Линклар

Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji o‘quvchilari shahardagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Abdurahmon Ismoilovni "guruh bo‘lib kaltaklab o‘ldirganlikda" ayblanib hibsga olindi.
Ushbu voqea ortidan kollej direktori ishdan olinib, ayblanayotganlar o‘qiydigan ikki guruh rahbarlariga hayfsan berildi. Hozirda tergov jarayoni davom etmoqda.

17 yashar Abdurahmon Ismoilovning o‘limiga sabab bo‘lgan mushtlashuvdan so‘ng Navoiy viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim boshqarmasi Arxitektura va qurilish kolleji direktori Oybek Abdievni vazifasidan bo‘shatish haqida qaror chiqardi.

Boshqarmadan olingan ma’lumotga ko‘ra, mushtlashuvda ishtirok etgan o‘quvchilarning guruh rahbarlariga esa hayfsan berilgan.

Arxitektura va qurilish kollejining besh o‘quvchisi joriy yil 30 oktyabr kuni darslarga kirmasdan Navoiyning Sadriddin Ayniy ko‘chasida joylashgan Tibbiyot kollejiga borib, janjal chiqargan.

Ushbu voqea tafsilotlaridan xabardor Navoiydagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘sha kuni besh bola bilan Tibbiyot kollejining bir o‘quvchisi o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan:

“Voqea katta tanaffus payti sodir bo‘lgan. Sal avvalroq Arxitektura kollejining bir o‘quvchisi bilan Abdurahmon Ismoilov o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Shundan so‘ng Arxitektura kolleji o‘quvchisi do‘stlarini yig‘ib, razbor qilishga kelgan. Tanaffus payti Abdurahmonni chetga chaqirib, ikki o‘rtada mushtlashuv kelib chiqqan. Bir odamga qarshi besh kishi mushtlashishgan. Abdurahmon erga yiqilgach, uni rosa tepkilashgan. Keyin uni jonsiz yotganini ko‘rgach, qochib ketishgan”, dedi tafsilotlardan xabardor manba.

Voqeadan xabar topgan kollej rahbariyati zudlik bilan Abdurahmonni shifoxonaga etkazgan.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Abdurahmon bir hafta davomida koma holatida bo‘lgan va shu vaqt ichida uni ikki marta operatsiya qilishgan:

“Abdurahmon miyasida qon quyilishi bo‘lgan. Ikki marta miyasini ochishgan. Lekin bola komadan chiqmagan. Janjal payti u erga yiqilganida boshiga juda yomon tepishgan ekan”, dedi tafsilotlarni o‘rgangan Ozodlik manbasi.

Navoiy tibbiyot kolleji “Davolash ishi” bo‘limining ikkinchi kurs o‘quvchisi bo‘lgan 17 yashar Abdurahmon Ismoilovga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natija bermagan va 7 noyabr kuni uning joni uzilgan.

Navoiy viloyat huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, mushtlashuv payti pichoq yoki tosh kabi biror qattiq predmet ishlatilmagan. Hozirda ushbu mushtlashuv tashkilotchilari bo‘lgan Arxitektura va qurilish kollejining ikki o‘quvchisi hibsga olingan.

Ozodlikka ushbu o‘quvchilarning ismi-shariflari ma’lum, biroq tergov jarayoni nihoyasiga etmagani bois ular shaxsi ochiqlanmayapti.

Hozirda prokuratura xodimlari mazkur voqea bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.

Talaba va o‘quvchilar orasida ommaviy mushtlashish holatlari kam bo‘lsada, uchrab turadi.

Joriy yil 23 sentyabr kuni Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ommaviy mushtlashuvda bir kishi jarohatlangan edi.

Bo‘lajak diplomatlar o‘rtasidagi ushbu janjal o‘quvchilarning bir-biriga laqab qo‘ygani sabab kelib chiqqan va janjalda 2- hamda 3- kurs o‘quvchilari ishtirok etgan. Janjalni boshlagan o‘quvchi litsey yotoqhonasidan haydalgan.

19 sentyabr kuni esa Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida paxta terayotgan oliygohlardan birining talabalari o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG