Линклар

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida aholiga pensiya va bolalar nafaqasi berish bir necha oyga kechikyapti. Ozodlik manbalarining aytishicha, hatto ishchilarning plastik kartochkalariga ham pul tushmayapti. Faqat maosh va pensiya bilan kun ko‘ruvchi aholining ahvoli og‘irlashayotgani aytilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida aholiga pensiya va bolalar nafaqasi berish bir necha oyga kechikyapti. Ozodlik manbalarining aytishicha, hatto ishchilarning plastik kartochkalariga ham pul tushmayapti. Faqat maosh va pensiya bilan kun ko‘ruvchi aholining ahvoli og‘irlashayotgani aytilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida pensiya va bolalar nafaqa pullarining kechikayotgani to‘g‘risida beshariqlik pensionerlardan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Farg‘ona viloyatida pensiya va bolalar nafaqasi bilan ta’minlash og‘ir bo‘lib qoldi. Ayniqsa Beshariq tumanida ahvol juda yomon. Bugun birinchi dekabrь bo‘lishiga qaramasdan o‘tgan oydagi pensiya va nafaqalar hali ham plastikka tushgani yo‘q. Buning ustiga yaqinlarimiz xorijdan pul yuborsa uni ham berishmayapti. Axir bu qanaqa ahvol? Biz nimaga tirikchilik qilaylik?”, deb yozadi pensioner.

Ismi sir qolishini so‘ragan Beshariqdagi to‘qimachilik korxonasi ishchilaridan birining aytishicha, ularning oylik maoshlari ham uch oydan buyon berilmayapti:

-Ha, bu juda to‘g‘ri gap. Nafaqat pensiya va nafaqalar, balki ishchilarning oylik maoshlari ham ikki-uch oyga kechikib ketyapti. Pul yo‘q deb oyliklarni bermayapti. Pensionerlarning pensiyalari plastikka o‘tqazilgan bo‘lsa ham pul tushmayapti. Dekabr boshlangan bo‘lsada, lekin hali noyabrning pensiyalarini berishmadi. Arz qilib prokurorga borsak u ham tan olmayapti”, - dedi ishchilardan biri.

Beshariqlik mahalla faollaridan biri Odiljonning aytishicha, oylik va pensiyaga qarab qolgan odamlarning ahvoli ancha og‘irlashgan:

“Endi topgan topyapti ham. Lekin kuni faqat oylikka, pensiyaga va nafaqaga qarab qolgan odamlarga qiyin bo‘lyapti. Plastikka oylik yoki pensiya tushgan taqdirda ham uni naqd qilish uchun 15-20 foizidan kechishga to‘g‘ri kelyapti. Buning ustiga hatto Beshariq markazida ham gaz yo‘q, qishloqlarniku qo‘yib turaylik. Hokimiyatdagilarning esa aholi bilan ishi bo‘lmayapti”, dedi mahalla faoli.

Beshariq tumani hokimligidan bu holatlarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalanadigan tashkilot va korxonalarda ish haqining bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda. Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy qiyinchiliklar, xususan naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

Joriy yilning aprel oyida Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotda mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi boisbanklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG