Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:25

Prezident Karimov, va nihoyat, milisiya uchun qonun yo‘qligini tan oldi


O‘zbekiston Konstitusiyasining 23 yilligiga so‘zlagan nutqida prezident Karimov mamlakatda ichki ishlar organlari xodimlari ishini tartibga soluvchi qonun yo‘qligini tan oldi. So‘nggi 9 oyda aholidan tushgan shikoyatning asosiy qismi huquq-tartibot idoralari ustidan ekanini qayd etgan prezident IIVning huquqbuzarliklariga ko‘z yumgan prokuraturaga ham tanbeh berdi.

O‘zbekiston Konstitusiyasining 23 yilligiga so‘zlagan nutqida prezident Karimov mamlakatda ichki ishlar organlari xodimlari ishini tartibga soluvchi qonun yo‘qligini tan oldi. So‘nggi 9 oyda aholidan tushgan shikoyatning asosiy qismi huquq-tartibot idoralari ustidan ekanini qayd etgan prezident IIVning huquqbuzarliklariga ko‘z yumgan prokuraturaga ham tanbeh berdi.

Gazeta.uz sayti O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 5 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitusiyasining 23 yilligi munosabati bilan Toshkentdagi Forumlar saroyida o‘tkazilgan yig‘inda qilgan nutqidan keltirgan iqtiboslardan birida shunday deyilgan:

"... hozirgi paytgacha ichki ishlar organlari va huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligini normal holat, deb bo‘lmaydi. Birinchi galda qonun ustivorligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun zudlikda ularning (Ichki ishlar organlari xodimlarining - tahr.) maqomi, formasi va ish uslubini aniqlash hamda tuzatishlar kiritish lozim".

Xabarga ko‘ra, prezident Karimov 5 dekabr oqshomida qilgan tanatanali nutqining asosiy qismini qonun buzilishlari va buning oldini olishga qaratgan.

"Konstitusiyada aniq aytilganki, bizning bosh maqsadimiz - nafaqat demokratik huquqiy davlat tuzumini barpo qilish, balki adolatli jamiyatni qurishdir... Bir oddiy haqiqatni yaxshi tushunib olishimiz kerak - bizning xalqimiz har qanday qiyinchilikka dosh berishi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi", deya ta’kidladi Islom Karimov.

O‘z nutqi jarayonida prezident AQShdagi Gallap instituti tomonidan o‘tkazilgan "Qonununiylik indeksi" tadqiqotlari natijasini tilga olgan va O‘zbekistonning 141 mamlakat ichida ikkinchi o‘ringa qo‘yilganidan mamnunligini bildirgan.

Ammo, ayni paytda O‘zbekistonda "qonunning qo‘pol ravishda buzilishi" kuzatilayotganini ta’kidlagan va bunga misollar keltirgan:

"... 9 oy ichida aholidan amaldorlar, huquq-tartibot idoralari va nazorat organlariga oid tushgan 500 shikoyatning har beshinchisi ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidandir".

Ayni paytda, "ishonch telefonlari" orqali davlat amaldorlari va huquq-tartibot idoralari xodimlari ustidan tushgan shikoyatlarning 96 foizi qondirilganini ta’kidlagan davlat rahbari: "Bu ma’lumotlar nimadan dalolat beradi? Murojaat qilgan fuqarolarda u yoki bu davlat organlari qaroridan norozi bo‘lishga to‘la asoslari borligini bildiradi", deb qo‘shimcha qilgan.

Shu tariqa, mamlakatda qonunlar ijrosi to‘liq ta’minlanmayotgani, oddiy fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotganini ta’kidlagan davlat rahbari zudlik bilan mamlakat qonunlariga ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarining o‘z vazifasi, xizmat vakolatlarini aniq bilib olishini ta’minlovchi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish kerakligini ta’kidlagan.

Nutqi davomida davlat rahbari ichki ishlar organlarining qonunbuzarliklariga ko‘z yumib kelgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasini ham turtkilab o‘tgan va bu organ faoliyati "qanchalik samarali ekani" haqidagi savolni o‘rtaga tashlagan.

Bu borada prezident keltirgan yana bir statistik ma’lumotga ko‘ra, 2015 yilning 9 oyi ichida prokuratura va Bosh prokuratura xodimlari ustidan 426ta shikoyat tushgan. Bu shikoyatlar tekshiruvi jarayonida 45 xodim hayfsan olgan, 22 xodim lavozimidan bo‘shatilgan, 33 xodim prokuratura organlaridan chiqarilgan.

"Shu bois, Oliy Majlis Senati qisqa muddat ichida aslida prokuraturaning faoliyati qonuniyligi va bu faoliyat ustidan nazoratni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishi lozim", deb ta’kidlab o‘tgan prezident.

O‘zbekiston prezidenti Konstitusiya kuni munosabati bilan shu vaqtga qadar qilgan chiqishlarida O‘zbekiston IIV va prokuratura organlari faoliyati haqida bu qadar jiddiy nuqt so‘zlmagan edi.

Xususan, o‘zbek milisiyasi faoliyatini tartibga soluvchi va bu organ ustidan nazoratni ta’minlovchi qonun mavjud emasligi mustaqillik yillaridan buyon fuqarolik jamiyati faollari, inson huquqlari himoyachilari hamda xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan aytib kelinar, ammo bunga O‘zbekiston hukumati va prezidenti tomonidan jiddiy munosabat bildirilmagan edi.

O‘zbekiston prezidentining bu nutqi ortidan O‘zbekiston IIV, MXX, sud va prokuratura organlarida jiddiy islohotlar boshlanishi bashorat qilinmoqda.

Shuningdek, 5 dekabr kungi nutqida davlat rahbari 2016 yilni "Sog‘lom ona va sog‘lom bola yili", deb nomlaganini ham e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG