Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:54

Qozog‘istonda milliy valyuta qadri keskin tushib ketdi​


Olmaotadagi sarroflik do‘konlaridan birining elektron tablosi, 2015 yil 20 avgusti.
Olmaotadagi sarroflik do‘konlaridan birining elektron tablosi, 2015 yil 20 avgusti.

Rasmiy Ostona yangi pul-kredit siyosatini amalga oshira boshlashini e‘lon qilishi bilan Qozog‘istonda milliy valyuta – tanganing AQSh dollariga nisbatan kursi pastga sho‘ng‘idi.

Qozog‘iston erkin tebranuvchi kursga o‘tishi haqida mamlakat bosh vaziri Karim Masimov 20 avgust kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan hukumat selektor majlisida e‘lon qildi.

- Qozog‘iston Milliy banki va hukumati 2015 yil 20 avgustidan inflyatsiyaga qarab ish ko‘rishga asoslangan yangi pul-kredit siyosatini amalga oshira boshlash, valyuta koridorini bekor qilish va erkin tebranuvchi kursga o‘tish haqida qaror qabul qildi. Pul almashtirish kursining o‘zgarishi susayish tomonga ham ketishi mumkin, kuchayish tomonga ham. Buni jahon iqtisodiyotidagi va ichki valyuta bozoridagi vaziyat belgilab beradi, - dedi Karim Masimov.

Qozog‘iston bosh vaziri Milliy bank tanganing bozor kursi bichilishiga aralashmasligi, biroq mamlakat moliyaviy tizimi uchun beqarorlik xavfi tug‘ilgudek bo‘lsa, “valyuta interventsiyalarini amalga oshirish orqali ichki valyuta bozorida ishtirok etish imkoniyatini o‘zida saqlab qolishi”ni bildirdi.

Bu xabar ortidan Qozog‘iston fond birjasi ertalabki sessiyasida 1 AQSh dollari narxi 255,26 tengega chiqib ketdi. Bu esa kechagi ko‘rsatkichdan 66,88 tengega yuqoridir. Ma‘lumotlarga ko‘ra, birjaning ertalabki sessiyasi shu narxda 115 million dollar sotilgan.

Chorshanba kuni Qozog‘istondagi qator tijorat banklari va sarroflik punktlarida AQSh dollari kursi 189 tangadan 198 tangaga chiqib ketgandi.

Kecha ertalab Qozog‘iston fond birjasida 1 AQSh dollarining o‘rtacha kursi 188,38 tengega teng bo‘lgan bo‘lsa, kechga borib bu ko‘rsatkich 197,05 tengeni tashkil qildi.

Shu tariqa Qozog‘iston milliy valyutasi bir kunda taqriban 30 foizga “arzonladi”.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 15 iyulida Qozog‘iston Milliy banki dollar kursi uchun yangi koridor (170 tangadan 198 tangagacha) belgilagan.

2014 yil fevralida Milliy bank AQSh dollariga nisbatan ayirboshlash kursini 150 tanga miqdorida ushlab turishdan bosh tortgan paytida ham Qozog‘iston pul bozorida sarosima kayfiyati kuzatilgandi. O‘shanda sarroflik do‘konlarida 1 AQSh dollari 215 tangagacha chiqqan. O‘sha paytda Milliy bank valyuta koridorini 182-188 tanga qilib belgilaganidan keyin sarosima tingandi.

Bugun Qozog‘iston Milliy banki tomonidan e‘lon qilingan AQSh dollari rasmiy kursi 188,38 tangani tashkil qiladi. Ertalab tijorat banklari dollarni 198 tangadan sotayotgandi, biroq tushga borib dollar narxi 258 dollarga chiqib ketdi.

Tajribadan ma‘lumki, Qozog‘iston va Rossiyada milliy valyuta qadrining tushishi O‘zbekistonga ham bilvosita ta‘sir ko‘rsatadi. Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri avvalroq Ozodlik bilan suhbatda tanga kursining AQSh dollariga nisbatan pasayishi Qozog‘istondagi o‘zbek muhojirlar uchun zararli ekanini, boisi bu muhojirlar oilasiga jo‘natayotgan pulning ozayishiga sabab bo‘lishini aytgandi.

XS
SM
MD
LG