Линклар

logo-print

Tojikistonda tojikcha ismlar yagona ro‘yxati kitob shaklida kelasi yil boshida nashrdan chiqarilishi kutilmoqda. Respublika hukumati huzuridagi til va atamashunoslik qo‘mitasi tuzayotgan mazkur ro‘yxat nashrdan chiqqach, millati tojik chaqaloqlarga faqat shu ro‘yxatga kiritilgan ismlar beriladi.

Tilga olingan qo‘mita xodimi Abdurahim Zulfoniyonning Ozodlik radiosi tojik xizmatiga aytishicha, tojikcha ismlar yagona reyestrini tuzish ustidagi ish 2012-2016 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Reestrni tuzish ishiga Tojikiston Fanlar Akademiyasining yetakchi mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlari professorlari, Tojikiston Milliy ensiklopediyasi ilmiy nashriyoti xodimlari jalb etilgan.

Abdurahim Zulfoniyonga ko‘ra, tojikcha ismlar yagona reyestri joriy yil oxirigacha yoki kechi bilan kelasi yil boshida alohida kitob tarzida nashr etiladi. Kitobdan tojiklarning qariyb 5 mingta zamonaviy va qadimiy ismlari o‘rin oladi.

Tojikiston hukumati huzuridagi til va atamashunoslik qo‘mitasi vakilining aytishicha, ismlar kitobi chaqaloqlarga metrika beradigan idoralar va tug‘ruqxonalar xodimlari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Ismlar kitobida unga kiritiladigan har bir ismning ma’nosi tushuntiriladi, uning forscha ekvivalenti va lotin yozuvidagi transkripsiyasi beriladi.

Abdurahim Zulfoniyonga ko‘ra, “Fuqarolik holatlariga oid aktlarni davlat qaydidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilganidan so‘ng fuqarolik holatlarini qayd etuvchi idoralar metrika yozar ekanlar, ismlarni ismlar kitobidagi shakldan boshqacha yozishi mumkin emas.

“Xususan, tojik millatiga mansub fuqarolar o‘z bolalariga “qul”, “xon” kabi turkiycha qo‘shimchali ismlar berish yoki masalan, o‘z qizini Tumanoy, deb atash huquqidan mosuvo qilinadi”, dedi Ozodlik radiosi tojik xizmatiga Abdurahim Zulfoniyon.

Ayni paytda, Zulfoniyonning aytishicha, Tojikistonning millati tojik emas fuqarolari uchun o‘zlarining milliy odat va an’analaridan kelib chiqqan holda o‘g‘il-qizlariga ism berish huquqi saqlanib qoladi.

Tojikiston hukumati huzuridagi til va atamashunoslik qo‘mitasi vakili Abdurahim Zulfoniyon Ozodlik radiosi tojik xizmatiga gapirar ekan, “mahalliy milliy ozchiliklar – turkiy tillilar ismlarining 80%ini tojikchadan olgan va shuning uchun ular ham ismlar kitobidan foydalanishi mumkin”, degan.

Zulfoniyonga ko‘ra, tojik klassiklari tomonidan foydalanilgan va tojik adabiy tilidan joy olgan arabcha ismlar ham ismlar reyestriga kiritiladi, ayni paytda unga ba’zi arxaik yoki o‘ta qadimiy arabcha va hindcha ismlar kiritilmaydi.

Aytilishicha, ismlar kitobi nashr etilganidan so‘ng u Adliya vazirligiga jo‘natiladiki, buning boisi fuqarolik holatlariga oid aktlarni rasmiylashtiradigan idoralar aynan shu vazirlik tasarrufidadir.

Tojikiston Respublikasi adliya vazirligining Fuqarolik aktlarini qayd etish boshqarmasi rahbari muovini Jaloliddin Rahimov avvalroq Ozodlik radiosi tojik xizmatiga bergan intervyusida “Fuqarolik holatlariga oid aktlarni davlat qaydidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilganidan so‘ng Tojikistonda arabcha va “yot”ismlar qayd etilmasligi to‘g‘risida gapirgan edi.

“Yot” ismlar der ekan, mulozim qushlar va hayvonlar nomlarini nazarda tutgan edi.

Qonunga kiritilajak o‘zgartishlar loyihasida “milliy madaniyatga yot ismlar, inson qadr-qimmatini pastga uruvchi narsalar, hayvonlar va qushlar nomlari hamda kishilarni toifalarga bo‘luvchi ismlar taqiqlanadi”, deyilgan.

Xabarlarga qaraganda, “Fuqarolik holatlariga oid aktlarni davlat qaydidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar loyihasini shu kunda Tojikiston parlamenti ko‘rib chiqmoqda.

Ismlarni tojikchalashtirishni familiyasidan ruscha -ov qo‘shmchasini olib tashlash bilan mamlakat prezidenti Imomali Rahmon boshlab bergan edi.

XS
SM
MD
LG