Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:47

Qirg‘izistonda mahalliy aholi xitoyliklar eshak boqayotgan fermaga o‘t qo‘ymoqchi


Qirg‘izistonning Novqat tumanida yana bir eshak fermasi oshkor qilindi. Mahalliy aholi bu fermaning yopilishini talab qilib, aks holda fermaga o‘t qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

Qirg‘izistonning Novqat tumanida yana bir eshak fermasi oshkor qilindi. Mahalliy aholi bu fermaning yopilishini talab qilib, aks holda fermaga o‘t qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

Novqat tumanining Uluu-Tov qishlog‘i yaqinida 381 bosh eshak boqiladigan ferma mavjudligi aniqlandi. Bu eshaklarni aholidan xitoylik tadbirkorlar sotib olgan. Mahalliy aholi bundan so‘ng eshak go‘shti yana bozorlarda sotilishi mumkinligidan xavotirga tushgan.

Novqatlik Gulnora Dubanova xitoylik tadbirkorlar eshak fermasini yopishi kerakligini aytadi:

“Eshaklarini o‘zining Xitoyiga olib borib boqaverishsin. Qirg‘izistonda bunga ruxsat berilmaslik kerak. Biz musulmonmiz va bu narsa bizga yot. Bu ferma haqida eshitganimdan buyon halovatim yo‘qolgan. Biz buni qanday yo‘qotishimiz mumkin? Ba’zilar fermani boshqa joyga ko‘chirish kerak, demoqdalar. Agar bunday qilishsa, ular faoliyatini yana davom ettiraveradi”, dedi Gulnora.

2015 yilda O‘sh viloyati rahbariyati Xitoyning Gansu viloyati bilan hamkorlik haqida memorandum imzolagan edi. Buning ortidan Xitoyning “Vo Vi Shi” kompaniyasi Qirg‘izistonda faoliyat olib bora boshladi.


Xitoy tadbirkori Ma Tsin Ining aytishicha, ular hech qanday qonunni buzgani yo‘q:

- Biz Xitoyga go‘sht olib chiqib ketishning barcha sanitariya va veterinariya hujjatlarini tayyorladik. Xususiy mulkdor bilan kelishib, uning erini ijaraga oldik. Eshaklarni sotib oldik. Biroq biz eshaklarni so‘yishni va go‘shtini sotishni rejalaganimiz yo‘q. Biz bu yerni eshaklarni saqlash va undan keyin ularni Xitoyga olib ketish uchun oldik. Biz mahalliy aholining diniy qarashlarini inobatga olganmiz, dedi xitoylik tadbirkor.

Mahalliy aholining bosimi bilan xitoyliklar eshaklarni 10 dekabrgacha olib chiqib ketmoqchi.

Xitoylarga yerni ijaraga bergan Faridaning aytishicha, bu joyda eshak so‘yilgan yo‘q:

- Bu erda eshak so‘yishmaydi. Go‘sht sotishmaydi. Kelishuvga ko‘ra ular eshaklarni tiriklay olib chiqib ketishlari shart, dedi Farida.

Mahalliy aholi esa bu gaplarga ishonmasligini aytar ekan, agar eshak fermasi yo‘q qilinmasa unga o‘t qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

O‘sh viloyati milisiyasi bu haqdagi materiallarni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash davlat xizmatiga taqdim etgan.

Joriy yil boshida Bishkek shahri chetida eshak boqib so‘yiladigan fermani qirg‘iz jurnalistlari oshkor etgan edi. Biroq bu ferma rahbarlari eshak go‘shti zooparklardagi yirtqich hayvonlarni boqish uchun xorijga eksport qilinishini aytgan edilar.

XS
SM
MD
LG