Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:58

Namanganga borgan Islom Karimov viloyat hokimini ishdan oldi


Namangan viloyati hokimi Bahodir Yusupov 26 noyabr kuni viloyat Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishdan olindi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, yig‘ilishda nutq so‘zlagan prezident Islom Karimov Mingbuloq tuman hokimi Xayrullo Bozorboevni Namangan viloyatining yangi hokimi etib tayinladi.

Namangan viloyatiga olti yil hokimlik qilgan Bahodir Yusupovning prezident Islom Karimov ishtirok etgan yig‘ilishda ishdan olingani haqida xabar bergan Ozodlikning Namangandagi manbalariga ko‘ra,
Yusupovning qaysi asosda ishdan bo‘shatilganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokir 26 noyabrdan sobiq hokimga aylangan Bahodir Yusupov ustidan shikoyatlarning keyingi paytlarda ko‘payib ketganiga e’tibor qaratadi:

- So‘nggi paytlarda Bahodir Yusupov haqida xalq orasida juda ko‘p salbiy fikrlar paydo bo‘lgan edi. Gaz, elektr va umuman kommunal xizmatdan noroziliklar juda ko‘paygan edi. Keyin, hokimning fermerlarni yig‘ib olib, otasi qolmay, onasi qolmay so‘kishlari, mana shu narsalar ko‘payib xalqning orasida norozilik kuchayib ketayotgan edi. Odamlar prezident kelib hokimni ishdan olishini orziqib kutgan edi. Endi prezidentning yig‘ilishda nima degani bizda darrov e’lon qilinmaydi. Kechqurungi axborotni kutib o‘tiribmiz, deydi Nosir Zokir.

Namangan viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Bahodir Yusupovning ishdan olinganini tasdiqladi.

​Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Namangan viloyati Xalq deputatlari kengashi prezident Islom Karimov taklifi bilan Mingbuloq tumani hokimi bo‘lib ishlagan Xayrullo Bozorovni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib sayladi.

Chust tumani hokimi bo‘lib ishlagan Bahodir Yusupov 2009 yilda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi va bir yildan so‘ng hokim etib tayinlangan edi.

Ozodlik kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda viloyat sobiq hokimi fermerlarga nisbatan “Oybolta” tadbirini kuchaytirgan va o‘nlab qarzdor fermerlar mol-mulki musodara qilingan edi.

Sobiq hokimning viloyatda so‘kong‘ichligi va mushtumzo‘rligi bilan nom chiqargani aytiladi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, u fermer va boshqa rahbar shaxslarni qattiq so‘kish va kaltaklash bilan tanilgan.

Jumladan, Ozodlik bundan ikki yil oldin sobiq hokim Bahodir Yusupov Namangan shahar gaz idorasi boshlig‘ini hammani oldida kaltaklagan edi.

Hokim o‘rinbosari O‘ktam Ergashev esa 2013 yilning 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘nga yaqin fermerni kaltaklagani xabar qilingan edi.

Prezidentning Namanganga kelishiga¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ vodiy hududida uch kundan buyon katta tayyorgarlik ko‘rilgan¸ odatdagiday shaharda obodonlashtirish ishlari kuchaytirilgan.

26 noyabr kuni ertalabdan viloyat hokimligiga eltuvchi katta yo‘lda transport harakati to‘xtatilgan.

XS
SM
MD
LG