Линклар

logo-print

Turkmaniston prezidenti qalamiga mansub ekani iddao qilinadigan “Olg‘a, faqat olg‘a mening suyukli yurtim - Turmanistonim” qo‘shig‘i eng ko‘p ashulachi jo‘r bo‘lib aytgan qo‘shiq sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.

Turkmaniston prezidenti qalamiga mansub ekani iddao qilinadigan “Olg‘a, faqat olg‘a mening suyukli yurtim - Turmanistonim” qo‘shig‘i eng ko‘p ashulachi jo‘r bo‘lib aytgan qo‘shiq sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.

Mazkur qo‘shiq 27 oktyabr kuni Turkmanistonning Mari shahrida kengligi 70 metr, balandligi 35 metr bo‘lgan turkman o‘tovi shaklidagi ulkan kontsert zalida 4166 ashulachi tarafidan ijro etildi.

Zalga yig‘ilgan tomoshabinlar ham tik oyoqda qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi.

Qo‘shiqchilar bilan birga bu qo‘shiqni sahnada o‘rnatilgan monitordan Turkmaniston prezidentining o‘zi ham kuyladi.

Ginnesning rekordlar kitobi vakilasi Sheydo Subashi-Gemiji Ashxoboddagi kontsertni shaxsan tomosha qilgani va turkmanlar patriotizmidan hayratda qolganini aytdi.

Subashi-Gemiji Turkmaniston prezidentiga bu qo‘shiqni yozgani uchun minnatdorchilik bildirdi va shu qo‘shiq eng ko‘p ashulachi jo‘r bo‘lib aytgan qo‘shiq sifatida Ginnesning rekordlar kitobida qayd etilgani to‘g‘risidagi sertifikatni unga shaxsan topshirdi.

Shu paytgacha Farel Uilyamsning “Happy” qo‘shig‘i eng ko‘p ashulachi jo‘r bo‘lib aytgan qo‘shiq sanalib kelgan.

Shu yilning sentyabrь oyida Irlandiya poytaxti Dublinda bu qo‘shiqni Google shirkatining 3798 xodimi jo‘r bo‘lib aytgan edi.

Rekordlar mamlakati

Turkmaniston oltinchi marta Ginnesning rekordlar kitobida tilga olinmoqda.

Bundan avval poytaxt Ashxoboddagi oq marmarli binolar Ginnes kitobi mualliflarini o‘ziga jalb etgandi.

Kitobning bosh muharriri Kreyg Glendeyl 2013 yilda Turkmaniston rahbariyatiga Ashxobod dunyodagi oq marmar bilan qoplangan binolar eng ko‘p bo‘lgan shahar, deya e’tirof etilgan maxsus sertifikatni topshirgan.

Ginnesning rekordlar kitobida keltirilishicha, Ashxobodda so‘nggi yillarda 543ta oq marmarli bino qurib bitkazilgan.

Oq marmar bilan qoplangan bino devorlarining umumiy kengligi 4 million 500 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

2011 yilda esa Ashxoboddagi teleminoraning quyosh energiyasi ta’sirida kechayu-kundiz yonib turadigan ulkan sakkiz qirrali yulduzi inson qo‘li bilan yasalgan dunyodagi eng katta yulduz, deb tan olindi. Balandligi 211 metr bo‘lgan minoraning o‘zi mamlakat mustaqilligining 20 yilligi arafasida dengiz sathidan ming metr balanddagi Kopetdog‘ cho‘qqisida qad ko‘tardi.

2009 yilda esa Turkmaniston o‘zining eng katta gilami bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan edi. Gilamning kattaligi 301 kvadrat metr, og‘irligi 1200 kilogramm bo‘lgan.

Shuningdek, Ashxoboddagi fontan kompleksi dunyodagi eng katta favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.

Uzoq yillardan buyon avtokratik boshqaruv ostida bo‘lib kelayotgan Turkmaniston dunyodagi eng korruptsiyalashgan mamlakatlardan biridir.

Neft va gazga boy mamlakatda prezident tabiiy boyliklar sotilishidan ko‘riladigan daromad haqida xalqiga hisob bermaydi.

XS
SM
MD
LG