Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:04

Matbuot sharhi: Suddan qochgan bosqinchi, erini “boyfrend”iga o‘ldirtirgan ayol va “mushtumzo‘r” Botir Qodirov


Qo‘qonda keksa o‘qituvchini bo‘g‘izlagan qotil ushlandi. Toshkentlik ayol milisiya inspektoridan... 3000 dollar olayotganda tutildi. Xonanda Botir Qodirov “Istiqlol” san’at saroyi oynasini sindirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Qo‘qonda ikki keksa ayolni bo‘g‘izlagan qotil ushlandi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashagan ikki keksa ayolni bo‘g‘izlab ketgan qotil mahkamaga tortildi (“Huquq”, 3 dekabr). Nafaqadagi muallima Asiya Kudryashova va uning dugonasi Alla Karpova Qo‘qon shahri Ho‘qandiy ko‘chasi 45-uy 29-xonadonida o‘ldirib ketilgan. Qotil uydagi 2000 AQSh dollari, 45 ming rubl va 5 million so‘mni ham o‘g‘irlab ketgan. Bir necha oyga cho‘zilgan tergov jarayonida A.Kudryashovaning kuyovi Seyran Osmanov valyutafurushlik bilan shug‘ullangani aniqlangan. Qotil ham sarrofning eski mijozi Suhrob Mulobabaev bo‘lib chiqqan. S. Mulobabaev Qozog‘istonning Chimkent shahrida yashovchi kursdoshi M. Frolova bilan oila qurish maqsadida keksa ayolni o‘ldirgani va katta miqdordagi pulni o‘margani aniqlangan. Qayd etilishicha, ikki keksa ayolning umriga zomin bo‘lgan fuqaro uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Zangiotada suddan qochib ketgan xavfli jinoyatchi nihoyat qo‘lga olindi

Toshkent shahri va viloyatida o‘nlab bosqinchilik, talonchilik va o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etgan yirik to‘da ustidan hukm chiqarildi (“Darakchi”, 3 dekabr). Bahodir Siddiqov boshchiligida jinoiy to‘da bir necha yil davomida o‘nlab xonadonni ship-shiydam qilib ketgan. Dastlab qo‘lga olingan Bahodir Siddiqov 2014 yil 7 may kuni sud tergovi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudiga olib kelingan paytida konvoy xodimlari ko‘zini shamg‘alat qilib, qochib ketgan. Qayd etilishicha, xavfli jinoyatchini qochirib yuborgan konvoy xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Huquq posbonlari qo‘lidan qochib ketgan Bahodir Siddiqov yana jinoiy guruh tuzib, bosqinchilikni davom ettirgan. Keyingi safar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Tovoqsoy qo‘rg‘onida uni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan ikki nafar milisiya xodimini og‘ir jarohatlab, yana qochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin murakkabligi inobatga olinib, ish Bosh prokuraturaga o‘tkazilgan. Shu tariqa bir necha yil davomida o‘nlab jinoyatga qo‘l urgan to‘da a’zolari qo‘lga olingan. Ma’lum qilinishicha, jinoiy to‘da boshlig‘i Bahodir Siddiqov o‘ta xavfli jinoyatchi (residivist) deb topilgan va 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. To‘daning qolgan a’zolariga ham tegishli jazo berilgan.

Tadbirkorning daraxt kesishiga ruxsatni paysalga solgan hokim o‘rinbosari jazolandi

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimining o‘rinbosari Inomjon Shokirov tadbirkor murojaatiga e’tiborsizligi uchun jazolandi (“Inson va qonun”, 1 dekabrь). “Qo‘shtepa ipak gilamlari” firmasi ta’sischisi Ibrohim Sultonov joriy yil 5 avgustida tuman hokimidan korxonasi atrofidagi daraxtlarni kesishga ruxsat so‘ragan. 20 avgust kuni hokimning ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori chiqqan. Ishga mas’ul hokim o‘rinbosari esa tadbirkorga bu haqda vaqtida ma’lum qilmagan. Adliya boshqarmasi rasmiylashtirgan ma’muriy bayonnoma asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tumani sudi hokim o‘rinbosari I. Shokirovga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solgan.

Sirdaryolik 40 yoshli ayol o‘z erini o‘ynashiga o‘ldirtirdi

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida yashagan Marg‘uba Jo‘raeva qotil yollab, turmush o‘rtog‘i Sherali Jo‘raevni o‘ldirtirdi (“Adolat ko‘zgusi”, 3 dekabr). Marhum Sh. Jo‘raev Rossiyada ishlab, qora va og‘ir mehnat evaziga har oy xotiniga 1000 dollardan yuborib turgan. Buzuqlik ko‘chasiga kirgan M. Jo‘raeva esa 25 yoshli Tolib Ne’matovni “boyfrend” qilib olgan. Bu orada Sh. Jo‘raev Rossiyadan qaytib kelgan. M. Jo‘raeva esa barcha mol-mulkning asosiy egasi – erini yo‘qotib, mulkni o‘zi tasarruf etish payiga tushgan. Shu maqsadda o‘ynashi T. Jo‘raevni 1000 dollarga qotil sifatida yollagan. T. Jo‘raev bir necha sherigi bilan tunda Sh. Jo‘raevni urib o‘ldirgan. M. Jo‘raeva esa: “Erimni kaltaklab ketishdi” deb, jabrdiyda rolini o‘ynab yurgan. Biroq tergov jarayonida buyurtmachi u ekani aniqlangan. M. Jo‘raeva sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. “Boyfrend” T. Ne’matov esa noma’lum tomonga qochib ketgan.

Toshkentlik ayol milisiya inspektoridan... 3000 dollar olayotganda ushlandi

Uch nafar bolaning onasi, toshkentlik Dilobar Abdusamatova militsiya inspektoridan 3000 dollar olayotgan qo‘lga olindi (“Huquq olamida”, 3 dekabr). Toshkent shahri Uchtepa tumani profilaktika inspektori S. Yuldashev qidiruvdagi shaxsni urib, tan jarohati etkazgani uchun ichki ishlar tizimidan bo‘shatilgan. D. Abdusamatova esa profilaktika inspektori S. Yuldashevga o‘z xizmatini taklif qilgan, ya’ni qidiruvdagi shaxs inspektorga qarshi yozgan arizani qaytarib olishi evaziga S. Yuldashevdan 3000 dollar talab qilgan. Qayd etilishicha, D. Abdusamatova milisiya noziridan ko‘rsatilgan mablag‘ni olayotganda ushlangan. Tovlamachilikda ayblangan ayolga tegishli jazo berilgani ma’lum qilingan.

Xonanda Botir Qodirov g‘azabini bosa olmay “Istiqlol” san’at saroyi oynasini sindirdi

21-23 noyabr kunlari Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida konsert bergan xonanda Botir Qodirov g‘azabini bosa olmay, san’at saroyi eshik va oynalarini sindirdi. “Istiqlol” san’at saroyi direktori Isroil G‘ulomovning “Darakchi” nashriga ma’lum qilishicha, konsertning birinchi kuni bir telejurnalist Botir Qodirovdan ruxsat so‘ramagan holda, uning oilaviy hayoti haqida yozilgan kitobni kontsert zalida sotgan. Kitobni sotib olgan muxlislardan biri konsert payti xonandadan kitobga dastxat so‘ragan. Bundan jahli chiqqan B. Qodirov mikrofonni tashlab, sahnani tark etgan. Jahlini bosa olmay, san’at saroyi pardozxonasi eshigi va oynalarini sindirgan, yangi o‘rnatilgan isitish moslamalarini buzib tashlagan. Telejurnalist kitob sotgani ma’lum bo‘lgach, xonandaning qat’iy talabi bilan konsertning keyingi kunlariga jurnalistlar kiritilmagan.

“Bunyodkor” jamoasi o‘yinchisi Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi

Toshkentning “Bunyodkor” hamda O‘zbekiston yoshlar (U20) terma jamoasi a’zosi Dostonbek Hamdamov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb topildi (“O‘zbekiston ovozi”, 3 dekabrь). Bu haqda Osiyo futbol konfederasiyasi Hindistonning Nyu Dehli shahrida o‘tgan 2015 yilgi mavsum yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG