Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:16

Pasport bo‘limlari: Yangi yilgacha pasport olmaganlar jarimaga tortiladi degan ko‘rsatma bo‘lmagan


Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i, mayor Sanjar Qosimovning mahalliy internet nashrlarida tarqalgan “yangi yilgacha yangi pasport olmaganlar jarimga tortiladi” degan gapini pasport bo‘limlari mulozimlari inkor qilmoqda. Mulozimlarga ko‘ra, ularga bunday ko‘rsatma kelmagan va ular bir maromda o‘z ishlarini davom ettirmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i, mayor Sanjar Qosimovning mahalliy internet nashrlarida tarqalgan “yangi yilgacha yangi pasport olmaganlar jarimga tortiladi” degan gapini pasport bo‘limlari mulozimlari inkor qilmoqda. Mulozimlarga ko‘ra, ularga bunday ko‘rsatma kelmagan va ular bir maromda o‘z ishlarini davom ettirmoqda.

"Jarima haqida hech qanday rasmiy ko‘rsatma kelgani yo‘q!"

Ozodlik 2016 yilning birinchi yanvarigacha biometrik pasport olmaganlar eng kam ish haqining 3 barobaridan 10 barobarigacha jarimaga tortiladi degan xabarni surishtirish jarayonida Toshkentdagi bir necha pasport bo‘limlari bilan bog‘landi.

Mulozimlarning aytishlaricha, yangi yilgacha biometrik pasport olmaganlarning jarimaga tortilishi haqida ularga hech qanday ko‘rsatma kelgani yo‘q.

Toshkent shahar Sirg‘ali tumani pasport bo‘limi mulozimi bunday xabarni bizdan eshitayotganini aytdi:

- Yo‘q, yo‘q, bunday xabar kelgani yo‘q bizga. Lekin haqiqatan ham pasportga navbat ko‘p. Hozir odamlar dekabr oyining oxirlariga yozilyapti, dedi mulozim.

Yashnobod tumani pasport bo‘limi mulozimi ham pasport olishda joriy yilning 31 dekabridan kech qolgan fuqarolarning jarimaga tortilishi haqidagi xabarga “bo‘lishi mumkin emas”, deya munosabat bildirdi:

- Yo‘g‘e, bo‘lishi mumkin emas. Biz bunday xabarni eshitganimiz yo‘q.Odatdagiday ishimizni davom ettirmoqdamiz, dedi mulozim.

Suhbatdoshlarimizning aytishlaricha, yangi yilgacha biometrik pasport olmaganlar eng kam ish haqining 3 baravaridan 10 baravarigacha jarimaga tortilishi haqida hech qaysi pasport bo‘limiga rasmiy yo‘riqnoma yuborilmagan.

Lekin aholini biometrik pasport bilan ta’minlash haqidagi prezident qarorida eski pasportlar 2015 yilning 31 dekabrida o‘z kuchini yo‘qotadi, deb yozilgan. Qonun bo‘yicha esa muddati o‘tgan pasport bilan yurgan shaxs jarimaga tortiladi.

Navbat ko‘pligi bois pasportini almashtirolmagan fuqarolar ham jarimaga tortiladimi, yo‘qmi, Ozodlik bu savolga hech bir mulozimdan javob ololmadi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, jarima haqida faqat og‘zaki gap bo‘lgan:

“To‘g‘ri bu gap aytildi. Jarimaga tortiladi deyilyapti. Lekin rasman hech qaerga bunday ko‘rsatma yuborilmagan. Balki bu aholiga pasport olishni tezlashtirish uchun qilingan bir og‘zaki po‘pisadir”, dedi mulozim.

"Pasport olish muddatini uzaytirish haqida taklif kiritilgan, javob kutilyapti"

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi esa yangi yilgacha pasport olmagan fuqarolarning jarimaga tortilishi haqidagi gaplardan xabari borligini aytar ekan, bunga oid rasmiy hujjat yo‘qligini ta’kidladi:

“Bu yilning oxirigacha hammaning pasportini almashtirishga fizicheski ulgurilmaydi. Jarima haqida rasmiy qaror yo‘q. Lekin shunday gaplar bo‘lgan. Bundan asosiy maqsad fuqarolarning biometrik pasport olishini tezlashtirishdir. Masalan, shu yilning 31 dekabrigacha siz pasport olish uchun navbatga yozilishingiz va nomer olib qo‘yishingiz kerak. Keyin navbatingiz mart oyida keladimi, aprel oyidami, buning farqi yo‘q”, dedi mulozim.

Ozodlik radiosi 6 noyabr kuni pasport bo‘limlaridagi manbalariga tayangan holda¸ mamlakat aholisining kattagina qismi hali biometrik pasportga o‘tmagani va 31 dekabrga qadar ularga yangi pasport berishni texnik jihatdan amalga oshirish mumkin emasligidan kelib chiqib, hukumat eski pasportlar amal qilish muddatini kamida 2016 yil 31 dekabriga qadar uzaytirishga oid tegishli hujjatlar hozirlayotgani haqida xabar tarqatgandi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Kirish, chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mulozimi bu xabarni yana bir bor tasdiqlar ekan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidan javob kutilayotganini aytdi:

“Biz hali ko‘pchilik ulgurmagani uchun pasport berish muddatini 2016 yilning oxirigacha cho‘zish haqida yuqoriga taklif kiritganmiz. Lekin hali ruxsat berilgani yo‘q. Ya’ni bu savol hanuz ochiq qolmoqda. Ruxsat berishi ham mumkin, bermasligi ham mumkin. Agar ruxsat berilsa, bu ko‘rsatma joylarga jo‘natiladi”, dedi mulozim.

Prezident Islom Karimov 2009 yil 23 iyunda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga asosan¸ “amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini biometrik pasportga bosqichma-bosqich almashtirish" jarayoni 2015 yilning 31 dekabriga qadar to‘liq tugallanishi lozim edi.

Ozodlik manbalari 4 dekabrda O‘zbekistondagi pasport berish bo‘limlarida katta navbat borligini tasdiqlagan bo‘lsa ham, lekin pasport stollarida ur-sur va to‘polon kuzatilmadi.

XS
SM
MD
LG