Линклар

Toshkentning "Bek Baraka" bozorida yong‘in chiqdi​


Yong‘in “Bek Baraka” bozori darvozalaridan biri yonida joylashgan “Real Kar Servis” nomli oshxonada chiqqan.

Yong‘in “Bek Baraka” bozori darvozalaridan biri yonida joylashgan “Real Kar Servis” nomli oshxonada chiqqan.

Toshkentning “Bek Baraka” bozorida 21 avgust kuni yong‘in chiqdi. Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yong‘in bozor hududidagi oshxonada tonggi soat oltilar atrofida sodir bo‘lgan. Hodisada talafot bo‘lmagani aytilmoqda. Yong‘in maydoni 50 kvadrat metrni tashkil etgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 15 daqiqa ichida bartaraf qilgan. Hafta boshida O‘zbekiston poytaxtida “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida ham yirik yong‘in sodir bo‘lgan edi.

Toshkentning eng yirik bozorlaridan biri “Bek Baraka” bozorida yong‘in 21 avgust kuni tonggi soat oltilar atrofida boshlandi.

Bozor Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida joylashgani bois yong‘inni bartaraf qilish uchun tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi o‘t o‘chiruvchilari yuborildi.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yong‘in “Bek Baraka” bozori darvozalaridan biri yonida joylashgan “Real Kar Servis” oshxonasida chiqqan.

“Oshxonada gaz plitasida yog‘ qizitishayotgan bo‘lgan. Qozonni qarovsiz qoldirishgan va yog‘ qizib ketib, yongan. Yong‘in natijasida talafotlar yoki jarohatlanganlar yo‘q. Faqat oshxonaninig o‘ziga ziyon yetgan”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

“Bek Baraka” bozori Zangiota tumanining poytaxtga tutash qismida, Toshkent shahrining “Abu Saxiy”, “Chinni Bozor” savdo majmualari bilan bir hududda joylashgan.

Ozodlik manbasi yong‘in tez orada o‘chirilgani tufayli olovning boshqa hududlarga o‘tib ketishi oldi olingan.

“Bozorga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar soat 6.27da yong‘in chiqqan binoni o‘rab olishdi. Soat 6.37da yong‘in bartaraf qilindi. O‘t o‘chiruvchilar yetib borguniga qadar odamlarning o‘zlari binoni tark etgani uchun talafot bo‘lmagan. Yong‘in natijasida oshxona joylashgan binoning taxminan 50 kvadrat metr maydoni yongan”, deydi Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi vakili.

Ozodlik mushtariylari jo‘natgan foto

Ozodlik mushtariylari jo‘natgan foto

Bu O‘zbekiston poytaxtida joriy haftada savdo majmualarida chiqqan ikkinchi yong‘indir. 18 avgust kuni Toshkentning Shayxontohur tumanida joylashgan “O‘zko‘rgazmasavdo” majmuasi hududida oziq-ovqat bozori yirik yong‘in natijasida yonib kul bo‘ldi.

Bundan roppa-rosa bir yil avval, “Bek Baraka” bozori oldida joylashgan “Chinni Bozor” ham yonib ketgan edi. O‘tgan yilgi yong‘inda “Chinni Bozor”ning katta qismi yonib kul bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG