Линклар

O‘zbekistonlik huquq himoyachisi, 16 noyabr kuni hibsga olingan O‘ktam Pardaev taqdiri hamkasblari xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi 27 noyabr kuni Pardaevni ozod etish chaqirig‘i bilan O‘zbekiston hukumatiga murojaat qildi. Tamagirlik va poraxo‘rlik ayblovlari bilan 37 yoshli O‘ktam Pardaev qiynoqqa solinishi mumkin, demoqda huquq faollari.

O‘zbekistonlik huquq himoyachisi, 16 noyabr kuni hibsga olingan O‘ktam Pardaev taqdiri hamkasblari xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi 27 noyabr kuni Pardaevni ozod etish chaqirig‘i bilan O‘zbekiston hukumatiga murojaat qildi. Tamagirlik va poraxo‘rlik ayblovlari bilan 37 yoshli O‘ktam Pardaev qiynoqqa solinishi mumkin, demoqda huquq faollari.

“O‘zbekiston rasmiylari 2015 yilning 16 oktbyar kuni hibsga olingan huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevni darhol ozod etishi va unga nisbatan jinoyat ishini to‘xtatishi kerak”, deyiladi juma kuni Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi nomidan e’lon qilingan bayonotda.

Jizzaxlik 37 yoshli huquq faoli 16 noyabr kuni tamagirlik va poraxo‘rlik ayblovlari bilan hibsga olingan edi. Uning hamkasblari bu ayblovlarni Pardaevning huquq himoyachisi vazifasidagi faoliyati bilan bog‘liq uydirma, deya atamoqda.

27 noyabr kungi murojaat mualliflaridan biri Hyuman Rayts Uotch xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston hukumatiga o‘zbek tilida murojaat qilib, hamkasbining ozod etilishini so‘radi.

- O‘ktam Pardaev juda taniqli inson huquqlari himoyachisi, Jizzaxdan. O‘ktam Pardaev bilan ko‘p yillardan beri ishlab kelamiz. O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyati juda mushkul. Biz O‘ktam Pardaevning ishini juda yuqori baholaymiz. Men O‘zbekiston hukumatini O‘ktam Pardaevni ozod etishga chaqiraman,- deydi Stiv Sverdlov.

HRU vakili Pardaevga qo‘yilayotgan ayblovlar O‘zbekiston rasmiylari faollarga nisbatan ilgari suradigan odatiy ayblovlardan farq qilmasligi bu ish boshdanoq soxtalashtirilganini ko‘rsatishi va faolning taqdiri borasida xavotirlarga asos bo‘lishini aytadi.

- O‘ktam Paradaevni hibsga olishgandan keyin uni bir necha kun davomida tashqi dunyo bilan aloqadan uzib qo‘yishdi. Ya’ni O‘zbekiston protsessual kodeksida belgilangan fundamental huquqlari buzildi. Uning o‘z oila a’zolari bilan gaplashishi, advokati bilan uchrashishiga ruxsat berilmadi. Bu juda qo‘pol qonunbuzarlikdir. Bu O‘zbekiston hukumati mazkur ishni qanday olib borayotganini ko‘rsatadi. Shu sababdan biz nafaqat O‘ktam Pardaevning uzoq vaqt davomida huquq himoyasi bilan shug‘ullangani bois unga nisbatan qo‘yilyotgan uydirma ayblovlar, balki uning taqdiri, xususan, uning qiynoqqa solinishi mumkinligidan xavotirdamiz,- deydi Sverdlov.

Uning yana aytishicha, Pardaev hibsga olinishidan avval va keyin uning o‘zi va yaqinlariga nisbatan ta’qib-tazyiqlar kuchaygani ham O‘zbekiston hukumati odatda “bu kabi soxta ishlarda” qo‘llaydigan usullarni ishga solayotganini ko‘rsatadi.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti vakili Pardaevning qamoqqa olinishi uning uzoq yillar davomida olib borgan faoliyati bilan bog‘liqligiga shubha qilmasligini aytar ekan, uning bu yilgi paxta mavsumida O‘zbekistonda majburiy mehnat muammosini faol yoritgani hokimiyat vakillarini, ayniqsa g‘azablantirgan ko‘rinadi, deya davom etadi.

- U ko‘p yillardan beri korruptsiyaga qarshi ochiq gapirib keldi. U Jizzax shahri yoki viloyati ko‘lamidagi hokimiyat tizimidagi korruptsiya haqida qo‘rqmasdan gapirib kelgan faollardan biridir. U oddiy odamlarga turli muammolarni hal etishda yordamini ayamagan. Ularni sudda himoya qilgan. 37 yoshli O‘ktam Pardaev O‘zbekistondagi eng yosh inson huquqlari himoyachisi hamdir. So‘nggi oylarda u kattalarning, ba’zan hatto bolalarning paxta terishga majburlarngani bilan bog‘liq holatlarni aniqlab, hujjatlantirish bilan shug‘ullandi. U Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki vakillari va boshqa diplomatlar bilan uchrashdi. O‘zbekistonda hukumat hamon majburiy mehnatdan foydalanishini har qanday erkin fuqaro ochiq ayta olishi kerak. Aftidan hokimiyat vakillarini O‘ktam Pardaevning ana shu faoliyati qattiq g‘azablantirgan,- deydi Stiv Sverdlov.

O‘zbekistonda ko‘plab huquq faoli, jurnalist va muxolifatchilar qamoqqa tashlangan.

Ular orasida Muhammad Bekjon, Yusuf Ro‘zimurodov, Samandar Qo‘qonov, Solijon Abdurahmonov, A’zam Farmonov, Dilmurod Saidov, A’zam Turg‘unov kabi jurnalist va huquq himoyachilari shular jumlasidandir.

Aksariyatining salomatligi og‘irlashganiga qaramay, bunday mahbuslarning ko‘pchiligiga jazo muddati tugashi arafasida uydirma ayblar bilan yangi muddat qo‘shib berilishi odatiy holga aylangan.

Bundan tashqari O‘zbekiston qamoqxonalarida mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanishi va boshqa noinsoniy munosabat ko‘rsatilishi inson huquqlari tashkilotlari tomonidan yillardan beri qoralab kelinadi.

XS
SM
MD
LG