Линклар

Gulnora Karimovaga aloqador bir guruh shaxs hibsga olindi​


Гулнора Каримова тузган коррупцион схемаларга алоқадор шахслар бирин кетин ҳибсга олинмоқда.

Гулнора Каримова тузган коррупцион схемаларга алоқадор шахслар бирин кетин ҳибсга олинмоқда.

O‘zbekiston tergov idoralari Gulnora Karimova xorijiy telekom shirkatlaridan yirik miqdorda pora olgan, degan iddao bilan Yevropa va AQShda tergov qilinayotgan jinoyat ishlariga aloqador shaxslarni hibsga oldi.

Ozodlikning O‘zbekiston tergov idoralaridagi ishonchli manbasiga ko‘ra, hibsga olingan 9 shaxs orasida mamlakat prezidentining qizi tuzgani iddao qilingan korruptsion sxemalarda asosiy o‘yinchilar hisoblangan Alisher Ergashev, Shohruh Sobirov, Nurmuhammad Sodiqov va Raisa Safarovalar bor. Ishlari Toshkent viloyat jinoyat ishlari sudida ko‘rilayotgan shaxslar AQSh tergov idoralari Gulnora Karimovaga aloqador jinoyat ishi doirasida jiddiy qadamlar qo‘ya boshlagan bir paytda hibsga olindi.

O‘zbekiston tergov idoralari Alisher Ergashev, Shohruh Sobirov, Nurmuhammad Sodiqov va Raisa Safarova doxil 9 kishidan iborat guruhni hibsga olganini ularning ishini ko‘rib chiqayotgan O‘zbekiston tergov idoralaridagi Ozodlik manbasi tasdiqladi.

“Hozirda to‘qqiz kishi, jumladan Alisher Ergashev, Shohruh Sobirov, Nurmuhammad Sodiqov va Raisa Safarovalarning ishlari ko‘rilmoqda”, dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil bir necha manbasiga ko‘ra, shu hafta boshida hibsga olinganlar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora amalga oshirgani iddao qilinayotgan korruptsion sxemalarda asosiy vazifalarni bajargan shaxslar sifatida ko‘rilmoqda.

Ozodlik manbalari hibsga olinganlarga qanday ayblov qo‘yilganini aniqlashtirmadi. Lekin ularning ayrimlari 2014 yil sentyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi moliyaviy jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha qo‘zg‘atgan jinoyat ishi figurantlaridir.

Xususan, Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov prezident qizi yuzlab million dollar miqdoridagi pullarni noqonuniy o‘zlashtirganiga doir iddaolar bilan AQSh va Yevropa mamlakatlarida tergov qilinayotgan jinoyat ishlarida gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgani ma‘lum.

Eski personajlar

Ergashev bilan Sobirov 2012 yilning iyul oyida Shveysariyada hibsga olingan edi. Ular Jenevadagi Lombard Odier bankida Gulnora Karimovaga yaqin Gayane Avakyan nomiga ochilgan hisob raqamlariga daxl qilmoqchi bo‘lgan paytda Shveysariya prokuraturasi tomonidan qo‘lga olingan edi.

O‘shanda Shveysariya prokuraturasi yirik miqdorda pul yuvish bo‘yicha ochgan jinoyat ishiga Gulnora Karimovaning o‘zi ham gumonlanuvchi sifatida tirkalgan va unga aloqador ekani iddao qilinayotgan hisob raqamlari hibsga olingan.

Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov bir necha oy Shveysariyada hibsda saqlanganidan keyin, 2012 yilning 16 oktabr kuni garov evaziga qo‘yib yuboriladi. Ozodlikning Shveysariyadagi manbalari ikkovlonning garovga chiqarilishi masalasi 2012 yilning 16 oktabr kuni Fransiyaga borgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning aralashuvi bilan hal etilganini iddao qilgan edi. Manbalarimizga ko‘ra, Ergashev va Sobirov Shveysariyadan Parijga olib borilib, tashqi ishlar vaziri mingan samolyotda Toshkentga olib kelingan.

Shveysariya Bosh prokuraturasi 19 avgust kuni Ozodlikning Ergashev va Sobirovning O‘zbekistonda hibsga olingani munosabati bilan izoh so‘rab, qilgan murojaatiga:

“2012 yilning iyul oyida olti nafar gumonlanuvchi, jumladan Gulnora Karimovaga qarshi tergov ochilgan edi. Tergov qilinayotgan jinoyat korruptsiyaga aloqador pul yuvishga doirdir (Shveysariya Jinoyat kodeksining 305bis moddasi). Hozirgi kunda Shveysariya Bosh prokuraturasi bu ish doirasida 800 million Shveysar franki (820 million AQSh dollari)ni hibsga olgan. Tergov davom etayotgani sababli ortiqcha ma‘lumot bera olmaymiz”, deya yozma javob yubordi.

Alisher Ergashev Gulnora Karimova nomiga ochilgan firmalarda rasman boshqaruvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Alisher Ergashev Gulnora Karimova nomiga ochilgan firmalarda rasman boshqaruvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

39 yoshli Alisher Ergashev va 36 yoshli Shohruh Sobirov prezident qizi nazorat qilgan Coca Cola Uzbekistan shirkatining boshqaruvchilari lavozimida ham ishlagan. Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Alisher Ergashev Gulnora Karimova nomiga ochilgan firmalarda rasman boshqaruvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan TeliaSonera (Ucell), Vimpelcom (Bilayn) va MTS telekom shirkatlaridan yillar davomida kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora olgani iddaolari bilan ochilgan jinoyat ishlari Shveysariyadan tashqari, Shvetsiya, Fransiya, Hollandiya, Norvegiya va AQShda ham tergov qilinmoqda. AQSh tergov idoralari o‘tgan hafta Yevropaning besh mamlakatiga murojaat qilib, jinoyat tergovi doirasida 1 milliard AQSh dollariga teng aktivlarni, jumladan Gulnora Karimovaning Jenevadagi hashamatli villasini hibsga olishni so‘radi.

Aynan Amerika tergovchilarning bu ishga jiddiy yondasha boshlagani uch yildan beri davom etayotgan tergovda muz joyidan ko‘cha boshlaganiga ishora sifatida talqin etildi va bu ishga aloqador shaxslarning hibsga olinishi shu paytga to‘g‘ri kelgani e‘tiborlidir.

Alisher Ergashev Shvetsiyadagi jinoyat ishida ham Gulnora Karimova bilan birgalikda gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda. Shvetsiyadagi ishni tergov qilayotgan Bosh prokuraturaning korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetler gumonlanuvchilarning birma-bir O‘zbekistonda qamoqqa olinayotgani shubhalidir, deydi.

- Men olib borayotgan tergovda meni qiziqtirayotgan shaxslarning aksari hibsga olinayotgani juda g‘alatidir. O‘tgan yili Gayane Avakyan va Rustam Madumarov qamoqqa hukm etilgan edi. O‘zbekiston rasmiylari mening bunga oid so‘rovlarimni javobsiz qoldirib kelmoqda, deydi Gunnar Stetler.

Shvetsiya prokurori tilga olgan Gayane Avakyan Gulnora Karimovaning xos yordamchisi bo‘lgan, Rustam Madumarov esa uning fuqaroviy eri ekani aytiladi. Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, aynan Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan Takilant firmasi hamda Madumarov nomida bo‘lgan Swissdorn firmasi telekom shirkatlaridan pora olishda vositachilik qilgani gumon etilmoqda.

2013 yil may oyida Ozodlik ishtirokida Shved jamoatchilik televideniyesi tayyorlagan "Moskvadan kelgan chopar" hujjatli filmida Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati Gulnora Karimovaga pora berganiga ishora qiluvchi hujjatlar oshkor qilingan edi.

Shaxsiy hisobchi Nurik

Shu hafta boshrog‘ida hibsga olingan 9 kishi Gulnoraga aloqador navbatdagi guruhdir. Avakyan va Madumarov o‘tgan yilning may oyida odam o‘g‘irlaganlikda aybdor deb topilib, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan 6 va 9 yildanga qamoqqa hukm etilgan edi.

Nurmuhammad Sodiqov o‘zini Gulnora Karimova buyrug‘iga ko‘ra o‘g‘irlashganini iddao qilgan edi

Nurmuhammad Sodiqov o‘zini Gulnora Karimova buyrug‘iga ko‘ra o‘g‘irlashganini iddao qilgan edi

Eng qizig‘i ular shu hafta hibsga olingan Nurmuhammad Sodiqovni o‘g‘irlaganlikda ayblangan edi. Ayni paytda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova doxil uyushgan jinoiy guruh ustidan ochgan ishda ham Gayane Avakyan, Rustam Madumarov va Nurmuhammad Sodiqovlar gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

Ko‘p yillar davomida Gulnora Karimovaning shaxsiy hisobchisi vazifasini bajargan Nurmuhammad Sodiqov haqiqatan 2013 yilning noyabrida o‘g‘irlab ketilganini uning yaqinlari Ozodlikka aytishgan edi. Ozod etilishidan bir necha kun o‘tib, Sodiqov Twitter tarmog‘i orqali o‘zini Gulnora Karimovaning odamlari uning ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘g‘irlashganini iddao qiladi.

Gulnoraning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov odam o‘g‘irlashda ayblanib qamalgan

Gulnoraning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov odam o‘g‘irlashda ayblanib qamalgan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, Sodiqovni Gayane Avakyan va Rustam Madumarov yollagan sobiq harbiylar o‘g‘irlashgan.

Sodiqov Gulnora Karimovaning shaxsiy hisobchisi sifatida mahalliy tadbirkorlardan olinadigan ulushni bevosita qabul qilib olish bilan shug‘ullangani haqida Ozodlikka tadbirkorlarning o‘zlari gapirib berishgan.

“Evaziga qo‘limiz hamma joyga yetar edi. Opaga (Gulnora Karimovaga-tahr.) 1,5-2 million dollar qilib olib borib berar edik. Yiliga kamida 5-6 million dollar bo‘lardi. Grand Mir Hotel mehmonxonasi ro‘parasida uning ofisi bo‘lar edi. O‘sha yerga olib borib, Nurmuhammad (Nurmuhammad Sodiqov-tahr.) orqali pullarni opaga berib turar edik. Keyin opa Nurmuhammad bilan kelisha olmay qoldi. Hujum keyin bizga boshlandi”, degan edi Gulnoraga ulush to‘lab kelgan tadbirkorlardan biri.

Gulnora Karimovaning yillar davomida yirik xorijiy telekom shirkatlari va mahalliy biznes tuzilmalardan yuzlab million dollar miqdorida pora olib kelganiga ishora qiluvchi hujjatlar Ozodlik ishtirok etgan jurnalistik surishtiruvlar natijasida fosh etildi.

Xususan, Shvetsiyaning TeliaSonera, Rossiyaning Vimpelcom va MTS shirkatlariga O‘zbekistonda biznes qilish imkoni evaziga Gulnora Karimova kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora olganiga ishora qiluvchi hujjatlar jurnalistik surishtiruvlarda oshkor etildi.

G‘arb tergovchilari Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimova tuzgani iddao qilinayotgan korruptsion sxemalarda asosiy rolni ijro etganiga ishonishadi

G‘arb tergovchilari Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimova tuzgani iddao qilinayotgan korruptsion sxemalarda asosiy rolni ijro etganiga ishonishadi

Muhim ma‘lumotlarni bilgan shaxslar qamalmoqda

Bu materiallarni tayyorlashda Ozodlik hamkorlik qilgan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) muharriri Miranda Patruchich O‘zbekiston adliya tizimi asosiy jinoyatchi qolib, uning buyruqlarini bajargan odamlar qamoqqa tashlanishi adolat o‘rnatilganini anglatmaydi, deya bildirdi.

- Bu odamlar Gulnoraning noqonuniy oldi-berdilarida qatnashgan va Gulnoraning gumashtalari sifatida harakat qilgan va bu sxemalarda rol o‘ynagan. Lekin porani talab qilgan va porani olgan asl odam Gulnora Karimovadir. U tuzgan tarmoqni yo‘q qilish va unga ishlagan odamlarni qamash adolatni qaror toptirmaydi. Buning uchun pora olgani uchun Gulnora Karimovaning o‘zini sud qilish kerak, deydi Miranda Patruchich.

Jurnalistning aytishicha, O‘zbekiston rasmiylarining bu ishga aloqador shaxslarni qamoqqa tashlashi Gulnora Karimova pora olgani iddaolari xususida ko‘rsatma berishi mumkin bo‘lgan odamlarni izolyatsiya qilish harakatiga o‘xshaydi.

- Tergovchilar bu sxemalarda asosiy rollardan birini o‘ynagan Gayane Avakyan bilan gaplasha olmayotirlar. Aynan u Gulnora Karimova qay tarzda harakat qilgani, u qanday qilib pulni olgani haqida muhim faktlarni oshkor qilishi mumkin. Hozir bu muhim ma‘luomtlarni oshkor qilishi mumkin bo‘lgan barcha shaxslar qamoqqa tashlanayotganini ko‘rib turibmiz, deydi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi muharriri Miranda Patruchi.

XS
SM
MD
LG