Линклар

logo-print

O‘zbekistonda 8 dekabr - Konstitusiya kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti 5 dekabr kuni so‘zlagan nutqida fuqarolarning Konstitusiyaviy huquqlarini himoya qilishi lozim bo‘lgan organlarning o‘zlari qonunni buzayotgani haqida gapirdi. Prezidentning bu gaplaridan so‘ng bir necha yillardan beri huquq-tartibot tuzilmalaridan adolat izlab yurgan bir qator o‘zbekistonliklarda ijobiy jarayonlar bo‘lishiga umid paydo bo‘ldi. Bu umidlar ro‘yobga chiqarmikin?

Prezident nimalar haqida gapirdi?

O‘zbekiston Konstitusiyasining 23 yilligi munosabati bilan 5 dekabrda so‘zlagan nutqida prezident Islom Karimov 2015 yilning 9 oyi ichida prokuratura va Bosh prokuratura xodimlari ustidan 426 ta shikoyat tushganini bildirdi.

Bu shikoyatlar tekshiruvi jarayonida 45 xodim hayfsan olgan, 22 xodim lavozimidan bo‘shatilgan, 33 xodim prokuratura organlaridan chiqarilgan.

"Shu bois, Oliy Majlis Senati qisqa muddat ichida aslida prokuraturaning faoliyati qonuniyligi va bu faoliyat ustidan nazoratni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishi lozim", deb ta’kidlab o‘tgan prezident.

Islom Karimov 9 oy ichida aholidan amaldorlar, huquq-tartibot idoralari va nazorat organlari faoliyatiga nisbatan tushgan 500 shikoyatning har beshinchisi ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan ekanini qayd etgan.

O‘zbekiston prezidenti Konstitusiya kuni munosabati bilan shu vaqtga qadar qilgan chiqishlarida O‘zbekiston IIV va prokuratura organlari faoliyati haqida bu qadar jiddiy nuqt so‘zlamagan edi.

“Bugunning gaplari” dasturida O‘zbekiston huquq-tartibot tuzilmalaridagi nohaqliklardan yoki harakatsizlikdan bevosita jabrlanganini aytib kelayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar fikrni o‘rganishga qaror qildik. Ular prezidentning nutqidan so‘ng o‘zlariga nisbatan munosabat o‘zgarishiga, o‘z muammolari hal bo‘lishiga umid qiladilarmi? Bu savol bilan o‘z huquqlari tiklanishi uchun bir necha yillardan beri kurashib kelayotgan uch fuqaroga murojaat qildik.

Prezident nutqidan so‘ng ishdan nohaq bo‘shatilgan oshpazga farroshlikni taklif qilishdi

Birinchi suhbatdoshimiz Jizzax viloyati Zarbdor tumanida istiqomat qiluvchi Malohat Abdullaeva. U bir necha yil avval bolalar bog‘chasidagi oshpazlik lavozimidan nohaq bo‘shatilganini aytib keladi. Unga ko‘ra, bog‘cha mudirasi prokuratura va ichki ishlar organlari vositasida uning noqonuniy ishga olinganini isbotlashga harakat qilib kelgan.

Lekin prezidentning 5 dekabrdagi nutqidan so‘ng Malohat Abdullaevada ishga qayta tiklanishiga umid paydo bo‘lgan. U o‘ziga nisbatan munosabat o‘zgargani va bog‘cha mudirasi unga ish taklif qilganini aytdi:

- Bog‘cha mudirasi meni chaqirib: “Farroshlik qilishga rozimisiz”, degan gapni gapirdi. Prezidentning nutqidagn so‘ng u bir xulosaga kelgan sheklli. Balki adolatsizlik qilganini tan olayotgandir. Endi nima qilaman, besh nafar farzandim bor, ularni boqishim kerak. Hozircha farroshlik qilishga majburman. Biroq ish faoliyatimni hozircha boshlamadim. Konstitusiya bayramidan so‘ng, 9 dekabrdan ishga chiqaman. Ish jarayonida qolgan masalalarni ko‘rib chiqamiz. Balki, insofga kelib qolsa, meni oshpazlik lavozimiga qayta tiklar,- dedi Malohat Abdullaeva.

Bayramdan so‘ng uyidan quvilmaslikni umid qilayotgan ayol

Ikkinchi suhbatdoshimiz Shahnoza Qosimova Buxoro viloyati Kogon shahrida yashaydi. Shahnoza Kogonda uy sotib olganidan 9 yil o‘tganidan so‘ng rasmiylar bu uy noqonuniy sotib olinganini iddao qila boshlagan. U uch yil davomida bir necha marotaba prokuratura organlariga murojaat qilgan, lekin natija bo‘lmagan. Uni 9 dekabr kuni, ya’ni Konstitusiya kuni nishonlanganining ertasi barcha davlat idoralari tomonidan o‘z vaqtida qonuniylashtirilgan, ammo bugungi kunda noqonuniy bo‘lib qolgan uyidan badarg‘a qilishmoqchi.

To‘rt nafar balog‘atga yetmagan bolalarning onasi Shahnoza Qosimova prezidentning nutqidan so‘ng prokuratura organlari uning arizalariga ham e’tibor qaratishiga va uni uyidan quvib chiqarmasliklariga umid qilmoqda.

- Prokuraturaga telefon orqali uch marta, ariza orqali uch marta shikoyat qildim. ”Ha, bo‘pti, ishingizni hal qilamiz”, deyishadi va ishimni yana Kogonga jo‘natishadi. Kogon prokuraturasiga meni chaqirtirishadi, yana voqeani boshidan aytib beraman. “Bo‘pti, hal qilamiz”, deyishadi. Keyin Kogon prokuraturasidan xat keladi: “Yuqori tashkilotga murojaat qiling”, degan. Shunday qilib yana yuqori tashkilotga murojaat qilaman. Mana shunday aylanpa xat bilan yuribman. Prezidentning nutqidan so‘ng, 9 dekabrga kelib: ”Yo‘q, uydan chiqarilmaysiz. Bu ishni qilganlarni jazolaymiz”, degan gap bo‘larmikin, degan umid bilan yashab kelayapman. Erta bo‘lsinchi, -dedi Shahnoza Qosimova.

Umidi faqat prezidentdan bo‘lgan Dili opa

Samarqandlik Ra’no Qo‘ldosheva 16 yoshli o‘g‘li Ulug‘bekni milisiya xodimlari kaltaklab o‘ldirgani yuzasidan shikoyat yozganidan so‘ng joriy yil fevralida tartib posbonlariga tuhmat qilganlikda aybdor deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning onasi Dili opa prezidentning 5 dekabrdagi nutqini diqqat bilan eshitgani va prokuratura, ichki ishlar organlaridagi vaziyat haqida gapirgan gaplaridan nihoyatda quvonganini, shu gaplardan keyin Ra’noning ishi qayta ko‘rib chiqilishiga umid paydo bo‘lganini aytdi:

- Meni umidim bor. Umidim faqat prezidentning gaplaridan. Boshqa hech kimdan umid qilmay qo‘ydim. Bolamga ozodlik berilishiga umid qilayapman. Prezidentdan boshqa hech kimdan umid qilmay qo‘yganimga sabab, men o‘zim 2-guruh nogironiman, nevaram 1-guruh nogironi. Nogironlar kunida birorta odam kelib, bizdan xabar olmadi, juda ho‘rligim keldi. Biz kassasiyaga berganmiz. Bayramdan keyin kassasyai sudi bo‘ladi, deyishgan. Ajab emas, o‘sha sudda biron narsa bo‘lsa, - dedi Dili opa.

Shuhrat Rustamov: "Bu gaplarning hammasi ko‘zbo‘yamachilik"

Keyingi suhbatdoshimiz toshkentlik huquq faoli Shuhrat Rustamov. U prokuratura organlaridagi nohaqliklar va adolatsizliklar haqida minglab shikoyatlar yozgan fuqaro sifatida ham taniqli.

Shuhrat Rustamov avvalgi suhbatdoshlarimizdan farqli o‘laroq prezidentning nutqidan hech narsa umid qilmayotganini va bu nutqdan ham huquq-tartibot tuzilmalaridagi vaziyat o‘zgarmasdan qolishiga ishonishini, hech qanday islohotlar o‘tkazilmasligiga ishonishini aytdi.

Ozodlik: Shuhrat aka, siz O‘zbekiston prokuraturasi va boshqa huquq-tartibot tuzilmalari faoliyati haqida eng ko‘p ariza yozgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsangiz kerak.

-Men Bosh prokurordan boshlab, barcha kichik prokurorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi shikoyatlarimning o‘zi uch mingdan oshib ketgan. Ularni pochtadan jo‘natganman, hammasining kvitansiyalari menda mavjud.

Ozodlik: O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida mana shu prokuratura xodimlarini tanqid qildi. Bu nutqdan keyin bu organda biror bir islohot o‘tkazilishiga, biron bir o‘zgarish bo‘lishiga ishonasizmi?

- Aslo ishonib bo‘lmaydi. Bunga ishonish uchun, eng avvalo Bosh prokurorning o‘zi sudda javobgar bo‘lishi kerak. Chunki prokurorlarning har bir qonunbuzarligi, harakatsizligi jinoyat hisoblanadi. Ular biron bir ariza yuzasidan qaror qabul qilmaydi, nuqul xat bilan javob qaytaradi. Prokuror qonunni himoya qiluvchi odam sifatida qonun bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak. Ammo 95-98 foiz holatlarda faqat xat bilan javob qaytaradi.

Ozodlik: Sizgacha men prokuratura va boshqa huquq-tartibot tuzilmalaridan jabrlangan odamlar bilan gaplashdim. Ular prezidentning nutqidan so‘ng ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutayotganliklarini aytishdi.

- Yo‘q, prokuraturada biron islohot o‘tkazilishi uchun birinchi navbatda uning boshlig‘i javobgarlikka tortilishi kerak. Nima uchun vaziyat shu ahvolga etib qoldi? Mana shuncha prokurorlar javobgarlikka tortilibdi, mana shunchasi ishdan olinibdi, mana shunchasiga hayfsan berilibdi... Shundoq ekan, vaziyatni shu darajaga yetkazgan Bosh prokurorga nega chora ko‘rilmayapti? Mana sizga asosiy jumboq. Quyi turgan prokurorning noqonuniy harakati yashirilganidan keyin, ana shu prokuror qatnashayotgan barcha sud ishlarida qonunbuzarlik davom etaveradi.

Ozodlik:Unda prezident gapirib-gapirib qolib ketaveradimi?

- Qolib ketaveradi, unga farqi yo‘q. Endi uning davri tugab qoldi. O‘shaning uchun endi minbarga chiqib, xalqqa yoqadigan biron bir gapni aytishi kerak. O‘zi aslida, prokuraturada nima ahvol ekanini prezidentning o‘zi ham bilmaydi. Unga nutqini tayyorlab berishgan bo‘lsa kerak.

Ozodlik: Demak, siz prezidentning nutqidan so‘ng huquq-tartibot tuzilmalarida islohotlar boshlanadi, degan nuqtai nazarga pessimistik qarashda ekansiz-da?

-Men bu bashoratlarga aslo ishonmayman. Agar prezident nutqida mana shuncha faktorlarni ko‘rsatib, gapirganidan so‘ng “Bosh prokuror ishdan olinsin”, deganida ishongan bo‘lar edim. Bu navbatdagi yolg‘on, qo‘zbo‘yamachilik bu.

Ozodlik: Sizning nazaringizcha, nima qilinishi kerak, islohotlar bo‘lishi uchun?

- Senat prokuratura tizimini nazoratga olishi kerak. Hisobot olayotganda, aholidan kelgan barcha shikoyatlarni Bosh prokurorning oldiga qator qilib tizib: ”Sizning hisobotingiz mana shu shikoyatlar asosida tayyorlanganmi yoki ko‘zbo‘yamachilik asosida tayyorlanganmi?”, degan savolni ko‘ndalang qo‘yish kerak. Ana shunda haqiatga erishsa bo‘lar edi.

Ozodlik: Aholining huquq-tartibot organlaridan noroziligi, ularning faoliyatidan qoniqmayotgani sabablari nimadan kelib chiqayapti? Bu organlarda ishlaydigan odamlarning o‘zlari qonunlarni bilmasligidanmi yoki qonunlarni turlicha talqin qilish mumkinligidanmi va yoki qonunlarning mukammal emasligidanmi?

-Siz aytgan uchchala faktorga ham mos kelmaydi. Bu savolga bitta javob - Korrupsiya, -dedi Shuhrat Rustamov.

O‘zbekiston Konstitusiyasi tarixidan

O‘zbekiston Konstitusiyasi 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan va o‘sha kuniyoq kuchga kirgan edi.

Mazkur Konstitusiya konstitusiyaviy komissiya tomonidan 2,5 yil mobaynida yozilgan. Konstitusiya ustida 82 nafar etakchi olimlar va mutaxasislar ish olib borgan.

1992 yilning 26 noyabrida Konstitusiya umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan va muhokamada fuqarolar tomonidan 6 mingdan ortiq takliflar kiritilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi Oliy Majlisning 1992 yil dekabrda o‘tgan XI sessiyasida 80 tuzatishlar va o‘zgartishlar kiritilganidan so‘ng qabul qilingan edi.

XS
SM
MD
LG