Линклар

Dekabr boshlarida prezidentlik kursisiga o‘tirganining 4 yilligini nishonlagan Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev Rossiya, Turkiya va G‘arb bilan o‘ta sovuqlashib ketgan aloqalarni iliqlashtira oldiyu, hanuzgacha Toshkent bilan til topisha olmadi. Hatto prezident Islom Karimov bilan Moskvada aytishib qolishga ham ulgurdi. Nega? Bu savolning javobini muxbirimiz Atambayevning O‘zbekiston tilga olingan nutqlaridan qidirishga harakat qildi.

Ko‘zi ko‘r odam kim edi?

Almazbek Atambayev 4 yil mobaynida o‘z nutqlarida O‘zbekistonni bot – bot tilga oldi. Xususan¸ Almazbek Atambayev 2014 yilning 7 noyabrida Ostonada qozoq prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashar ekan, O‘zbekiston hukumatining Qirg‘izistondagi “Qambar-Ota-1” GESi qurilishiga nisbatan qarshiligi turli bosim shaklida namoyon bo‘layotgani va mamlakat janubidagi vaziyatni tang holga solib qo‘yganidan shikoyat qildi:

- O‘zbekistonga bungacha bir necha bor taklif etganmiz, hozir ham aytmoqdamiz – ular “Qambar-Ota-1” GESining qurilishiga o‘z hissasini qo‘shsa bo‘ladi. O‘tmish xotirasi bilan yashash kerak emas. Qo‘shnini dushman qatori ko‘rish ham to‘g‘ri emas. Gazni o‘chirdi, temir yo‘lga cheklov kiritdi. Qo‘shnilar bir-biriga yordam berishlari kerak. “Qambar-Ota-1” GESi nafaqat Qirg‘izistonni, balki qo‘shni o‘lkalarni ham elektr energiyasi bilan ta’minlay oladigan loyihadir. Buni ko‘zi ko‘r odamgina ko‘rmaydi yoki ko‘rishni istamaydi, - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

"O‘zbekiston rahbarlari siyosiy o‘yindan qo‘rqmoqda"

2013 va 2014 yilda Qirg‘iziston prezidenti eng ko‘p tilga olgan muammo O‘zbekiston bilan munosabatlarning yaxshilanmayotgani va qirg‘iz hukumati bu borada muvaffaqiyatga erisha olmayotgani bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan munosabatlar rasmiy Bishkek Moskva bilan hamkorlikda Qambarota – 1 GESini qurish haqida kelishimga erishganidan so‘ng yomonlashganini ta’kidlagan prezident Almazbek Atambayev: “O‘zbekiston siyosiy o‘yinlardan qo‘rqqani uchungina mazkur qurilishga qarshilik ko‘rsatib kelmoqda”, deb bayonot bergan edi:

- Bu loyiha Qirg‘izistonga qanday zarur bo‘lsa, O‘zbekistonga ham shunchalik muhim. Men O‘zbekiston nimadan qo‘rqayotganini bilaman. O‘zbekiston rahbarlari qandaydir siyosiy o‘yinlardan qo‘rqmoqda. Shuning uchun ham men so‘nggi uchrashuvimizda hurmatli Islom Abdug‘anievichga "sizlar ham bu loyihaga qo‘shilinglar", deb shaxsan taklif kiritdim. Agar O‘zbekiston bu loyihaga qo‘shilsa, bu qo‘rquv o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Atambayev yalinib-yolvorishni istamagani haqida

O‘tgan yili O‘zbekiston O‘shga gaz berilishini 8 oy to‘xtatib qo‘ygan davrda Atambayev bundan-da keskinroq gaplarni aytdi:

“Ular bizdan Cho‘noloy vodiysidan o‘tadigan Turkmaniston – Qirg‘iziston-Xitoy gaz quviriga ulanmaslikni talab qilishayapti. Aks holda O‘zbekiston mamlakatimiz janubiga gaz berishni qayta tiklamasligini bildirmoqda. Lekin Qirg‘iziston qo‘shnilarga “bizga gaz bering”, deb yalinib yolbormaydi”, - degan edi o‘shanda Almazbek Atambayev.

Prezident Atambayev 2014 yilning 31 avgustida, ya’ni Mustaqillik kuni so‘zlagan nutqida qo‘shni davlatlar haqida gapirar ekan, jumladan:

-Nima uchun aynan shu yil chegaralarda ziddiyatlar ko‘payib ketdi? Nima uchun aynan shu yil bizga gaz bermay qo‘yishdi? Chunki bu ishni qilganlar 1,5 – 2 yildan so‘ng to‘laligicha ularga qaramlikdan xalos bo‘lib olishimizni tushunadilar, - degan edi.

Karimovning tanbehi...

2015 yilning 9 mayida esa Moskvaga MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitiga borgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari bir – birlari bilan bir oz aytishib ham olgan edilar.

O‘zbekiston prezidenti qirg‘izistonlik hamkasbining sammitda so‘zlagan so‘zlaridan Ikkinchi Jahon urishida “kimdir juda orasta, kimdir tartib-intizomli bo‘lgani uchun urushning borishida muhim ahamiyat kasb etgan, boshqalar esa go‘yoki mas’uliyatdan qochgan”, degan ma’no kelib chiqayotganini iddao qildi.

Almazbek Atambayev O‘zbekiston prezidenti so‘zlarini bo‘lib, o‘z shaxsiy fikrini aytganini bildirdi. Islom Karimov esa bunga javoban: “Sizning fikringizni biz allaqachon bilamiz. Qandaydir ishlar uchun malomat qilish va aql o‘rgatishni men odobsizlik deb bilar edim””, deb javob qaytardi.

Natija

Almazbek Atambayev prezidentlik davrining 4 yilida Rossiya, Turkiya va Evropa davlatlari bilan avvalgi prezidentlar davrida sovuqlashgan munosabatlarda iliqlik paydo bo‘ldi. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarga sovuqchilik tushdi.

Atambayev o‘z nutqlarida bir necha marotaba O‘zbekiston bilan birodarona, do‘stona munosabatlarni qayta tiklashga harakat qilganini ham ta’kidlagan.

Biroq Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev shu yilning 16 fevral kuni qirg‘iz parlamentiga bergan hisobotida mamlakatning yaqin qo‘shnisi O‘zbekiston bilan munosabatlarda ijobiy natijalarga erishilmagani va Toshkent barcha sohalardagi dialoglarni bir tomonlama muzlatib qo‘ygani haqida gapirdi.

XS
SM
MD
LG