Линклар

Shartnoma asosida Yaman arab respublikasida ishlagan o‘zbekistonlik shifokor uyga qaytishidan sal oldin vafot qildi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, oilasi bilan Yamanda istiqomat qilgan shifokor O‘zbekistonga ketish uchun hujjatlarini rasmiylashtirgani Sana shahriga kelganda mehmonxonada o‘lib qolgan. Uning jasadi Qashqadaryo viloyatining Muborak tumaniga olib kelinib, dafn qilingan.

Shartnoma asosida Yaman arab respublikasida ishlagan o‘zbekistonlik shifokor uyga qaytishidan sal oldin vafot qildi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, oilasi bilan Yamanda istiqomat qilgan shifokor O‘zbekistonga ketish uchun hujjatlarini rasmiylashtirgani Sana shahriga kelganda mehmonxonada o‘lib qolgan. Uning jasadi Qashqadaryo viloyatining Muborak tumaniga olib kelinib, dafn qilingan.

Yamandagi Hudeyda viloyatining Bazil tumanida shifokor bo‘lib ishlagan 43 yashar Ilhom Qurbonovning jasadi o‘tgan oyning oxirida o‘zi istiqomat qilgan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumaniga olib kelinib, dafn qilindi.

Yaman shahrining poytaxti Sana shahrida shifokorlik qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlardan birining aytishicha, u tanish bo‘lgan Ilhom Qurbonov yurak xurujidan vafot etgan:

- Mehmonxona xonasini ochayotganda men o‘zim bor edim. Polisiya keldi, ekspertlar keldi. Rasmga tushirishdi. O‘lib yotgan joyida burnidan qon kelib turgan edi. Bu yurakning birdaniga to‘xtab qolgani belgisi edi, dedi shifokor.

Ilhom Qurbonovni yaxshi tanigan tojikistonlik shifokorlardan birining aytishicha, u O‘zbekistonga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi:

- Men bu yigitni yaxshi taniyman. Noyabr oyining boshlarida Sanaga, mening oldimga kelib, Yamandan qanday qilib chiqib ketish mumkinligini surishtirdi. Rossiyaning MChSi samolyoti bilan ketmoqchi edi. Shahardagi mehmonxonalardan birida yashayotgandi. Uning ketishiga yordam berayotgan arablardan biri bilan doim aloqada bo‘lgan. 12 noyabr kuni arabga telefon qilib mazzam bo‘lmayapti, debdi. Arab ishimni tugatib oldingga o‘taman, debdi. Shomdan keyin borsa xonasining eshigi yopiq ekan. Telefon qilsa javob bermasmish. Keyin politsiya chaqirib, eshikni buzib kirishsa o‘lib yotgan ekan, - dedi shifokor.

Uning aytishicha, Ilhom Qurbonovning o‘limiga nima sabab bo‘lgani aniq emas:

- Uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan deyishdi. Lekin bu yuzaki xulosa, chunki jasad yorib ko‘rilmagan, dedi shifokor.

Sanadagi o‘zbek shifokoriga ko‘ra, Ilhom Qurbonovning jasadi mahalliy tashkilotlardan birining ko‘magida O‘zbekistonga yuborilgan:

- Ilhomning xotini ham do‘xtir bo‘lgan. O‘zi bilan birga ishlardi. Bir nafar farzandi bor edi. Ilhomning xotini kelganidan so‘ng biz Sanadagi o‘zbeklar o‘zimiz yordam qilib pul yig‘dik. Sanadagi tashkilotlardan biri bilan gaplashdik. Tashkilot yo‘l hujjatlarini qilib berdi. Ilhomning xotini 25 noyabr kuni erining jasadini Iordaniya va Turkiya orqali Toshkentga olib ketdi, dedi shifokor.

Yaman respublikasida yuzlab o‘zbekistonlik shifokorlar shaxsiy kontrakt orqali mehnat qilishadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik shifokorlardan birining aytishicha, joriy yil boshida Saudiya etakchiligidagi koalisiya harbiy samolyotlari Yaman shaharlarini bombardimon qilishni boshlaganidan so‘ng yuzlab o‘zbekistonlik shifokorlar Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining samolyotlarida bu mamlakatni tark etgan edi:

- Bombardimon katta shaharlarda bo‘lgan edi. Biz janub viloyatlarida ishlaymiz. Biz tomon tinchlik. O‘shanda ancha shifokorlar chiqib ketgan edi. Hozir endi ancha tinchidi, o‘sha shifokorlar yana qaytib kelyapti ekan. Ba’zi ma’lumotlarda Yamanda 3000dan ortiq o‘zbekistonlik shifokor bor deyiladi. Bu ancha bo‘rttirilgan ko‘rsatkich. Chunki men aniq bilaman, men yashaydigan viloyatda 22 nafar o‘zbek shifokori bor. Yamanda 12ta viloyat bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zingiz xulosa chiqarib olavering, - dedi shifokor.

Sanadagi o‘zbek shifokorining aytishicha, ayni paytda Yamanni bombardimon qilish to‘xtagan:

- Bir oylar bo‘ldi Sana tinchib qoldi. Boshqa bomba tashlagani yo‘q. Kim biladi, balki yana tashlab qolishi mumkin, dedi shifokor.

Yamandagi notinchliklar joriy yilning avvalida boshlangan edi. Bu mamlakatda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlarning ayrimlari Yamanda Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilari hokimiyatni egallashga harakat qilayotgan shia isyonchilari bilan janglarni boshlab yuborganidan so‘ng Rossiya elchixonasi ko‘magida mamlakatni tark etgan.

XS
SM
MD
LG