Линклар

Dinshunos Qodir Malikovga hujum qilganlikda gumonlanganlar Turkiya janubida ushlangani haqida Ozodlikka Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seitov ma’lum qildi.

Dinshunos Qodir Malikovga hujum qilganlikda gumonlanganlar Turkiya janubida ushlangani haqida Ozodlikka Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seitov ma’lum qildi.

- Gumonlangan fuqarolar Interpol orqali Turkiyaning Gaziantep shahrida qo‘lga olinganlar. Bu shahar Turkiya-Suriya chegarasidan 40 kilometr narida joylashgan. Qo‘lga olinganlarni Qirg‘izistonga olib kelish uchun militsiya xodimlari Turkiyaga uchib ketishdi, - dedi Baqit Seitov Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan intervьyusida.

“Din, huquq va siyosat” tahliliy markazi rahbari Qodir Malikov bilan bog‘liq noxush hodisa 26 noyabr oqshomida sodir bo‘lgandi. O‘sha oqshom u uyi yaqinidagi do‘kon yonida pichoqlab ketilgan. Hodisadan so‘ng Malikov Bishkekdagi 4- sonli kasalxonaga etkazilgan va operatsiya qilingan.

Amaliyotdan so‘ng biroz o‘ziga kelgan Qodir Malikov militsiya xodimlariga sodir bo‘lgan voqeani aytib bergan hamda chizilgan bir necha fotorobotdan hujumchilarni tanigan.

Bishkeklik tartib posbonlariga ko‘ra, teologga hujumda gumonlanganlarning shaxsi aniqlangan. Ularning biri 1987 yilda Norin viloyatida tug‘ilgan Tilek o‘g‘li Alibek, ikkinchisi esa 1986 yili O‘sh viloyatida tug‘ilgan Irisqul Beyshenaliev ekani aytilmoqda.

Teolog Malikovga hujum yuzasidan jinoyat ishi dastavval Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 234-moddasi (“Bezorilik”) bo‘yicha ochilgan. Biroq keyinroq ish “Davlat yoki jamoat arbobini o‘ldirishga qasdlanganlik” moddasi bo‘yicha qayta malakalangan.

Shifokorlarga ko‘ra, jabrlanuvchi Qodir Malikovning ayni paytda ahvoli og‘ir, biroq barqaror. Dinshunosning qo‘li va yuzining o‘ng tomoniga pichoq tortilgani, ko‘ziga shikast etgani, ko‘p qon yo‘qotgani aytilmoqda.

Islom dini bo‘yicha Qirg‘izistonda etakchi tahlilchilardan biri bo‘lib hisoblangan Malikov takfirchilar va diniy eksremistlarga qarshi keskin tanqidiy qarashlari bilan tanilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qodir Malikov 27 noyabr kuni davlatning terrorchilikka qarshi kurashiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlariga bergan ko‘rsatmasida Malikov unga pichoq bilan daf qilgan hujumchilar “Ollohu akbar” deya qichqirganlar. Dinshunos bu hujumni radikal diniy qarashdagi odamlarning uni yo‘q qilishga harakati o‘laroq baholagan.

43 yoshli Qodir Malikov Siyosatshunoslik va islomiy tadqiqotlar fanlari doktori ilmiy darajasiga ega. Bu ilmiy darajani u Ispaniyada – Madrid universitetida himoya qilgan. Magistrlik darajasini esa avvalroq Iordaniya milliy universitetining Islomiy huquq fakulьtetini bitirganida olgandi.

Ko‘plab kitob va maqolalar muallifi bo‘lgan Qodir Malikov Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti hamda Qirg‘iziston-Rossiya (slavyan) universiteti kabi ilg‘or ta’lim maskanlarida islomiy tadqiqotlar bo‘yicha etakchi tahlilchilardan biri bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG