Линклар

24 noyabr kuni Turkiya tomonidan Rossiya harbiy uchog‘ining urib tushirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarini noqulay ahvolga solib qo‘ydi.

24 noyabr kuni Turkiya tomonidan Rossiya harbiy uchog‘ining urib tushirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarini noqulay ahvolga solib qo‘ydi.

Bu mintaqada hech kim sobiq mustamlakachi xo‘jayin Rossiya bilan yomon munosabatda bo‘lishni xohlamaydi.

Ikkinchi tarafdan esa, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar hamda o‘zbeklar turkiy xalqlar bo‘lib, Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyingi deyarli 25 yil davomida Anqara madaniy va lingvistik qardoshlikka urg‘u berib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatib keladi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi 25 noyabr kuni Rossiyaning Su-24 bombardimonchi uchog‘i Turkiya tomonidan urib tushirilgani haqida bayonot e’lon qilib, hodisani “fojeali” va “achinarli”, deb atadi.

Vazirlik qulatilgan samolyot uchuvchisi hamda vertolyotda qutqarish uchun borgan guruh a’zosi o‘limi munosabati bilan ta’ziya bildirib, darrov “Shu kunlarda terrorizmga qarshi kurash ketmoqda. Rossiya ham, Turkiya ham shu yo‘lda ish olib boryapti. Qozog‘iston ham bu kurashni qo‘llaydi”, deya qo‘shimcha qildi.

Bayonotda Rossiya va Turkiya yuzaga kelgan tanglikni yumshatishga va xalqaro terrorizmga qarshi kurashga e’tibor qaratishga chaqirildi.

Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston yurib borayotgan yo‘lning qaltisligi alomatidir. Rossiya bu mamlakatlarning yirik savdo hamkori bo‘lib, ushbu to‘rt Markaziy Osiyo davlatini Moskva bilan bog‘lab turuvchi sovet davridan qolgan rishtalar hali-hanuz juda ko‘p.

Ammo Turkiya ham bu mamlakatlarning tabiiy do‘sti bo‘lib, ularning muhim savdo hamkoriga aylangan. Markaziy osiyolik talabalar turk universitetlarida yigirma yildan oshiq vaqtdan beri tahsil olib keladi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyaga borish uchun viza kerak emas.

Bundan tashqari, turk qurilish shirkatlari to‘rttala Markaziy Osiyo mamlakatida faoliyat ko‘rsatib keladi.

Turkmanistonda esa turk shirkatlari monopoliyaga erishgan, desa ham bo‘ladi. Turklarni hisobga olmaganda, Turkmanistonda qurilish sohasida uzluksiz ishlab kelayotgan yagona xorijiy shirkat Fransiyaning Bouygues kompaniyasidir.

Markaziy Osiyo tarixida Rossiyaning o‘rni katta. Bundan tashqari, Qirg‘izistonda hozirgi kunda Rossiya harbiy bazasi bor. (Tojikistonda ham rus harbiy bazasi bor, ammo tojik tili turkiy til emas).

Qozog‘iston esa Rossiya bilan deyarli 7 000 km uzunlikdagi chegaraga ega.

Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo matbuoti Rossiya harbiy uchog‘ining qulatilishi va buning ortidan Moskva va Anqara o‘rtasida yuzaga kelgan diplomatik janjal haqida ehtiyotkorlik bilan, qisqa xabar berib kelayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

Qozog‘istonning Tengrinews.kz onlayn axborot agentligi 25 noyabr kuni taniqli siyosiy tahlilchi Dosim Satpaev bilan o‘tkazilgan intervyuni e’lon qildi. Suhbat davomida Satpaev “Qozog‘iston Rossiyaning kuchga asoslangan siyosatiga asir bo‘lmasligi kerak, chunki Rossiyaning harakatlari o‘z hamkorlari uchun borgan sari ko‘proq muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda”, degan.

Satpaev Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi hozirgi to‘qnashuvda Qozog‘iston hech qaysi mamlakatga yon bosmasligi kerakligini aytgan. Ammo tahlilchi kelajakda “Qozog‘iston kimga yon bosishini va qaysi tarafga o‘tishini ochiqchasigia e’lon qilishga majbur bo‘ladigan vaziyat yuzaga kelishi” mumkinligi haqida ogohlantirgan.

24 noyabr kuni Turkiyaning Suriya bilan chegarasida sodir bo‘lgan hodisadan keyin barcha Markaziy Osiyo hukumatlari Satpaev aytib o‘tgan vaziyat haqida bosh qotirayotgan bo‘lsa, ajab emas.

XS
SM
MD
LG