Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:32

Usmon G‘oziy ishongan Tolib qo‘mondoni mulla Dodulloh o‘lgani tasdiqlandi


Afg‘on rasmiylari va mahalliy oqsoqollar o‘tgan oy Zobulda bo‘lgan janglarda o‘zbek jangarilari himoyasida yurgan qo‘mondon mulla Dodulloh o‘ldirilganini tasdiqladi. Dodullohning so‘ng onlariga oid tafsilotlar taqdiri noma’lum qolayotgan sobiq O‘IH yetakchisi Usmon G‘oziy asir olingani va so‘ngra o‘ldirilganiga oid norasmiy ma’lumotlarni qisman tasdiqlamoqda

Afg‘on rasmiylari va mahalliy oqsoqollar o‘tgan oy Zobulda bo‘lgan janglarda o‘zbek jangarilari himoyasida yurgan qo‘mondon mulla Dodulloh o‘ldirilganini tasdiqladi. Dodullohning so‘ng onlariga oid tafsilotlar taqdiri noma’lum qolayotgan sobiq O‘IH yetakchisi Usmon G‘oziy asir olingani va so‘ngra o‘ldirilganiga oid norasmiy ma’lumotlarni qisman tasdiqlamoqda.

"Isyonchi" tolib mulla Dodulloh

Tolib qo‘mondonlari va Afg‘oniston rasmiylari bir oy muqaddam Zobul viloyatida bo‘lgan janglarda "Islomiy davlat"ga bay’at bergan isyonchi toliblar qo‘mondoni mulla Mansur Dodulloh o‘ldirilganini tasdiqlamoqda.

Nyu York Tayms nashrining yozishicha, Zobul hokimiyatining xavfsizlik kuchlari rahbari G‘ulom Jiloniy viloyatning Xoki Afg‘on tumanida bo‘lgan o‘zaro janglarda mulla Dodulloh o‘lganini tasdiqlagan. Hilmand va O‘ruzgon viloyatlaridagi Tolib qo‘mondonlari ham janglardan 20 kundan oshiq vaqt o‘tib, bu xabarlarni tasdiqladi.

Dodulloh Toliblarning mulla Umardan keyingi rahbari - shu kunda og‘ir jarohatlangani aytilgan va o‘lgani taxmin qilinayotgan mulla Axtar Mansurning asosiy raqibi edi.

U Toliblarga 20 yildan ortiq rahnamolik qilgan mulla Umarning o‘limi ikki yildan ortiq sir saqlangani va bu vaqt davomida uning nomidan bayonotlar tarqatib, dunyoga qo‘shib Toliblar jamoati ham aldanganiga qarshi norozligini bildirgan.

Shu yilning iyun oyida Dodulloh yetakchiligidagi bir guruh tolib jangarilari "Islomiy davlat"ga bay’at bergach, mulla Axtar Mansur "isyonchi toliblar"ni yo‘q qilish uchun noyabr oyida yuzlab jangchilarini Zobulga yo‘lladi va 6-9 noyabr kunlari Toliblar ichida o‘zaro qaqshatqich janglar kuzatildi.

O‘zbeklar Dodullohga sodiq qoldi

2 dekabr kuni Nyu York Tayms gazetasi mahalliy oqsoqollar, Toliblar ichidagi manbalari va mahalliy rasmiylarga tayanib, Dodullohga so‘ng onlariga qadar o‘zbek jangarilari sodiq qolgani haqidagi maqolani chop qildi.

Xoki Afg‘on tumani oqsoqollarining aytishicha, Axtar Mansur qo‘shinlari Dodulloh jangarilarini qo‘shni Arg‘andop tumaniga quvib yuborgach, Dodullohning o‘zi mahalliy qo‘mondonlardan biri - "Islomiy davlat"ga xayrixoh mulla Abdulloh Haqmolning uyiga yashiringan.

Dodullohning Toliblar asir olgan jangchilaridan biri u yashiringan manzilni sotib qo‘ygan. Keyin Toliblar isyonchi safdoshlari yashiringan uyni qurshab olib, ularni taslim bo‘lishga chaqirgan.

Dodulloh taslim bo‘lmagan, aksincha sobiq safdoshlariga qarata o‘t ochgan. Natijada, uyga bomba otilgan va uning ichidagi jangarilarning hammasi o‘ldirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘lganlarning aksariyati Dodullohga so‘ng onlarida hamroxlik qilgan o‘zbek jangarilari bo‘lgan. Ularning soni bir necha o‘n kishi, deb keltirilmoqda.

O‘zbeklar jasadi saqlandi

Pokiston va Afg‘onistondagi qator nashrlarning yozishicha, Axtar Mansur odamlari avvaliga mulla Mansur Dodulloh va unga sodiq jangarilar jasadini olishga ruxsat bermagan. Bir necha kun o‘tgachgina (aniq muddat aytilmayotir - tahr.) ruxsat berishgan va mahalliy oqsoqollar portlatilgan uy ichida qolib ketgan hamqishlog‘i mulla Abdulloh Haqmol va boshqa o‘zbeklar jasadini olib, ko‘mishgan.

Shu tariqa, o‘tgan bir oy ichida mulla Mansur Dodulloh o‘lgan, degan ovozalar mahalliy rasmiylar, Tolib qo‘mondonlari va oqsoqollar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Ammo, Dodullohning matbuot vakili - mulla Naim Niyoziy bu xabarlarni rad etib kelmoqda. Unga ko‘ra, qo‘mondoni oyog‘idan jarohatlangan va Axtar Mansurning odamlari uni uzoq vaqt tutib turib, so‘ngra qo‘yib yuborgach, olib ketilgan va hozirga kelib davolangan.

Dodulloh o‘zbeklarni IShIDga og‘dirdi

Tolibon rahbari mulla Axtar Mansur matbuot xizmati esa so‘nggi oylarda mulla Dodulloh va yana bir isyonchi qo‘mondon - mulla Muhammad Rasul Afg‘oniston sharqida yig‘ilgan jangarilarni moddiy manfaat evaziga "Islomiy davlat"ga og‘dirdi, degan ayblovni e’lon qilgan.

Afg‘oniston va Pokistondagi qator nashrlar 2015 yilning boshidan buyon bu mintaqaga yuzlab o‘zbek jangarilari borgani haqida xabar qilmoqda.

Toliblar matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid bergan bayonotlarda Dodulloh yetakchiligidagi jangarilar o‘z nazorati ostidagi hududlarda bedodlik qilgani, mahalliy aholini tunagani, shuningdek, o‘zbek jangarilari mahalliy hazoralarni o‘g‘irlab, boshini olgani iddao qilingan. Darvoqe, mulla Mansur Dodulloh va uning 2007 yilda o‘ldirilgan akasi mulla Oxund Dodullohlar o‘ta qattiqqo‘l, shavfqatsiz jangari sifatida ta’riflanadi.

Toliblar isyonchi safdoshlarini "Islomiy davlat"ga bergan bay’atidan voz kechishga uzoq targ‘ib qilgani, ammo niyatidan qaytmagach, ularga qarshi jang qilganini aytmoqda. Ammo, "isyonchi mujohidlar"ga qarshi urushganini tan olgan Tolibon rahbariyati ularni o‘ldirgani, xususan, yillar davomida marhum mulla Umarga sodiq qolgan sobiq O‘IH rahbariyu jangarilarini qatl qilganiga oid xabarlarni tasdiqlamay kelmoqda.

Foryobda qolgan o‘zbek jangarilari

Bu viloyatda so‘nggi 30 yildan buyon Toliblarga qarshi jang qilgan mahalliy o‘zbek oqsoqoli Rahmat Raisga ko‘ra, taxminan, 50-60 atrofidagi o‘zbek jangarisi oilasi bilan viloyatdagi Qaysor, Almor va Davlatobod tumanlarida jon saqlamoqda.

Uning aytishicha, shimoliy viloyatlardagi o‘zbek jangarilari "Islomiy davlat"ga bay’at bermagan va mahalliy toliblar bilan birga hukumat qo‘shinlariga qarshi jang qilib kelmoqda.

- O‘tgan oy boshida ular viloyatdan siqib chiqarilgan edi. Ammo, hukumat kuchlari ketganidan keyin ular yana uchta tumanni egallab oldi va mahalliy toliblar bilan hozir o‘sha erda qolmoqda. Mening mahalliy aholidan eshitishimcha, taxminan 50-60 ta o‘zbek oilasi bor. Ular Zobuldagi hamyurtlaridan ajralib qolgandek go‘yo. Hozir bizda sovuq boshlandi, janglar ham biroz to‘xtadi. Zobuldagi o‘zbeklar o‘ldirildi, rahbari ham o‘ldi, degan gaplarni eshitdim. Ammo, buni tasdiqlaydigan dalillar yo‘q menda, - deydi Rahmat Rais.

Usmon G‘oziy taqdiri noma’lum qolmoqda

Afg‘onistonning Zobul viloyatida 6-9 noyabr kunlari Toliblar bilan o‘zaro janglarda sobiq O‘IH amiri Usmon G‘oziy asir olingani, ayrim manbalarda esa o‘ldirilgani iddao qilingan edi.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari janubdagi Zobul viloyatida Toliblar o‘rtasida o‘zaro qaqshatqich janglar bo‘lgani, unda guruh amiri etib e’lon qilingan mulla Axtar Mansurga qarshi toliblarning ikki qo‘mondoni - mulla Muhammad Rasul va uning o‘ng qo‘li bo‘lgan mulla Mansur Dodulloh jangarilari urushganini tasdiqlagan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, bu janglarda Axtar Mansurga qarshi o‘zbek jangarilari ham jang qilgan va har ikki tomondan 80 atrofida jangari o‘lgan.

Ammo, bu janglarda 6 oy muqaddam "Islomiy davlat"ga bay’at bergan va Toliblarning yangi rahbariyatini "yolg‘onchilik, afg‘onparastlik, qavmparastlik"da ayblagan sobiq O‘IH rahbari Usmon G‘oziyning asir olingani yoxud qatl etilganiga oid iddaolar rasmiylar tomonidan tasdiqlanmagan. Hozirga qadar ham bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.

XS
SM
MD
LG