Линклар

Samarqand Arxitektura va qurilish institutining ikki talabasi va bir lisey o‘quvchisi ijara hovlida is gazidan zaharlanib o‘ldi. Ayni hovlining boshqa bir xonasini ijaraga olgan yana uch talabaning koma holatida kasalxonada ekani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Ulug‘bek mahallasida sodir bo‘lgan bu fojea yuzasidan dastlabki surishtiruv olib borilmoqda.

Samarqand Arxitektura va qurilish institutining ikki talabasi va bir litsey o‘quvchisi ijara hovlida is gazidan zaharlanib o‘ldi. Ayni hovlining boshqa bir xonasini ijaraga olgan yana uch talabaning koma holatida kasalxonada ekani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Ulug‘bek mahallasida sodir bo‘lgan bu fojea yuzasidan dastlabki surishtiruv olib borilmoqda.

Ozodlikning Samarqanddagi manbalariga ko‘ra¸ 29 noyabr tunda is gazidan zaharlanib o‘lgan 24 yashar O‘tkir G‘aniev va Tohir Roziqovlar Samarqand Arxitektura va qurilish instituti qoshidagi Qurilish fakultetining 1-kurs talabasi bo‘lgan.

Bu ikki talaba Samarqand Qishloq xo‘jalik instituti qoshidagi 2-son akademik lisey o‘quvchisi bilan birga xususiy hovlida bir xonada ijarada yashashgan.

Fojea tafsilotlaridan xabardor manbaning aytishicha¸ olti nafar o‘g‘il bola bi xonadonni ijaraga olib yashab kelgan.

- 29 noyabr kuni ular uyni isitish uchun pechkani yoqishgan va uxlashgan. Pechka mo‘risi tiqilib qolgani sabab tunda olov o‘chgan va pechkalik xonada uxlagan uch bola is gazidan bo‘g‘ilib o‘lgan¸ qo‘shni xonadagilar ertasiga chalajon holda topilgan. Hozir ular kasalaxonada do‘xtirlar nazoratida¸ deydi Ozodlikka bu fojea tafsilotlarini bildirgan manba.

Samarqand Arxitektura va qurilish instituti rasmiylari shunday fojea bo‘lganini tasdiqladi va ikkala talabaning ham is gazidan o‘lgani haqida tibbiy ekspertiza xulosa berganini bildirdi.

Marhumlar oilasi¸ aytilishicha¸ farzandlarining is gazidan o‘lgani haqidagi rasmiy xulosaga e’tiroz bildirmagan.

Ayni paytda Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ talabalarni ijaraga qo‘ygan xonadon egalari¸ qolaversa¸ institut rasmiylari ham tergov-tekshiruv jarayonida savol-javob qilinmoqda.

Arxitektura va qurilish instituti talabalaridan biriga ko‘ra¸ bu fojea sodir bo‘lgandan beri institutga tinimsiz qatnayotgan Yong‘in xavfsizligi¸ militsiya va tibiiyot xodimlari talabalarga qishdan omon chiqish uchun zarur xavfsizlik qoidalarini takrorlamoqda.

O‘zbekistonda¸ ayniqsa¸ qish faslida nihoyatda keskinlashib borayotgan energetik bo‘hron tufayli mamlakat bo‘ylab xususiy hovlilar tabiiy gazdan uzib qo‘yilgan.

Oqibatda¸ qishdan chiqish uchun eski pechkalar va o‘tin-ko‘mirga kuni qolgan o‘zbekistonliklar orasida har yili is gazidan¸ qo‘lbola gaz moslamasi portlashidan nobud bo‘layotganlar soni oshib bormoqda.

2015 yil davomida Ozodlik kamida besh odamning is gazidan zaharlanib o‘lgani tafsilotlarini o‘rgangan edi.

Xususan¸ Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi Tibbiyot kollejining 1-kurs o‘quvchisi 17 yoshli Marhabo Bahrinova 5 mart kuni ijarada yashaydigan uyining hammomida is gazidan zaharlanib vafot etdi.

5 fevral kuni esa Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Fayzobod qishlog‘ida istiqomat qilgan yosh kelin-kuyov nikoh to‘yidan ikki kun o‘tganidan so‘ng is gazidan zaharlanib o‘lgan edi.

Shuningdek¸ joriy yil fevralida bulung‘urlik Sharofat Begimqulova va uning 19 yoshli qizi ham is gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan edi.

XS
SM
MD
LG