Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:08

Afg‘onistonda bokiraligini isbotlay olmagan kelinlarni og‘ir jazo kutadi


Qadimiy an’anaga ko‘ra, Afg‘onistonda kelinlar bokira bo‘lishi shart va ular to‘ydan avval jinsiy aloqa qilishmaganini isbotlashlari kerak. Ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan Ozodlik radiosiga intervyu bergan afg‘onistonlik ayol mamlakatning ayrim hududlarida hali ham kuyovning qarindoshlari to‘yning ertasiga kelinning bokiraligiga isbot izlab, qon dog‘larini tekshirishini aytdi.

Qadimiy an’anaga ko‘ra, Afg‘onistonda kelinlar bokira bo‘lishi shart va ular to‘ydan avval jinsiy aloqa qilishmaganini isbotlashlari kerak.
Ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan Ozodlik radiosiga intervyu bergan afg‘onistonlik ayol mamlakatning ayrim hududlarida hali ham kuyovning qarindoshlari to‘yning ertasiga kelinning bokiraligiga isbot izlab, qon dog‘larini tekshirishini aytdi.

Nikohsiz jinsiy aloqa qilganlikda ayblanishning o‘zi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Sharmanda bo‘lgan oilalar “buzilgan” kelinlari o‘rniga uning singlisi berilishini talab qilgan hollar ham bo‘ladi. Bokira bo‘lmaganlar zino qilganlikda ayblanib, qamalishlari mumkin. Ular, odatda, qattiq xo‘rlanadi yoki o‘ta og‘ir jazoga tortiladi.

“Ayrim hollarda kelinning quloqlarini va burnini kesib tashlashadi”, deydi afg‘onistoklik ayol. Unga ko‘ra, “bunday ayollarni kir kiyim kiyishga majburlab, ota-onasi oldiga olib borishadi. Sochlarini kesib tashlashadi. Kelinning oila a’zolariga uning bokira emasligini aytishadi. Boshqa hollarda, kelinni shunchaki o‘ldirishadi va ota-onasiga uning jasadini qaytarib berishadi”.

Odatda bu mavzu Afg‘onistonda muhokama qilinmaydi. Ammo to‘ydan avval jinsiy aloqa qilganlikda ayblangan afg‘onistonlik ayollarning ommaviy ravishda jazolanish hollarining ko‘payishi bu mavzu ochiq muhokama qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

Noyabr oxirida 26 yoshli ayol mamlakat markazida joylashgan G‘o‘r viloyatida ommaviy ravishda kaltaklanganidan keyin halok bo‘ldi. Kelin bundan avval uydan qochib ketganlikda ayblangandi.

Oktyabr oyida G‘o‘r viloyatining yana bir turg‘uni - 19 yoshli Ruxshona to‘ydan avval jinsiy aloqa qilganlikda ayblanib, tolib jangarilar tomonidan toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan edi.

Avgust oyida esa aynan shu viloyatda nikohsiz jinsiy aloqa qilgan erkak va ayol ommaviy ravishda kaltaklangan edi.

Ko‘p hollarda kelinning o‘z oilasi uni jazolashga chaqiradi. Ayrim hollarda kelinni o‘z oilasi qabul qilmaydi yoki jazolash uchun rasmiylar qo‘liga topshiradi. Eng og‘ir hollarda kelinning o‘z oila a’zolari uni o‘ldirishi mumkin.

Afg‘oniston mustaqil inson huquqlari komissiyasi a’zosi Maryam Zurmatiy Ozodlik radiosi afg‘on xizmatiga yaqinda bergan intervyusida: “Ayrim oilalar orasida buzuq qizni o‘z oilasiga qaytarib berish udumi mavjud”, degan.

Huquq faoliga ko‘ra, “ kelinning oilasi sharmanda bo‘lmaslik uchun qizlaridan boshqasini uzatishni taklif qiladi. Ayrim hududlarda ayollarni shunchaki o‘ldirishadi. Ayrim hollarda esa to‘ydan keyin juda ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, er xotinini xo‘rlaydi”.

Faqat bitta ismga ega, ya’ni familiyasiz Marziya opasi turmushga chiqqanda bokira bo‘lmagani haqidagi shubhalar sabab pochchasi tomonidan uzoq yillardan beri tahqirlanib kelishini aytadi.

“Turmushga chiqqanida jinsiy aloqa davomida qon kelmagan opam bor, - deydi Parvan viloyati turg‘uni Marziya. - Uni eri uradi, hamma yog‘i ko‘karib yuradi. Uzoq yillardan beri birga yashab kelayotgan bo‘lishsa-da, eri hali ham u buzuq bo‘lganini aytib, xo‘rlaydi”.

Hatto to‘ydan oldin ham afg‘onistonlik bo‘lajak kelinlarni “bokiralik testi”dan o‘tishga majburlashlari mumkin. Bunday hollarda qizlarni pardalari butunligini tekshirtirish uchun hukumat klinikalariga olib borishadi.

Xalqaro inson huquqlari guruhlari bunday testlar xalqaro qonunlarga zidligini va qizlarning jinsiy tarixini ishonchli ravishda aniqlay olmasligini ta’kidlaydi.

Qobulda ishlovchi shifokor Terena Yodgoriy ham bokiralik testlari “tibbiy asosga ega emas”, deb hisoblaydi. Shunday bo‘lsa-da, Yodgoriy Qobuldagi hukumat klinikalarida bunday testlar bir yilda bir necha marta o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.

“Axloqiy jinoyatlar”, jumladan, zino yoki hatto uydan qochib ketish Afg‘oniston jinoyat kodeksida jinoyat o‘laroq belgilanmagan. Shunga qaramasdan, yuzlab qiz va ayol diniy konservatorlardan iborat sudlar tomonidan “axloqsizlik”da ayblanib, qamaladi.

Afg‘oniston konstitusiyasida: “Hech bir qonun muqaddas Islom dini g‘oya va tushunchalariga zid bo‘la olmaydi”, deb yozilgan. Ammo bunday qoidalar konstitusiyaning dunyoviy moddalariga ziddir.

Toliblar katta ta’sirga ega ayrim qishloq joylarda aholi hukumat idoralarini poraxo‘r yoki ishonchsiz, deb hisoblaydi va kelishmovchiliklarni hal qilish uchun toliblar sudlariga murojaat qiladi.

Toliblar sudlari shariatni qat’iy talqin qiladi. Bunday talqin nikohsiz jinsiy aloqa qilganlikda aybdor topilgan ayol va erkaklarni o‘ldirishga yoki boshqa hollarda ommaviy ravishda kaltaklashga chaqiradi.

Afifa Sakib va Frud Bejan hammualliflikda yozgan ushbu maqola Nodir Ataev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG