Линклар

logo-print

Rossiya Federal hukumatining tavsiyasi bilan Boshqirdiston, Oltoy, Tiva, Xakasiya respublikalari turk tilli mamlakatlar birlashmasi bo‘lgan TURKSOY tashkiloti bilan aloqalarni uzadigan bo‘ldi. Hozircha Federal hukumat tavsiyasiga Tatariston va Saxa-Yoqutiston javob bermay turibdi.

Rossiya Federal hukumatining tavsiyasi bilan Boshqirdiston, Oltoy, Tiva, Xakasiya respublikalari turk tilli mamlakatlar birlashmasi bo‘lgan TURKSOY tashkiloti bilan aloqalarni uzadigan bo‘ldi. Hozircha Federal hukumat tavsiyasiga Tatariston va Saxa-Yoqutiston javob bermay turibdi.

Rossiya Madaniyat vazirligi tavsiyasi bilan Boshqirdiston, Oltoy, Tiva, Xakasiya respublikalari TURKSOY tashkiloti bilan aloqalarni uzishini rasman tasdiqladi. Hozircha Tatariston va Saxa-Yoqutiston respublikalari Madaniyat vazirligining bu tavsiyasiga na ijobiy, na salbiy munosabatini bildirgani yo‘q.

Tatariston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, mahalliy parlamentning “Edinaya Rossiya” fraksiyasi deputati Rafail Hakimov Federal hukumatning bu tavsiyasini “nosog‘lom siyosat”, deb baholadi.

-TURKSOYning siyosatga nima aloqasi bor? Bu birgina Turkiya tomonidan tashkil qilingan tashkilot emas. TURKSOY dunyodagi turkiy tilli mamlakatlarni boshini birlashtiruvchi tashkilot. Unga Rossiyaning yaqin hamkorlari bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham a’zo bo‘lgan. Rossiya Madaniyat vazirligi mazkur tashkilot bilan aloqalarni o‘zi xohlagan paytda uza oladimi, degan savol ham o‘rinli bo‘lar edi. Bu ish Rossiya qonunlariga zid keladi. Tataristonning o‘z konstitusiyasi bor. Mana shu konstitusiya doirasida Tatariston Rossiya bilan shartnoma imzolagan. Shartnomada xalqaro munosabatlarni o‘zimiz mustaqil belgilashimiz qayd etilgan,- dedi Rafail Hakimov Ozodlikning tatar-boshqird xizmatiga bergan suhbatida.

Tataristondagi bir qator madaniyat, fan va siyosat arboblari Rossiya Federal hukumati tavsiyasi regionlar bilan markaziy hukumat o‘rtasidagi aloqalarning yomonlashuviga sabab bo‘ladi, degan fikrni bildirmoqdalar.

Tatariston parlamentining fan va maorif qo‘mitasi raisi Razil Valiev madaniyatni siyosiylashtirishga urinish Federal hukumatga obro‘ keltirmasligini aytdi:

- Bu juda ko‘p bahslarga sabab bo‘ladigan masala. Buning ustiga Rossiya uchog‘ining urib tushirilishi bilan bog‘liq voqea yuzasidan tergov hali tugagani yo‘q. Bu voqeaning asl sabablari hozircha noaniq. TURKSOY tashkilotining esa siyosatga aloqasi yo‘q. TURKSOYdan chiqish tavsiyasi eng avvalo Rossiyadagi turkiyzabon respubliklarga emas, Rossiyaning o‘ziga, uning yahlitligiga qarshi tavsiyadir,- dedi Razil Valiev.

TURKSOY xalqaro tashkiloti turkiyzabon xalqlarning madaniyat, adabiyot va san’at sohalaridagi hamkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1993 yilda tashkil qilingan edi. Mazkur tashkilot 15 davlat boshini birlashtirgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Ozarbayjon tashkilotga a’zo davlat hisoblanadi. Tatariston, Boshqirdiston, Oltoy, Xakasiya, Yoqutiston, Tiva respubliklari, Moldovadagi Gagauziya muxtoriyati, O‘zbekistondagi Qoraqalpoq muxtoriyati va Shimoliy Kipr tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega. TURKSOY xalqaro tashkilotining shtab kvartirasi Turkiya poytaxti Anqarada joylashgan.

Tataristonlik olim, tarix fanlari doktori Damir Isxakov Moskvaning TURKSOYdan chiqish tavsiyasini turkiyzabon davlatlar tanlovini hurmat qilmaslik sifatida baholash mumkin, deb hisoblaydi.

-Tataristonga kelgan telegramma turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar tomonidan salbiy qabul qilinishi mumkin. Federal hukumat Turkiya bilan bo‘lgan siyosiy muammosini boshqalarning manfaatlariga dahl qilmasdan hal etib olishi kerak. Federal hukumatning bu qadami turkiyzabon davlatlarni Rossiyadan uzoqlashtirishi mumkin,-dedi Damir Isxakov.

Turkiya 24 noyabr kuni Rossiyaning Su-24 samolyotini urib tushirganidan beri Moskva va Anqara munosabatlari buzildi.

Anqara rus uchog‘i mamlakat havo hududiga iznsiz kirganidan keyin o‘qqa tutilgani, bundan avval turk uchuvchilari rossiyaliklarni 10 marta ogohlantirganini bildirgan. Rossiya esa o‘z bombardimonchi uchog‘i Suriya hududi uzra uchganini, Turkiya hududiga kirmaganini ta’kidlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG