Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:21

Jalolobodda ikki o‘zbek Suriyaga borganlikda ayblanib sudlanmoqda


Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida ikki o‘zbek yigiti Suriyadagi janglarda ishtirok etganlikda ayblanib sudlanmoqda. Huquq himoyachilari esa Milliy xavfsizlik xodimlari tergov davomida qiynoq qo‘llash orqali yigitlarga ayblovni majburiy tan oldirganini aytmoqda.

Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida ikki o‘zbek yigiti Suriyadagi janglarda ishtirok etganlikda ayblanib sudlanmoqda. Huquq himoyachilari esa Milliy xavfsizlik xodimlari tergov davomida qiynoq qo‘llash orqali yigitlarga ayblovni majburiy tan oldirganini aytmoqda.

Jalolobodlik ikki yigit - 23 yoshli Shuhrat Iminov hamda Minhojiddin Xanazarov Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etganlik va boshqa odamlarni u erga borishga tashviq qilganlikda ayblanmoqda. Milliy xavfsizlik xizmatining Jalolobod viloyat boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 375-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shu yilning aprelida qo‘lga olingan.

Ayni paytda, Shuhratbekning otasi Ulug‘bek Iminov o‘g‘liga qo‘yilayotgan ayblarning asossiz ekanini aytdi. Unga ko‘ra, o‘g‘li 2014 yilning oktyabrida Istanbulga ishlash uchun ketgan, biroq bir haftadan keyin ish topolmay Rossiyaga ketgan. U erda farzandi bilan doimo telefon orqali gaplashib yurganini aytgan ota, farzandining janglarda ishtirok etganiniga ishonmaydi:

- 2014 yilning 29 oktyabrida qo‘shni bilan Istanbulga ishlagani ketgan. U erda ish bo‘lmagani uchun o‘g‘lim menga telefon qilib, Moskvaga ketayotganini aytgan. 2014 yilning 7 noyabrida o‘g‘lim Moskvaga ketgan. U erda avtobusda konduktor bo‘lib ishlab yurdi. 2015 yilning 8 yanvarida O‘shga uchib keladi. Uni shaxsan o‘zim xotinim bilan kutib olganman. U Suriyada bo‘lmaganiga 250 foiz kafolat beraman. U erda u nima ham qilardi, - deydi Ulug‘bek Iminov.

Sudlanayotgan yigitlardan yana biri, Minhojiddin Xanazarov yaqinlari ham unga qo‘yilayotgan ayblovlarning asossizligini aytadi. Ota –onasi chet davlatlarda muhojir bo‘lib ishlayotgan Minhojiddin buvasi tarbiyasida bo‘lgan. U ham Istanbulga borgach, ishsizlik sababli bir oydan so‘ng Rossiyaning Ufa shahrida ishlayotgan ota-onasi yoniga borgan va o‘sha erda uylanish uchun pul to‘plash maqsadida ishlagan.

Biroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ikki yigitni Istanbulda Abror isimli shaxs kutib olgan. 2014 yilning noyabr oyida ularni Suriyaning Halab va Idlib shahriga yuborgan. Ular teroristik tashkilotlar bazasida tayyorgarlikdan o‘tgan va ularga qurol berilgan. Shundan so‘ng ikkalasi Qirg‘izistonga qaytib kelgan va ikki jalolobodlikni Suriyaga yuborgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi yigitlar tergov davomida o‘z aybini tan olganini, biroq hozir javobgarlikdan qutilish maqsadida bergan ko‘rsatmasidan tonayotganini aytmoqda.

Shuhrat Iminov va Minhojiddin Xanazarov ustidan qo‘zg‘algan jinoyat ishi shu yilning iyulidan boshlab Jalolobod shahar sudida qaralmoqda.

Bishkekdagi “Qilim shami” huquqni himoya qilish tashkiloti vakili Abdunazar Mamatislamov, sudda Milliy xavfsizlik xizmati yigitlar aybini isbotlovchi dalillar ko‘rsatmaganini aytadi. Unga ko‘ra, yigitlar tergov davrida qiynoqqa olingan.

- Etarli dalillar bo‘lishi kerak-da, masalan, yigitlar biron joyda garovga olindimi yoki biror joyda videoda ko‘rindimi, o‘qdan yaralandimi. Bir haftaning ichida bu ishlarni qilib, qaytib kelish oson ish emas. Qolaversa, ular ham u erga borgan, ularning turgan, yashagan erini ko‘rgan odamlarni qaytarmaydi, hujjatlarini olib qo‘yishadi. Sudda yigitlar: “Bizni 3-4 tezkor xodim “umrbod qamaymiz”, deb urib, qo‘rqitishganda ilojsizlikdan tan oldik”, deb ko‘rsatma berishdi - deydi Abdunazar Mamatislamov.

Mazkur voqea bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir holat, shu yilning avgust oyida Talas viloyatida Milliy xavfsizlik xizmati Rossiyaga ketayotgan Maqsut isimli jalolobodlik yigitni qo‘lga olgan.

Jaloloboddagi"Spravedlivost" huquqni himoya qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, Maqsud so‘roq paytida qiynoqqa solingan va Shuhrat Iminov hamda Minhojiddin Xanazarovga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangan. Biroq huquq himoyachilari aralashuvi bilan u qo‘yib yuborilgan.

Rasmiy ma’lumotarga ko‘ra, hozirda Jalolobod viloyatidan 90ga yaqin odam Suriyaga ketgan. Ularning o‘n to‘rti vafot etgan, olti odam Qirg‘izistonga qaytib kelgan.

XS
SM
MD
LG