Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:38

Muhammad Solihga suiqasdda gumon qilinganlar shaxsi matbuotga sizdirildi


Istanbulda O‘zbekiston muxolifati rahbari Muhammad Solihga suiqasd urinishida gumon qilingan ikki shaxs mahkama qarori bilan hibsda qoldirildi. Ulardan biri Furqan A. ismli O‘zbekiston fuqarosi ekani haqidagi ma’lumotni Turkiya adliya tizimidagi manbalar surati bilan matbuotga sizdirdi. Hibsda qolayotgan yana bir shaxsning dog‘istonlik ekani aytilmoqda.

Turkiyada chiqadigan Yeni Safak gazetasiga ko‘ra, qo‘lga olingan yana uch kishining ko‘rsatmasi olinib, shaharni tark qilmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan.

O‘tgan hafta Istanbul polisiyasining Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi Muhammad Solih va uning o‘g‘li Temur yashaydigan hovli yaqinida shubhali avtomobilni ta’qib etib, mashinada qochishga uringan besh odamni hibsga olgan edi.

Suiqasd urinishida gumonlanib, hibsda ushlab turilayotgan ikki kishi ustidan mahkama yaqin kunlarda Istanbulning Tuzla mavzeidagi sudda ko‘rilishi kutilmoqda.

Mahkama bu ikki shaxsning suiqasd urinishi epizodini muhokama qiladi. Lekin, hibsga olingan shaxslar haqida polisiya jamoatchilikka hech qanaqa ma’lumot bermayapti.

Turkiyada chiqadigan So'zcu gazetasiga ko‘ra, bu ikki shaxs Istanbulning Pindik mavzesidagi kvartirani 33 yoshli Husanbek U. ismli O‘zbekiston fuqarosi nomiga kiraga olgani aniqlagan.

Lekin, Husanbek U. ismli shaxsning qaerdaligi hozir ma’lum emas.

Muhojiratda yashayotgan o‘zbek muxolifati rahbari Muhammad Solih O‘zbekistondagi prezident Islom Karimov boshchiligidagi rejimni muxoliflarini yo‘q qilishga urinayotganlikda aybladi.

Solih bu haqda o‘zi va o‘g‘liga qarshi suiqasd urinishida gumon qilinayotgan shaxslar o‘tgan haftada Turkiyada hibsga olingani haqidagi xabarlar ortidan ta’kidladi.

- Karimov rejimi Shvesiyadan to Turkiyaga uzaygan qotillar tarmog‘ini qurgan, ular rejimga qarshi harakat qilgan insonlarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanyapti, - dedi Solih.

O‘zbekiston Xalq harakatining Yetakchisi Muhammad Solihning uyi 2013 yilda o‘qqa tutilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Turkiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimiga ko‘ra¸ Muhammad Solihning ikki yil avval o‘qqa tutilgan Istanbuldagi uyi qattiq qo‘riqlanmoqda.


-Avval ham uyimizga o‘q uzib ketishdi. U paytda u qadar jiddiyga olmagan edik buni. Abdulla Buxoriy o‘ldirib ketilganidan so‘ng bu narsaning planli ravishda qilingani va jiddiy bir tarmoq ekani o‘rtaga chiqdi, - dedi Solih.

O‘zbek muxolifat rahbariga suiqasd urinishi haqidagi xabarlar turk matbuotida Shvesiyada taniqli imom Obidxon qori Nazarovga suiqasd yuzasidan mahkama hukmi kutilayotgan bir paytda paydo bo‘ldi.

Shved prokurori Krister Peterson Obidxon qori Nazarovga suiqasd urinishi ortida o‘zbek maxsus xizmatlari turganini aytgan edi.

- Hozir Turkiya va Shvesiyada suiqasd qilganlar bir tarmoq ekani ma’lum bo‘lyapti, - deydi Muhammad Solih.

O‘zbekiston muxolifati faollariga nisbatan hujumlar ilk bora bo‘layotgani yo‘q. O‘tgan yili esa Istanbulda o‘zbekistonlik imom Abdullo Buxoriy otib o‘ldirildi.

2011 yilning 24 sentyabr kuni, o‘zbek muxolifati faollaridan biri Fuad Rustamxo‘jaev Ivanovo shahrida o‘z uyi oldida otib ketilgan edi.

2012 yil 22 fevral kuni Shvesiyaning Stromsund shahrida O‘zbekistondagi Karimov rejimini oshkora tanqid qilib kelgan taniqli ulamo Obid qori Nazarovga o‘z uyi pod’ezdida suiqasd uyushtirilgan edi.

1999 yili O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Botir Tursunov va Interpolning O‘zbekiston bo‘limi boshlig‘i polkovnik Mahmud Xayitovlar, Rossiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan sobiq milisioner Bahrom Mo‘minoxunov ishtirokida Muhammad Solihga qarshi amalga oshmay qolgan suiqasd haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG