Линклар

Chunki uni Do‘stlikdan o‘tkazmaydilar. Chegaradan o‘tkazishlari uchun opaning qo‘lida O‘shdagi opasi o‘ldi, degan telegramma bo‘lishi lozim. Opasi singlisi uchun ataylab o‘lib bergan taqdirda ham o‘tkazmaydilar chegaradan. Chunki o‘lgichning familiyasi boshqa, singilniki boshqa.

Andijonlikmas hamda o‘shlikmaslar uchun ba’zi raqamlar:

Marafon masofasi 42 kilometru 195 metr. Bu masofani sportchilar taqriban 2 soatu 10 daqiqada bosib o‘tadi.

Andijonning chetidan Do‘stlik chegara postigacha bo‘lgan masofa Marafon masofasiga teng – 1-2 km ko‘proqdir, 1-2 km ozroqdir – farq printsipial emas.

Demak, Andijondan O‘shgacha piyoda borsa ham bo‘ladi.

Sovet davrida O‘shdan Andijonga, Andijondan O‘shga qarab har 20 minutda bitta avtobus yo‘lga chiqardi. Andijonga qatnab ishlagan o‘shliklarni bilaman.

Andijondan kelarkansiz, Do‘stlikka etib, chegaradan o‘tishingiz bilanoq O‘sh shahri boshlanadi.

Harfxo‘rlar uchun: rasmiy O‘sh chegara chizig‘idan 1 (bir) kilometrdan so‘ng boshlanadi. Do‘stlikdan rasmiy O‘shgacha bo‘lgan 1000 metr Qorasuv tumaniga qaraydi. Lekin O‘sh shahri jamoat transporti Do‘stlikkacha keladi.

Andijondan Toshkentgacha 367 km.

Toshkentdan Bishkekkacha 614 km.

Bishkekdan O‘shgacha 648 km.

Demak, Andijondan Toshkent va Bishkek orqali O‘shga boradigan odam hammasi bo‘lib 1629 km yo‘l bosishi lozim.

Bu masofa Andijon bilan O‘sh o‘rtasidagi 45 kilometrdan 36 barobar uzundir.

Andijonlik opaning O‘shga safari

Shu kunda O‘shda, opasining uyida mehmon bo‘lib turgan 65 yashar andijonlik onaxon bir hafta oldin o‘sha 36 barobar uzun yo‘lni bosib o‘tdi:

Andijondan Toshkentga taksida bordi.

Toshkentdan Bishkekka samolyotda uchdi.

Bishkekdan O‘shga taksida bordi.

Bishkekdan O‘shga samolyotda uchishi ham mumkin edi. Lekin qo‘rqdi: bir balo bo‘lib, samolyot O‘shga qo‘nolmay qolsayu eng yaqin aeroport deb Andijonnikiga qo‘ndirib qo‘ysalar, shuncha mehnatim bekor bo‘ladi – O‘shga o‘tolmay qolaman, deb o‘yladi.

Andijonlik onaxon O‘shga o‘lim to‘shagida yotgan 75 yashar opasi bilan vidolashishga ulgurib qolish uchun keldi.

O‘shga borish uchun keragidan 36 barobar ortiqcha yo‘l bosishga, keragidan 36 barobar ortiqcha yo‘l kira sarflashga andijonlik onaxon majbur edi.

Chunki uni Do‘stlikdan o‘tkazmaydilar. O‘z mamlakati chegarachisi o‘tkazmaydi. Uch kunlab yotib olsa ham, ochlik e’lon qilsa ham, xarakiri qilsa ham o‘tkazmaydi (yaxshiyam onaxon xarakiri nimaligini bilmaydi).

Chegaradan o‘tkazishlari uchun opaning qo‘lida O‘shdagi opasi o‘ldi, degan telegramma bo‘lishi lozim.

Opasi singlisi uchun ataylab o‘lib bergan taqdirda ham o‘tkazmaydilar chegaradan. Chunki o‘lgichning familiyasi boshqa, singilniki boshqa.

Lekin andijonlik opa Toshkentdan Bishkekka uchar ekan, o‘zbek pasport nazorati undan telegramma-taklifnomaso‘ramadi.

So‘ramasligi kerak edi ham: ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi kelishuvga binoan o‘zbekistonlik Qirg‘izistonga, qirg‘izistonlik O‘zbekistonga vizasiz borishga, 60 kun turishga haqli. Lekin Toshkent aeroportidagi ramziy chegarada ishlaydigan bu kelishuv O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi real chegarada ishlamaydi.

Toshkent nega bu qadar qahhor?

Nega bu qadar beshafqat? O‘ylayman, o‘ylab o‘yimga etmayman-etolmayman.

Terrorizmdan qo‘rqadimi, deyin desam – kulgim qistaydi: o‘shlik o‘zbekni terrorchi, deb o‘ylaydimi Toshkent?

Yoki o‘zining andijonligini terrorchi, deb o‘ylaydimi?

Qahramonimiz - andijonlik 65 yashar opa Do‘stlikdan o‘tmoqchi bo‘lsa terrorchiyu O‘shga Andijon-Toshkent-Bishkek-O‘sh qilib borsa terrorchi bo‘lmay qoladimi?

O‘ylayman, o‘ylab o‘yimga etmayman-etolmayman.

Andijonlik bilan o‘shlik – koreyslarmi yo? Qaysinisi Shimoliyu qay biri Janubiy Koreys?

O‘ylayman, o‘ylab o‘yimga etmayman-etolmayman.

Mao Tsze Dun bilan Xrushchev urushib qolganidan so‘ng Sharqiy Turkiston uyg‘urlari chegaraning ikki tomonida qolib ketgan, ona o‘g‘ilni, aka ukani, opa singilni ko‘rolmay qolgan edi. SSSR sinib, chegaralar ochildi: aka ukani, opa singilni ko‘rdi, osmon uzilib erga tushmadiku?!

O‘ylayman, o‘ylab o‘yimga etmayman-etolmayman.

Lekin andijonliklar va o‘shliklarning aksariyati bu narsalarni o‘ylamaydi. Toshkentga borib Bishkekka, Bishkekka borib Toshkentga uchaveradi. U yog‘iga – taksi: Andijon yo O‘shgacha uchishdan qo‘rqishadi – bir balo bo‘lib...

O‘ylayman, o‘ylab o‘yimga etmayman-etolmayman.

Lekin andijonliklar va o‘shliklarning aksariyati bu narsalarni o‘ylamaydi.

Ular Zo‘rni tan oladi-qo‘yadi.

Zo‘rning keti tegirmon toshi yurgizadi, deb qo‘yishadi va alamlari biroz yumshaydi.

Ba’zi quvlari bu gapni boshqacharoq aytadi:

Ketning zo‘ri tegirmon toshi yurgizadi.

***

P.S. Opa-singillar - real. Ularning ism-familiyalari, Andijon va O‘shdagi manzillari muallifga ma’lum.

XS
SM
MD
LG