Линклар

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov har kuni Oqsaroyga qatnaydigan Toshkentning Nukus ko‘chasidagi turar joy va tashkilotlar binolarining qoraytirilgan oynalari, konditsioner va sun‘iy yo‘ldosh antennalari oldirib tashlanyapti. Mahalliy hokimiyat bu talabni bajarmagan uy egalarini katta miqdordagi jarima bilan jazolash bilan tahdid qilmoqda.

Toshkent shahar Mirobod tumani hokimligi qarori bilan prezident Islom Karimov ishga qatnaydigan Nukus ko‘chasining ikki tomonida joylashgan barcha binolarning tashqi ko‘rinishi qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Hokimiyatning bu topshirig‘ini bajarishga tumandagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari mas‘ul qilib qo‘yilgan.​

Uy-joy mulkdorlari shirkatlari aholidan deraza romlarini oq rangga bo‘yashni, qoraytirilgan deraza oynalarini almashtirishni, sun‘iy yo‘ldosh antennalari, konditsionerlarni va deraza soyabonlarini uy fasadidan olib tashlashni talab qilmoqda.

Uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan aholiga tarqatilgan ogohlantiruv xatida aytilishicha, agar odamlar bu talablarni bajarmasa qonun bo‘yicha ma‘muriy javobgarlikka tortiladi.

Uy-joy mulkdorlari shirkatining aholiga ogohlantiruv xati

Uy-joy mulkdorlari shirkatining aholiga ogohlantiruv xati

Nukus ko‘chasidagi uylarning birida istiqomat qiladigan pensioner Yevgeniya Pavlovna hokimiyatning bu qaroridan hayron qolganini aytar ekan, yoz faslida konditsionersiz yashashni tasavvur qilolmasligini aytadi:

- Mayli deraza romlarini oqqa ham bo‘yaymiz, soyabonlarni ham olib tashlaymiz. Lekin bu yilgidek issiq 50 darajaga chiqsa, beton uylarda konditsionersiz nima qilamiz? Kimnidir uyidagi xonalar ikki tomonda bo‘lsa, konditsionerini narigi tomonga o‘tkazib qo‘yar, lekin boshqalarchi? Bir qaror chiqarishdan oldin salgina kallani ishlatishsa bo‘lmaydimi, dedi Yevgeniya Pavlovna.

Nukus ko‘chasida joylashgan “STROY MARKET LUX” tashkilotining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, bu qaror tufayli ular prezident yo‘lida joylashgan do‘konlarini ikki oyga yopishga majbur bo‘lgan:

- Bizga ham ko‘cha tomon derazalari romlarini oqqa bo‘yashni, qoraytirilgan derazalar va konditsionerlarni olib tashlashimizni aytishdi. Bu juda katta ish. Shuning uchun ikki oyga yopildik. Hozir dizaynerlarimiz konditsionerlarni binoning ichiga o‘rnatish haqida bosh qotirishmoqda, dedi mulozim.

Mirobod tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Nukus ko‘chasidagi uylarning rekonstruksiya qilinishi prezident xavfsizligi va obodonlashtirish uchun qaratilganini aytdi:

“Eng avvalo yurtboshimizning xavfsizligi uchun. Qoraytirilgan oynaning ortida kim turganini bilmaysizku. Ikkinchidan esa, prezidentimiz shu ko‘chadan doim o‘tadilar, uylar chiroyli bo‘lsa, har qanaqa narsalar binolarning tashqi ko‘rinishini buzib turmagan bo‘lsa, yaxshida. Bu obodonlashtirish deyiladi”, dedi hokimlik mulozimi.

Toshkentda prezident o‘tadigan yo‘l atrofida xavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha bundan oldin ham bir qancha chora-tadbirlar qo‘llanilgan.

Iyulь oyining oxirida prezident o‘tadigan Buyuk Ipak yo‘li metrosi atrofidagi do‘kon va bekatlar hamda uylarning prezident trassasiga qaragan balkonlari buzilishi kutilmaganda boshlangan edi.

Bu voqeadan uch-to‘rt kun o‘tib prezident trassasining bir qismidan o‘tadigan 13-tramvay yo‘li ham bir kunning o‘zida buzib tashlandi.

XS
SM
MD
LG