Линклар

logo-print

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan hafta Namanganga safari paytida qizlarni 20 yoshdan avval turmushga bermaslik to‘g‘risida qilgan pandu-nasihatlari ortidan nafaqat Namangan, boshqa viloyatlarda ham erta turmush qurish holatlarining oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar ko‘rila boshladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan hafta Namanganga safari paytida qizlarni 20 yoshdan avval turmushga bermaslik to‘g‘risida qilgan pandu-nasihatlari ortidan nafaqat Namangan, boshqa viloyatlarda ham erta turmush qurish holatlarining oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar ko‘rila boshladi.

O‘zbekiston oila kodeksida ayollarning nikoh yoshi 17 yosh, deb belgilanganiga qaramasdan, prezidentning noqonuniy talabini bajarishga xotin-qizlar qo‘mitasidan tortib, mahalla qo‘mitalarigacha safarbar etildi. 20 yoshgacha bo‘lgan o‘nlab qizlarning to‘ylari to‘xtatilmoqda.


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Karimovning qizlarni erta turmushga berish holatlariga chek qo‘yish talabi bo‘yicha tezkor choralar ko‘rila boshlagan. Ayniqsa, hokimi yangi tayinlangan Namangan viloyatida kundalik tarzda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda, deydi shaxsi sir qolishi sharti bilan gapirgan mulozim.

“Namanganda prezident tashrifining ertasigayoq kollejlarda xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” markazi, “Kamolot” yoshlar harakati va qator boshqa tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi. Masalan, 27 noyabr kuni Namangan shahridagi kamida ikkita kasb-hunar kollejida bunday uchrashuv o‘tkazilganini bilaman. Qariyb bir haftadan beri tumanlar, qishloq va mahallalarda bunday uchrashuvlar muntazam davom etyapti. Qizlar erta turmush qurish niyatlaridan qaytish, aks holda buning oqibatlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirilyapti. Bunday tadbirlar boshqa viloyatlarda ham o‘tkazilyapti”, deydi Ozodlikning hukumatdagi manbasi.

O‘zbek qizlarini erta turmushga bermaslik keyingi yillarda prezident Islom Karimov tez-tez tilga oladigan mavzulardan biriga aylangan. Lekin Namangan viloyatiga 26 noyabr kungi safari davomida prezident bu xususdagi talabni qattiqroq ohangda qo‘ydi.

Qizlarni 20 yoshdan erta turmushga beradiganlarni o‘ziga qarshi chiquvchilarga tenglashtirgan prezident bu masalaga prokuratura ham e’tibor qaratishi lozimligi to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

"Tuman prokurorlari bunga e’tibor qaratishlari kerak. Bu qonunlarimizda ko‘rsatilgan. Agar odamlar tushunmasa va qizlarini erga berib yuborishga shoshilsa, biz ularga tushuntirib qo‘yishimiz kerak. Mening o‘zim shu mas’uliyatni zimmamga olaman", deya ta’kidladi prezident Karimov.

Karimovning qizlarni 20 yoshdan erta turmushga berish qonunga zid, degan iddaolari haqiqatga ziddir. Chunki O‘zbekiston Oila kodeksining 15 moddasiga ko‘ra, “Nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n etti yosh etib belgilanadi”.

Ayni moddada uzrli sabablarga ko‘ra, ayollarning hatto 16 yoshdan turmushga chiqishiga izn berilishi mumkinligi ham ko‘rsatilgan.

Darvoqe prezidentning o‘zi ham to‘ng‘ich qizini 19 yoshda turmushga uzatgani ma’lum.

Lekin prezident talabining o‘zi qonunga zid bo‘lishiga qaramasdan viloyatlarda 18-19 yoshdagi qizlarning to‘ylarini to‘xtatish to‘g‘risida mahalla qo‘mitalariga topshiriq berilgan, deydi Vazirlar mahkamasidagi Ozodlik manbasi.

“O‘zi shu paytgacha ham viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari, “Oila” markazlari qizlar orasida erta turmushga chiqmaslik to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilayotgan edi. Imkon qadar kollejni bitirib olgandan keyin turmushga chiqishlari so‘ralayotgan edi. Prezident Namanganda aytganlaridan keyin buning kuchayishini kutishimiz mumkin. Chunki hozir 20 yoshgacha bo‘lgan qizlarning nechta to‘yi to‘xtatilgani to‘g‘risida raqamlar talab qilinmoqda”, deydi suhbatdosh.


Namangan viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozirda mahalla qo‘mitalariga 20 yoshgacha bo‘lgan qizlarini turmushga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotgan oilalar ro‘yxatini tuzish vazifasi topshirilgan.

“Bunday oilalarga to‘ylarni keyinga qoldirish tavsiya qilinmoqda. Bundan tashqari kollejlarga ham topshiriq berilgan. Shu paytgacha, 1-2 kurs talaba qizlariga turmushga chiqishga izn berilmagan bo‘lsa, hozir hatto 3-kurs qizlarini ham turmushga chiqish masalasini o‘qishni bitirib bo‘lgandan keyinga qoldirish talab qilinyapti. O‘zi yil boshidan beri kollejlarda 1-2 kursda o‘qiydigan qizlarning 80dan oshiq to‘yi to‘xtatilgan edi”, deydi suhbatdosh.

Qo‘shni Farg‘ona viloyatida ham qizlarni erta erga tegishiga yo‘l qo‘ymaslik choralariga e’tibor kuchaygani kuzatilmoqda. Viloyatning eng konservativ hisoblangan Marg‘ilon shahridagi mahalla faollaridan biriga ko‘ra, prezidentning o‘tgan haftadagi bayonotidan keyin shu paytgacha amal qilib kelgan choralarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida topshiriq kelganini aytadi.

“Marg‘ilonda qizlarni tezda turmushga chiqarish ko‘p kuzatiladi. Lekin keyingi yillarda ota-onalar bilan qizlarini 17-18 yosh emas, 19-20dan keyin turmushga chiqarish to‘g‘risida suhbatlar uyushtirib kelayotgan edik. Hozir qizlarni iloji boricha 21 yoshgacha turmushga bermay turish to‘g‘risida tushuntirish olib borish to‘g‘risida ko‘rsatma bor. Prezident aytdiku, “qizlarni erta barvaqt erga bermang, shu iltimosimni qabul qilsangiz, sizdan umrbod rozi bo‘laman”, deb. Shunga hozir prezidentning gapi erda qolmasin uchun ishni kuchaytiryapmiz”, deydi marg‘ilonlik mahalla faoli.

Uning aytishicha, so‘nggi oylarda Marg‘ilonda 17-18 yoshdagi qizlarning 25ga yaqin to‘yini to‘xtatishga erishilgan.

2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarning turmushga chiqish yoshini 17 yoshdan 18 yoshga ko‘tarish taklifi bilan chiqqan, lekin bunga doir o‘zgartishlar joriy etilgani yo‘q.

Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 20-24 yoshda bo‘lgan har uch ayoldan biri 18 yoshidan avval turmushga chiqqan.

XS
SM
MD
LG