Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:31

“Islomiy davlat” televizor ko‘rishni man qildi​


"Islomiy davlat" aholi o‘rtasida o‘ziga qarshi xabarlar tarqalishining oldini olish maqsadida televizor ko‘rishni taqiqlamoqda.
"Islomiy davlat" aholi o‘rtasida o‘ziga qarshi xabarlar tarqalishining oldini olish maqsadida televizor ko‘rishni taqiqlamoqda.

Mazkur haftada suriyalik faollar va guvohlar Ozodlik radiosiga bergan suhbatlarida “Islomiy davlat” jangarilari guruhni qoralovchi xabarlarni efirga uzatuvchi “xavfli” xorijiy kanallarni aholi ko‘ra olmasligi uchun yo‘ldoshli antennalarni va televizorni buzib tashlayotganini aytishdi.

Televizorni faqat juma kuni Qur‘on tilovat qilinganda ko‘rish mumkin

Oy boshida jangarilar televizor tomsha qilishga qarshi chora ko‘rish bo‘yicha farmon chiqargan edi. Faollarning aytishicha, farmon jangari guruh boshqaruvidagi masjidlarda, jumladan, jangarilarning de-fakto poytaxti hisoblanmish Raqqa shahridagi masjidlarda 7 avgust kuni e‘lon qilingan.

Raqqalik Muhammad al-Ali Ozodlik radiosi bilan suhbatda ushbu farmon shu oyning boshida al Favvoz masjidida o‘qilgan juma namozi paytida e‘lon qilinganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

Ushbu maqolada nomi tilga olingan barcha shaxslarning ismi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zgartirildi.

Ali WhatsApp orqali yuborgan xabarida “Al Favvoz masjidi imomi DAIShni tarafdori o‘laroq ma‘lum”, deb yozdi. “DAISh” – “Islomiy davlat”ning eski nomi – IShIDning arabcha qisqartmasi bo‘lib, jangarilar bu so‘zni haqorat o‘laroq qabul qiladilar.

“Imom juma namoziga kelganlarga “Al-Jazira”, “Al-Arabiya” hamda boshqa kanallar xato, asossiz va yolg‘on yangilik tarqatishini, shu sabab televizor ko‘rish taqiqlanishini aytdi”, deyiladi WhatsApp orqali yuborilgan xabarda.

Alining aytishicha, oddiy aholiga faqat juma kuni televizor ko‘rishga ruxsat beriladi. Ammo faqat Qur‘onni qiroat qilishga bag‘ishlangan dasturlarni tomosha qilish mumkin xolos.

Jangarilar uylarga bostirib kirib, televizorlarni buzmoqda

Mahalliy faollarning aytishicha, “Islomiy davlat” jangarilari farmonni tatbiq qilish uchun Suriyaning Hasaka viloyatida joylashgan Al Shaddoda shahrida odamlar uyiga kirib, televizor moslamalarini buza boshlagan.

Al shaddodalik bir guvoh Ozodlik bilan suhbatda: “Ular yo‘ldoshli antennalarni hamda priyemniklarni buzish uchun uylarga bostirib kirmoqda”, dedi. Shaharning boshqa turg‘unlari ham buni tasdiqladi.

Jangari guruh o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun bosib olgan yerlaridagi aholini tashqi dunyodan yiroqlashtirib, muntazam ravishda ularga guruhni qo‘llovchi targ‘ibotni ko‘rsatib keladi. Televizor ko‘rishning man etilishi ham aynan shu maqsadni ko‘zlaydi.

"Islomiy davlat"ning propaganda maydoni

O‘tgan yilda shimoliy Suriya va Iroqda keng hududlarni bosib olgan va xalifalik e‘lon qilgan jangari guruh Raqqaning asosiy maydonlariga ulkan ekranlarni o‘rnatgan bo‘lib, ular orqali o‘zining propaganda videolarini ko‘rsatib turadi.

Raqqa turg‘uni Abu Nosir Ozodlik bilan WhatsApp orqali suhbat qilib: “Ular boshida Al Rashid bog‘i hamda Dalla, Saah, hamda Naim maydonlarida to‘rt ekran o‘rnatishdi”, deb yozdi.

Abu Nosirning aytishicha, jangarilar yana ikki yirik mashinadan ekran sifatida foydalanib targ‘ibot qilishadi.

“Eng xavflisi, tomoshabinlarning asosiy qismini bolalar tashkil qiladi”, deydi Abu Nosir.

“Islomiy davlat” jangarilari oxirgi bir yil davomida bir necha marta vahshiyliklarga qo‘l urdi, inson huquqlarini poymol qildi. Jangarilar egallab olingan yerlardagi aholi ekstremistik guruhni qoralovchi yoki unga salbiy ta‘rif beruvchi xorijiy dasturlarni ko‘rishini istamaydi. Shu sabab ular televizor ko‘rishni man qilishdi.

"Islomiy davlat" internetni ham taqiqlagan

“Raqqani ovoz chiqarmay qirishmoqda” kampaniyasi asoschisi Hamud al-Musa: “DAISh televideniyeni guruhga tahdid soluvchi xavf o‘laroq ko‘radi”, deydi.

Musaning aytishicha, “Islomiy davlat” oddiy aholi ko‘ngilochar dasturlarni uyda emas, balki maxsus “media nuqtalarida”, ya‘ni, jangarilar targ‘ibot videolarini ko‘rsatadigan budkalarda ko‘rishini istaydi.

Musa jonini saqlab qolish uchun Suriyadan Turkiyaga qochib o‘tgan. Ozodlik bilan suhbatda faol “media nuqtalarida” “DAISh qanday qilib kishilarni, ayollarni va bolalarni o‘ldirayotgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin. Olish mumkin bo‘lgan yagona “yangilik” shundan iborat”, dedi.

Musaning aytishicha, jangarilar bolalar uchun mo‘ljallangan TV dasturlarni ayniqsa yomon ko‘radi.

“Bolalar ucun dasturlar DAISh uchun xavfli, chunki ular odatda bolalardan o‘z maqsadlarida foydalanishadi. Shuning uchun bolalar faqat jangarilarga quloq solishi kerak”.

Musaning faoliyati sabab uning otasini jangarilar 77 kun asir saqlab, qiynoqlarga duchor qilib, iyun oyi o‘rtasida boshini tanasidan judo qilishdi. Faolning aytishicha, “Islomiy davlat” boshqaruvidagi Raqqa Afg‘onistonda toliblar hukmronlik qilgan davrni eslatadi. Toliblar o‘shanda kinoteatrlarni yopib, televizor ko‘rishni man qilgan edi.

“Islomiy Davlat” oddiy aholi tashqi dunyo bilan aloqa qila olmasligi uchun boshqa choralarni ham ko‘rib kelmoqda. Iyul oyida ekstremistik guruh raqqaliklarga uyda Internetdan foydalanishni man qildi. Faqatgina guruh boshqaruvidagi kafelarda Wi-Fi ulanishdan foydalanishga ruxsat berildi.

Jangarilar yana ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ham cheklovlar qo‘yib keladi.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi muxbiri Joanna Parasyuk qalamiga mansub ushbu maqolani ingliz tilidan Nodir Atayev tarjima qildi.

XS
SM
MD
LG