Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:02

Matbuot sharhi: Toshkentda “DIVO” sektasi fosh qilindi


Pasport stoli rasmiysi: biometrik pasport olish muddati uzaytirilmaydi. Bitta qo‘shiqchining reytingini ushlab turish uchun yiliga 100 ming dollargacha sarflanadi. Farg‘onada uy olish uchun chaqalog‘ini pullayotgan ayol ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“DIVO” diniy sektasining barcha a’zolari ayollar

O‘zbekiston poytaxtida 3 yil davomida yashirin faoliyat yuritib kelgan “DIVO Tashkent 141” (Dom Iznachalno Vishestoyashego Ottsa) diniy sektasi faoliyati fosh qilindi (“Huquq”, 26 noyabr). Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevga ko‘ra, Rossiyadagi rahnamolar tomonidan boshqarib turilgan sektaning barcha a’zolari xotin-qizlardir. Sirtdan “DIVO” tashkiloti tamomila yangi dinni targ‘ib etsa-da, asosiy maqsad boylik orttirish bo‘lgan. Sekta vakillari Toshkentda seminarlar tashkil qilib, har bir tinglovchidan 216 ming so‘mgacha badal olingan. O‘tgan bir necha yil davomida sektaning Rossiyadagi rahbarlariga 177 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘ yuborilgan. Qayd etilishicha, fuqarolar o‘rtasida diniy nizo keltirib chiqaruvchi g‘oyalarni tarqatgan sekta a’zolarining har biri 71 million so‘mdan oshiqroq jarimaga tortilgan.

Pasport stoli rasmiysi biometrik pasport olish muddati uzaytirilishi haqidagi xabarlarni rad etdi

O‘zbekistonda yangi biometrik pasport olish muddati 2015 yil 31 dekabrdan 2017 yilga qadar uzaytirilishi haqidagi mishmishlar asossiz (“Darakchi”, 26 noyabr). Bu haqda Toshkent shahar IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi markaz boshlig‘i Sanjar Qosimov ma’lum qilgan. Mayor S. Qosimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining pasporti joriy yil 31 dekabrga qadar haqiqiy hisoblanadi va ushbu muddatga qadar fuqarolar yangi biometrik pasport olishi lozim. Ushbu muddatning uzaytirilishi haqida esa hozirga qadar hech qanday rasmiy hujjat qabul qilinmagan.

Endi gazda yuradigan mashinalarga maxsus belgi qo‘yilishi kerak

Vazirlar Mahkamasining 1 noyabrdagi qarori bilan siqilgan, suyultirilgan gaz yoki dizelda yuradigan mashinalarning texnik xavfsizligi qoidalariga o‘zgartirish kiritildi (“Adolat ko‘zgusi”, 26 noyabr). Ushbu qarorga ko‘ra, gaz uskunalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari kuchaytirilgan. Qolaversa, endilikda gazda harakatlanadigan mashinalarga buni bildiruvchi maxsus belgi qo‘yish lozim bo‘ladi.

Juma namozi payti o‘g‘irlik qilayotgan uch yigit qo‘lga olindi

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi masjidlardan birida juma namozi payti o‘g‘irlik qilayotgan guruh qo‘lga olindi (“Huquq olamida”, 26 noyabr). Aka-uka va ularning tanishi – uch kishidan iborat jinoiy guruh juma kunlari namozga keluvchilar mashinalarini tashqarida qarovsiz qoldirishidan foydalanmoqchi bo‘lgan. Ammo “Damas” rusumli mashina eshigini ochishga urinayotgan paytda ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan. “Uchovlon endilikda mazkur qilmishlari uchun javob beradigan bo‘ldi”, deydi Yunusobod tumani IIB vakili Elmurod Alimov.

O‘zbekistonda bitta qo‘shiqchining reytingini ushlab turish uchun yiliga 100 ming dollargacha sarflanadi

O‘zbekistonda bitta san’atkorning reytingini ushlab turish uchun bir yilda 100 ming dollargacha mablag‘ talab etiladi. “Darakchi” nashri surishtiruvlariga ko‘ra, bitta qo‘shiqni yaratish va bir oy davomida radio hamda telekanallarda aylantirish uchun kamida 8000 dollar sarflanadi. Qayd etilishicha, xonanda she’r uchun 50 dollar, musiqa va aranjirovka uchun 300 dollar, klip uchun 2000 dollar, radioda bir oy davomida qo‘shiqni aylantirish uchun 500 dollar, telekanalda efirga uzatish uchun 5000 dollar xarajat qiladi. Shou biznes nashri ushbu hisob minimal narxlar asosida amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Farg‘onada uy olish uchun chaqalog‘ini pullayotgan ayol ushlandi

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida chaqalog‘ini 18 million so‘mga sotayotgan ayol qo‘lga olindi. “Huquq” gazetasi xabariga qaraganda, eri bilan ajrashib, chaqalog‘i bilan qolgan ayol “dardisar”dan qutulish payiga tushgan. Bolasini sotib, uy olishni maqsad qilgan ayol tanishi orqali xaridor topgan. Tomonlar 18 million so‘mga kelishgan. Ammo o‘z tuqqan bolasini bozorga solayotgan onadan nafratlangan xaridor ayol chaqaloq olish niyatidan qaytib, bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Sud odam savdosiga qo‘l urgan ayolni onalik huquqidan mahrum etgan.

4 yil aliment to‘lamagan ota ozodlikdan mahrum etildi

Namangan viloyati Uychi tumanida yashab kelgan fuqaro farzandlari uchun aliment to‘lamagani sababli 4 oyga ozodlikdan mahrum etildi (“Diyonat”, 26 noyabr). Ismi oshkor etilmagan fuqaro 2012 yildan joriy yil sentyabrgacha qadar alimentdan 11,6 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgan va ushbu summani to‘lay olmasligini ochiq ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, salkam to‘rt yil davomida yaxshi gaplar bilan ogohlantirilgan fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG