Линклар

2004 yilda Turkmanistonning Chorjo‘y viloyatiga kelin bo‘lib tushgan Yorqinoy Ozodlik bilan suhbatda ikki yil avval Buxorodagi qarindoshlarini ko‘rgani kelganicha O‘zbekistonda qolib ketgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara yopilgani bois Turkmanistondagi erini yoniga qaytolmay sarson bo‘layotganini aytadi.

2004 yilda Turkmanistonning Chorjo‘y viloyatiga kelin bo‘lib tushgan Yorqinoy Ozodlik bilan suhbatda ikki yil avval Buxorodagi qarindoshlarini ko‘rgani kelganicha O‘zbekistonda qolib ketgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara yopilgani bois Turkmanistondagi erini yoniga qaytolmay sarson bo‘layotganini aytadi.

O‘zbekistonning Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi 36 yoshli Yorqinoy chegaradagi to‘siqlar sabab Turkmanistonning Chorjo‘y viloyatidagi turmush o‘rtog‘i yoniga borolmayapti.

- Meni o‘zim o‘n yil oldin Turkmanistonga kelin bo‘lib tushganman. O‘zim O‘zbekiston fuqarosiman. Ohirgi marta ikki yil oldin O‘zbekistonga qarindoshlarimni ko‘rgani kelib, qolib ketdim. Hozir Turkmanistonga, erimni yoniga qaytay desam, chegarada viza so‘rashyapti. Elchixonaga borsak “otangga bor, onangga bor”, deb sarson qilishyapti, - deydi Yorqinoy.

Yorqinoyning onasi Sovet davrida Turkmanistonning Chorjo‘y viloyatidan O‘zbekistonning Buxoro viloyatiga kelin bo‘lib tushgan.

Hozir u ham Turkmanistondagi qarindoshlarini ziyorat qilolmayapti.

- Onam 2004 yildan buyon u tomonlarga o‘tolmayapti. Chegaralar yopiq. Onamning Turkmanistondagi otasi ham onasi ham olamdan o‘tgan, lekin onam bechora vizasi bo‘lmaganidan keyin ularni qabrini ziyorat qilishga borolmayapti, - deydi Yorqinoy.

Chegaraoldi hududlarida yashovchi o‘zbek va turkman fuqarolari 2004 yilda ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, vizasiz qo‘shni davlat hududiga uch kunga borib-kelish huquqiga ega edilar.

O‘zbekiston Davlat Chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra, chegaraoldi hududlarida yashovchi aholining uch kunga vizasiz o‘tib-qaytishiga oid kelishuv ijrosi ikki yil avval to‘xtatilgan.

O‘zbekiston Davlat Chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasining Buxoro bo‘limi rasmiylari ikki davlat o‘rtasidagi chegara postlarida kuchaytirilgan tartib saqlanib qolayotganini aytdi.

- Faqat viza bilan. Toshkentdagi Turkmaniston elchixonasiga borib viza olishingiz kerak. Shu viza asosida chegaradan o‘tkaziladi, - dedi Chegarani qo‘riqlash davlat qo‘mitasi rasmiysi.

Yorqinoy esa viza olish o‘ta mushkul masala ekanini aytadi.

- Shu vizani olish uchun Toshkentga etti marta borib keldik. U etishmaydi, bu etishmaydi. Taklifnomani legalizatsiya qilish kerak, deydi. Xullas, har bir hujjat uchun yuz dollar to‘ladik. Lekin, beribir ishimiz bitmadi. Sarson qilishdi. Biz uchun juda og‘ir masala bo‘lyapti bu, - deydi Yorqinoy.

O‘zbekistonning Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkmaniston bilan umumiy chegaraga ega. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1 ming 650 kilometrni tashkil etadi.

Turkmanistonga, asosan, to‘rtta chegara posti orqali o‘tiladi. Bular Xorazmning Drujba va Shovot postlari, Buxoroning Olot tumani Farob chegara posti hamda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli chegara postlaridir.

Ayni vaqtda Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlarida etnik o‘zbeklarning avlodlari yashab keladi. Ayni paytda Turkmanistonda qariyb yarim million etnik o‘zbek istiqomat qilishi va ular Turkmaniston jami aholisining 12 foizini tashkil etishi aytiladi.

Turkmanistonlik Umidning aytishicha, hozir ular O‘zbekistondagi qarindoshlarini ko‘rishga borishga qiynalishyapti.

O‘zbekistonning Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 150 mingdan ziyod etnik turkman yashaydi.

XS
SM
MD
LG