Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:06

Xodimlarini "haromi" deb so‘kkan Rishton milisiyasi boshlig‘i boshqarmaga chaqirtirildi


Rishtonlik bir guruh milisiyachilar tuman bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Ahmadjon Nasriddinov ustidan shikoyat qilib, Ozodlikka yo‘llagan maktubi 28 noyabr kuni Sizdan Telegram ruknida e’lon qilingan edi. Maktubda IIB rahbari o‘z qo‘li ostidagi xodimlarni haqorat qilib kamsitishi to‘g‘risidagi iddaolar bitilgan edi

Farg‘ona viloyati Rishton tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ozodlikda e’lon qilingan maktub ortidan viloyat boshqarmasiga chaqirtirildi. Rishton milisiyasining bir guruh xodimlarining tuman bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Ahmadjon Nasriddinov ustidan shikoyat qilib, Ozodlikka yo‘llagan maktubi 28 noyabr kuni Sizdan Telegram ruknida e’lon qilingan edi. Maktubda IIB rahbari o‘z qo‘li ostidagi xodimlarni haqorat qilib kamsitishi, ish jyoida ichkilikbozlik qilishi, maoshlardan ushlab qolishi to‘g‘risidagi iddaolar bitilgan edi. Rishtonlik milisiya xodimlarining aytishicha, podpolkovnik 30 noyabr kuni Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilib, suhbatdan o‘tkazilgan.

Rishton tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ustidan shikoyat qilgan militsiya xodimlari 1 dekabr kuni Ozodlik bilan aloqaga chiqishdi. Milisiyachilarning aytishlaricha, Ozodlikning Sizdan Telegram ruknida shikoyat maktubi e’lon qilinishi ortidan podpolkovnik Ahmadjon Nasriddinov 30 noyabr kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilgan.

“Bu odam (podpolkovnik Ahmadjon Nasriddinov-tahr.) haqiqatan shunaqa haqorat qilib, hammani kamsitib kelayotgan edi. Lekin kecha (30 noyabr kuni) uni UVDga (Farg‘ona viloyati IIB-tahr.) chaqirtirishib, boshliq-rahbarlar u bilan suhbatlashishdi. Menimcha, u o‘ziga tegishli xulosani chiqarib oldi. Chunki ikki kundan beri homush, lekin hushmuomala bo‘lib qolgan. Xatimiz Ozodlikda e’lon qilinganidan keyin chaqirtirishdi uni”, deydi rishtonlik milisiya xodimi.

Ozodlik Rishton milisiyasi boshlig‘i Ahmadjon Nasriddinovning o‘zi bilan ham telefon orqali bog‘landi. Lekin podpolkovnik o‘zi ustidan tushgan shikoyatlarga munosabat bildirishdan bosh tortdi.

Podpolkovnik Nasriddinovning qo‘l ostida xizmat qiladigan milisiya zobitlaridan yana biri, Ozodlik bilan suhbatda, hamkasblari bilan boshliqlari ustidan shikoyat yozishlariga sabab bo‘lgan holatlar haqida gapirib berdi.

“O‘zi bu odam shu yil boshida, yanvar oylarida bizga boshliq bo‘lib keldi. Ko‘p o‘tmay hammani haromidan olib haromiga soladigan odat chiqardi. “Boshliq unday haqorat qilmang”, desak. “Hammang haromisan. Mahluqsan”, deb so‘kadi. Shaxsiy tarkibni to‘plab olib, “Hammang haromisanlar”, deb so‘kadi. Hammani ishidan bezdirib yubordi”, deydi milisiya xodimi.

Uning yana aytishicha, podpolkovnik so‘nggi yarim yil davomida tuman ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibidagi 75 xodim maoshidan 50 ming so‘mdan pul ushlab qolish odatini chiqargan.

“Aprel oyidan beri har bir xodim oyligidan 50 ming so‘mdan ushlab qola boshladi. O‘zicha binoni yaxshilaymiz, oshxona quramiz, degan bahonalarni qildi. Oshxona qurdidirdi, uning ichida o‘zi uchun alohida xona yasatib olgan. Boyvachchadek, ichiga kirib olib, kunda ichkilikbozlik, maishatdan bo‘shamaydi. Ichib olib, xodimlarga baqiradi, haqorat qiladi”, deydi rishtonlik milisioner.

O‘zbekistonda hokimiyat vakillarining qo‘l ostidagilarni tahqirlashi yoki ularga zo‘ravonlik qilishi odatiy holga aylangan. Jumladan kuch ishlatar idoralarda ham rahbarning lavozimi qanchalik baland bo‘lsa, uning manmanlik va zo‘ravonlik darajasi yuqori bo‘lishini ko‘rish mumkin.

Shu yil sentyabr oyida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboev Farg‘ona viloyatiga kelganida o‘rtadan pastroq mansablarni egallaydigan milisiya xodimlari panaga yashirinishgan edi. Farg‘onalik milisiya xodimi buning sababini “vazir mayda-chuyda xodimlar ko‘ziga tushib qolishini xush ko‘rmas ekan” deya izohlagan edi.

Kelasi yildan O‘zbekiston ichki ishlar tizimining amaldagi xodimlari va yangi ishga yollanayotganlar orasida ruhiy beqaror shaxslarni aniqlash maqsadida poligraf tekshiruvining joriy etilishi aytilmoqda.

Keyingi paytlarda milisiya xodimlari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari tez-tez uchrayotganiga e’tibor qaratish joiz.

28 noyabr kuni Samarqand viloyati Nurobod tumani IIB xodimi, 30 yashar Oybek Mamarahimov va uning yangi bir hamkasbi o‘zini osib o‘ldirdi.

Undan bir hafta avval 20 noyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida milisiya kapitani Sharofiddin Temirov ish joyida xizmat to‘pponchasidan o‘zini otib o‘ldirgan edi.

Aprel oyida esa Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Baxtiyor Otaev o‘zini osib qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG