Линклар

Afg‘onistondagi Toliblarning yetakchisi mulla Axtar Mansur Pokistonning Kvetta shahri yaqinida dala qo‘mondonlari yig‘inida chiqqan otishmada og‘ir jarohat olgani aytilmoqda. Rasmiylar mulla Mansur o‘lgan bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmayotir. Ammo, Toliblar matbuot xizmati buni rad qilmoqda.

Afg‘onistondagi Toliblarning yetakchisi mulla Axtar Mansur Pokistonning Kvetta shahri yaqinida dala qo‘mondonlari yig‘inida chiqqan otishmada og‘ir jarohat olgani aytilmoqda. Rasmiylar mulla Mansur o‘lgan bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmayotir. Ammo, Toliblar matbuot xizmati buni rad qilmoqda.

Afg‘onistonda Toliblarga qarshi kurashga boshchilik qilib kelayotgan vitse-prezident general Do‘stimning matbuot kotibi Sulton Fayziyga ko‘ra, Toliblar qo‘mondonlari o‘rtasidagi nizo seshanba oqshomidagi yig‘ilishda sodir bo‘ldi.

So‘nggi paytlarda Tolib qo‘mondonlari orasida Axtar Mansurning tarafdorlari va unga qarshilar orasida ziddiyat kuchayayotgan edi.

- Bizda mavjud ma’lumotlarga tayangan holda aytishimiz mumkinki, mulla Axtar Mansur jiddiy jarohat olgan va shoshilinch ravishda shifoxonaga olib ketilgan. Ammo, u o‘lganmi yoki yo‘q - bu haqda axborotga ega emasmiz, - dedi Ozodlik afg‘on xizmatiga intervyu bergan Sulton Fayziy.

Frans-press agentligiga ko‘ra, seshanba oqshomida Toliblar majlisiga yig‘ilgan qo‘mondonlar orasida avvaliga og‘zaki janjal qo‘zg‘algan va so‘ngra qurollar ishga tushgan. O‘zaro otishmada Toliblardan 5 nafari o‘ldirilgani aytilmoqda.

Ayni paytda Toliblar matbuot xizmati bunday xabarlarni rad qilmoqda. Ammo, afg‘on maxsus xizmatlari mulla Mansurning jarohatlanganini tasdiqlamoqda.

Mulla Mansur shu yilning 31 iyulida jangari guruh rahbari etib tayinlangan. Toliblar iyul oyida o‘z yetakchisi mulla Umar ikki yil muqaddam o‘lganini ma’lum qilgan va so‘ngra uning o‘rniga Axtar Mansurni amir etib tayinlangan.

O‘shanda aksar Tolib qo‘mondonlari va jangari guruhlari etakchining o‘limi 2 yil sir saqlangani, bu muddat ichida uning nomidan yolg‘on bayonotlar berilganiga norozilik bildirdi.

Natijada, ayrim qo‘mondonlar bu yolg‘onning boshida turgan mulla Axtar Mansur guruhga yetakchi etib tayinlanganidan norozi bo‘ldi va guruh ichida ziddiyatlar, qurolli nizolar hamda og‘ir janglar boshlanib ketdi.

Xususan, Toliblar safida kurashgan o‘zbek jangarilari guruhi - sobiq O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisi Usmon G‘oziy yangi amirga bay’at bermadi, aksincha, Iroq va Suriyada hukm surayotgan "Islomiy davlat"ga bay’at berganini bildirdi.

"Islomiy davlat"ga bay’at bergan Afg‘onistondagi boshqa tajribali Tolib qo‘mondonlari - mulla Muhammad Rasul va mulla Dodullohga qarshi mulla Axtar Mansur jangchilari o‘rtasidagi yirik to‘qnashuv noyabr oyi o‘rtalarida Zobul viloyatida kuzatildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu janglar ortidan Tolib qo‘mondonlari kelishishga uringan. Natijada, seshanba oqshom mulla Axtar Mansurning yaqinlaridan biri bo‘lgan qo‘mondon Abdulloh Sarhadiy tug‘ilgan shaharda uchrashishga kelishgan.

Frans-press agentligining Toliblar ichidagi manbasi: "Majlisda tomonlarni bir-biriga qarshi qo‘ygan ayrim masalalar ko‘tarildi, keyin bir-birini ayblovlashlar boshlandi, natijada Sarhadiy o‘q uzdi, qolganlar esa unga javoban o‘q uzdilar", demoqda.

Afg‘onistonlik tahlilchi Xorun Mir: "Agar mulla Axtar Mansurning o‘lgani rost bo‘lsa, u holda bu Toliblarning mutlaqo parchalanishiga olib keladigan oxirgi zarba bo‘ladi", deb hisoblamoqda.

Ayni paytda Afg‘oniston hukumatining Toliblar bilan tinchlik muzokaralari ham mulla Umarning o‘lgani e’lon qilinganidan buyon boshi berk ko‘chada qolmoqda.

Toliblar o‘rtasida ichki nizolarning kuchyayotgani va guruhning bir necha bo‘laklarga bo‘linib ketgani, so‘nggi paytlarda Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarning ham sovuqlashgani tinchlik muzokaralari yaqin orada tiklanmasligiga ishorat qilayotgan edi.

Ayni paytda bir oy muqaddam Zobulda bo‘lgan janglarda Toliblar ichidagi nizolarning sababchilaridan biri bo‘lib qolayotgan va Axtar Mansurning asosiy raqibi bo‘lgan mulla Dodullohning o‘lgani aytilmoqda.

New York Times gazetasining afg‘on rasmiylariga tayanib yozishicha, Dodulloh o‘ldirilgan kezda uning tegrasida bir necha o‘n o‘zbek jangarisi qolgan. Bu jangarilarning ko‘pchiligi o‘ldirilgan, ozchiligi asir olingan.

So‘nggi paytlarda Dodulloh yonida jang qilayotgan yuzdan ortiq o‘zbekka esa sobiq O‘IH etakchisi Usmon G‘oziy boshchilik qilayotgan aytilgan. Hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Zobul janglarida Usmon G‘oziy ham asir olingan va keyinchalik Toliblar yetakchilari tomonidan qatl qilingan.

Dodulloh guruhining o‘zi bu xabarlarni inkor qilmoqda, ammo mahalliy hokimiyat rasmiylari hamda qabilalar etakchilari Dodulloh o‘lgan, deb ta’kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG