks etgan voqeadan farqli o‘laroq¸ O‘zbekistonda aksar hollarda ichki ishlar xodimlarining fuqarolarga nisbatan noqonuniy munosabat qilishi¸ ularga nisbatan zo‘ravonlik qilishi tez uchraydigan voqealar sirasidan sanaladi.

Huquq faoli Sur‘at Ikromovning ta‘kidicha¸ hokimiyat vakilining adolatsiz hatti-harakati¸ hatto zo‘ravonligiga duch kelgan taqdirda ham fuqaroning unga nisbatan kuch ishlatishi jiddiy jinoyat sifatida tasniflanadi:

- Bu voqeaga DAN xodimining yo‘l harakatini buzmagan haydovchini aybdorga chiqarib¸ uni katta jarimaga tortishga uringani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Jahl kelganda¸ aql qochadi. Lekin odamlar militsiya xodimi boshqayu¸ oddiy fuqaro boshqaligini bilishi kerak. Militsiyaga qo‘l ko‘tarish hokimiyat vakiliga qo‘l ko‘tarish deb tasniflanib¸ jinoiy ish ochishga asos bo‘ladi. DAN xodimi adolatsizlik qilgan taqdirda¸ bunga qiziqqonlik bilan emas¸ huquqiy savod bilan yondashish kerak. Bu xodimning rahbariyatiga ariza bilan murojaat qilish kerak¸ guvohlarni jalb etish¸ kerak bo‘lsa¸ videotasvirlarni taqdim etish kerak. Chora ko‘rilmasa¸ prokuratura va boshqa tizimlarga murojaat qilish kerak. Hozir bunaqa shikoyatlar jiddiy qabul qilinib¸ chora ko‘riladigan bo‘lib qolgan¸ deydi o‘zi ham DAN xodimlari bedodligiga qarshi kurashib kelayotgan huquq faoli.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish” deb nomlangan 219-moddasiga ko‘ra¸“qarshilik ko‘rsatish, ya‘ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish —

eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish —

uch oydan olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.”

XS
SM
MD
LG