Линклар

logo-print

O‘zbekistonda biznes qilish uchun bu mamlakat prezidentining qizi Gulnoroa Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan TeliaSonera va VimpelCom shirkatlari AQSh hukumatiga jami 2,5 milliard dollar jarima to‘lashi mumkin. AQSh rasmiylari Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati ustidan olib borayotgan tergov ko‘lamini kengaytirib, uning Evroosiyodagi boshqa mamlakatlardagi faoliyatini ham taftish qila boshlashi mumkinligi aytilmoqda. Ayni paytda, rossiyalik milliarder Mixail Fridmanga tegishli VimpelCom AQSh Adliya departamenti va Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi bilan rekord miqdordagi 775 million dollar tovon puli to‘lash bo‘yicha muzokara qilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

AQSh Adliya vazirligi Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati ustidan olib borayotgan tergov ko‘lamini kengaytirishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida Shvetsiyada chiqadigan Svenska Dagbladet gazetasi o‘z manbalariga tayanib, xabar qildi.

O‘zbekiston telekom bozoriga kirish evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga kamida 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda gumonlanayotgan TeliaSonera, mazkur tergov natijasida rekord miqdordagi 1,7 milliard AQSh dollariga teng jarimaga tortilishi mumkinligini bildirgan Svenska Dagbladet manbasi.

AQSh tergovchilari katta qismi Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera Evroosiyoning boshqa mamlaktlaridagi biznes faoliyatiga ham qiziqish ko‘rsatayotgani aytilmoqda.

O‘zbekistondan tashqari, shved shirkati Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon va Gruziyada faoliyat yuritadi.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda biznes qiluvchi TeliaSonera, VimpelCom va MTS telekom shirkatlaridan yillar davomida jami 1 milliard AQSh dollaridan oshiq pora olganiga ishora qiluvchi hujjatlar jrunalistik surishtiruvlar natijasida fosh qilindi.

Ozodlik ishtirok etgan surishtiruvlar ortidan AQSh, Shvetsiya, Shveytsariya, Hollandiya kabi mamlakatlar bu ayblovlar xususida tergov boshladi.

Payshanba kuni Gulnora Karimovaga pora bergani gumon etilayotgan uch shirkatdan yana biri – VimpelCom AQSh hukumatiga 775 million dollar miqdorida tovon to‘lash byo‘icha muzokara qilayotgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi. AQShning Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib, rossiyalik milliarder Mixail Fridman va Norvegiyaning Telenor Group shirkatiga qarashli VimpelCom bilan AQSh Adliya departamenti va Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi o‘rtasida kelishuvga erishilgani to‘g‘risida yanvarь oyida e’lon etilishi mumkinligini yozmoqda.

Gulnora Karimovaga nisbat berilgan korruptsion sxemalarni fosh qilishda ishtirok etgan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) muharriri Miranda Patruchich VimpelCom AQShga tovon to‘lashga tayyorligi bu shirkatlarning poraxo‘rlikka qo‘l urganlarini yana bir bor tasdiqlaydi, deydi.

- AQShga pul to‘lashga rozi bo‘layotgani bu shirkatining pora berganiga iqror bo‘layotgani bilan barobardir. Vimpelcom Gulnoraga bergan porasidan bir necha barobar ko‘proq jarima to‘lash orqali AQShda ochiq suddan qutulib qoladi. Shuning uchun bu kabi holatlarda shirkatlar AQSh hukumati bilan kelishib olishga harakat qilishadi. Lekin birin-ketin paydo bo‘lgan bu xabarlar yirik shirkatlarga bu kabi qing‘ir ishlarni fosh qilish mumkinligi to‘g‘risida mujda yuboradi,- deydi jurnalist.

Miranda Patruchich mazkur shirkatlarning O‘zbekistonda korruptsiyaga qo‘l urgani xususidagi tergovlar qariyb uch yildan beri davom etayotganiga qaramasdan, aynan AQSh tergov idoralari bu jarayonga jiddiy aralashishi amaliy natija berganiga e’tibor qaratadi.

Shu oy boshrog‘ida VimpelCom AQSh va Hollandiyada davom etayotgan tergovlar bilan bog‘liq ehtimoliy jarimalar uchun 900 million AQSh dollari ajratganini ma’lum qildi.

TeliaSonera sentyabrь oyi oxirida O‘zbekiston bozorini tark etish rejalarini e’lon qildi. Oradan bir hafta o‘tib, VimpelCom ham O‘zbekiston bilan bog‘liq aktivlarini sotuvga qo‘yishini bildirdi.

Undan avvalroq AQSh rasmiylari Evropaning qator mamlakatlariga murojaat qilib, O‘zbekiston prezidentining qiziga pora sifatida berilgani gumon etilayotgan va bu mamlakatlar banklarida saqlanayotgan aktivlarni muzlatishni so‘radi.

Hozirda mazkur tergov doirasida Gulnora Karimovaga aloqador ekani aytiladigan jami 1 milliard dollarga teng pul va mulklar hibsga olingan.

Xususan, Shveytsariya banklaridagi 640 million AQSh dollaridan tashqari Jeneva ko‘li sohilida joylashgan Gulnora Karimovaga tegishli villani ham muhrlab qo‘yilgan.

Uch yildan beri davom etayotgan surishtiruvlar natijasida TeliaSonera va VimpelCom shirkatlarining qator rahbarlari ishdan chetlatildi.

XS
SM
MD
LG