Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:19

Toshkentda ijaraga berilayotgan uylar ro‘yxatga olinmoqda


Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi mahalla qo‘mitalari va jamoat tashkilotlari xodimlaridan iborat guruhlar ko‘magida fuqarolarning pasport ma’lumotlarini qaytadan ro‘yxatga olmoqda. Asosiy e’tibor uyini ijaraga bergan va ijarada turganlarga qaratilgan. Shahardagi mahalla qo‘mitalari raislari ijara uylar ro‘yxatini noyabrь oxirigacha tayyorlash haqida ichki ishlar boshqarmasidan buyruq borligini aytmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi mahalla qo‘mitalari va jamoat tashkilotlari xodimlaridan iborat guruhlar ko‘magida fuqarolarning pasport ma’lumotlarini qaytadan ro‘yxatga olmoqda. Asosiy e’tibor uyini ijaraga bergan va ijarada turganlarga qaratilgan. Shahardagi mahalla qo‘mitalari raislari ijara uylar ro‘yxatini noyabrь oxirigacha tayyorlash haqida ichki ishlar boshqarmasidan buyruq borligini aytmoqda.

Ijara uylar va ijarachilar bazasi tuzilyapti

Toshkent shahridagi bir necha mahalla qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shahar hokimiyati va IIV shahar boshqarmasi tomonidan noyabrь oyi oxiriga qadar ijara uylar ro‘yxatini tuzish haqida topshiriq berilgan.

Poytaxtning Olmazor tumanidagi mahalla qo‘mitalaridan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, shaharda ijarada yashayotgan aholining pasport ma’lumotlari yig‘ilmoqda:

"Ijarada turgan va ijaraga odam qo‘yganlarning danniysi bitta bazaga yig‘ilyapti. Ijara uyning adresi, egasini pasport danniylari (ma’lumotlari-tahr.), ijarada turgan odamlarning pasportlarini kopiyalari - hammasi yig‘ilib, IIBga berilishi kerak, shu oy oxirigacha. Bizga perepisь, deyishgan", dedi Olmazor tumanidagi mahalla qo‘mitalaridan birining nomini oshkor qilmayotganimiz raisi.

IIB xodimlari mahalla qo‘mitasida o‘tiribdi

Ozodlik Yunusoboddagi mahalla qo‘mitalaridan biriga qo‘ng‘iroq qilganida savollarga ichki ishlar xodimi javob berdi.

U ham bu tumanda ijaraga berilgan xonadonlar va ularda yashayotganlar soniga oid ma’lumotlarni shu oy oxiriga qadar to‘plash haqida ko‘rsatma borligini tasdiqladi:

"Hozir maxsus komissiya tuzilgan. Men shahar IIBning Jinoyat qidiruv bo‘limidanman, lekin mahallada komissiyada o‘tiribmiz hozir. Hozir Toshkentda qancha odam yashayotgan bo‘lsa, hammasining pasport danniylarini to‘plab, odam sonini chiqarishimiz kerak. Ertaga oxirgi srok. Ne tolьko ijara uylar, hamma xonadonlardan pasport kopiyalari yig‘ilyapti hozir. Ijara uydagilarni propiskasi borlari ham, yo‘qlari ham registratsiya qilinyapti", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz ichki ishlar xodimi.

Bu xodim poytaxt ahli pasport ma’lumotlari yig‘ilish sababi rasman aholi sonini aniqlash, deb aytilayotgan bo‘lsada, buning ortida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadi turganini inkor qilmadi.

Poytaxtda pasport rejimi Yangi yilgacha davom etadi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla qo‘mitalaridan biri va militsiya tayanch punktidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahridagi pasport rejimi yil oxirigacha davom etishi haqida IIVdan ko‘rsatma bor.

Tumanning Yalang‘och massividagi mahalla qo‘mitalaridan birining xodimi tumanda yashovchi "har bir odamning pasportidan kopiya olinayotgani"ni aytdi.

"Hamma ijaraga qo‘yilgan uylarni vladeletslari shaxsan kelib, uyiga qo‘yilgan odamlarni turishiga roziman, javobgarligi bo‘ynimda, degan notarialьno zaverenniy (notariusdan tasdiqlangan, demoqchi-tahr.) hujjatni topshirib ketyapti. Ijarada turganlarning pasport kopiyalarini ham topshirishi kerak. Baza dannix (ma’lumotlar bazasi-tahr.) boshqadan tuzilayapti. Yangi yilgacha pasport rejimi bo‘ladi", dedi mahalla qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

IIB, MXX, Soliq inspektsiyasi qo‘shma komissiya tuzgan

12news.uz nashri ham Toshkentda ijara uylar va ularning egalari ro‘yxatga olinayotgani, bu poytaxtda xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida qilinayotgani haqida xabar qildi.

Ushbu saytda toshkentlik Alisher Ro‘zmetov ismli uchastka noziridan iqtibos berildi va unda poytaxt IIB, MXX hamda Soliq inspektsiyasi hamkorlikda shahardagi har bir kvartirani tekshirayotgani, poytaxtdagi ijara uylar ijarachilari bilan birga bitta ma’lumotlar bazasiga yig‘ilayotgani xabar qilindi.

Ro‘zmetov ham, birinchi galda shu kunda poytaxtda yashayotgan aholi sonini aniqlash va ayni paytda, uyini ijaraga bergan fuqarolarning mas’uliyatni oshirish nazarda tutilganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Timur Ziyovutdinov ismli MXX xodimi shaharda 10 noyabrdan tekshiruv boshlaganini aytgan. MXX xodimlari kvartirada yashovchilarning o‘sha uyda ro‘yxatga olinganlari yoki ijaraga berilganini aniqlayotgani aytildi.

Uy egasi ijarachisi bilan birga IShIDchiga chiqdi

12news.uz nashri uyini ikki qashqadaryolikka ijaraga bergan va soliqdan bo‘yin tovlab, buni rasmiylashtirmagan toshkentlik Munira Po‘latovaning hikoyasini keltirdi:

"Oktyabrda militsiya bu ikki erkakni o‘zbekistonliklarni IShIDga ("Islomiy davlat" - tahr.) qo‘shilishga chaqirganlik, taqiqlangan ekstremistik adabiyot va audio-video materiallarni tarqatganlik ayblovlari bilan hibsga oldi", deb yozdi nashr.

Xabarda aytilishicha, Munira Po‘latova ham sudga tortilgan va bu ayolning aybi soliqdan qochishgina emas, balki "davlat xavfsizligiga taxdid solish", deb baholangan.

Toshkentda ijara biznesi o‘ldi

Toshkentning Yunusobod tumanida ikki xonalik uyini ijraga beradigan poytaxtliklardan biri bu biznes o‘ldi, degan xulosani tilga oldi.

"Har ikki kunning birida militsiya, mahalla, nalogovoy (soliq xizmati-tahr.) eshigingizni tagida turadi. Ijarada turganniyam, sizniyam pasportingizni qayta-qayta tekshiraveradi, tekshiraveradi. Ming xil sababi bor pasportingizni olib ketishga. Pasport ketdi, degani tamom, degani. Ertaga terrorist ham qilib qo‘yishadi. Siz esa, keyin pasportni olib ketmasin, deb pulini berasiz", dedi ismini oshkor qilmaslik va ovozini yozib olmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan toshkentlik.

Toshkent kazarma rejimida

3 noyabrdan boshlab Toshkentdagi barcha xavfsizlik kuchlari - militsiya, Milliy xavfsizlik xizmati va Toshkentdagi harbiy garnizon - kuchaytirilgan rejim (kazarma rejimi)ga o‘tkazilgan.

Toshkentdan yo‘llangan xabarlarga ko‘ra, kechki paytlari pasportsiz yurish taqiqlangan, pasporti yo‘qlar esa militsiya idoralariga olib ketilib, shaxsi tasdiqlangach qo‘yib yuborilmoqda.

Bundan tashqari, xorijdan qaytgan fuqarolarning terror tashkilotlarga aloqadorligi tekshirilayotgani kuzatilmoqda. Huquq faollari so‘nggi bir oy ichida poytaxtda 200 dan ortiq odam hibsga olinganini xabar qilmoqda. Ayni mavzuda 30 noyabr kuni xabar tarqatgan 12news.uz nashri hisbga olinganlar soni 90 nafar, deb yozdi.

XS
SM
MD
LG