Линклар

O‘zbekiston bo‘ylab maktab, kollej-liseylar, oliy o‘quv yurtlari, shifoxona va deyarli barcha davlat tashkilotlarida tungi navbatchilik tashkil qilindi. Ushbu tadbir Konstitusiya bayrami munosabati bilan xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida tashkil qilingani aytilayapti.

Tungi navbatchiliklar

Qo‘qon maktablaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1 dekabrdan boshlab har bir maktabda maxsus shtablar tashkil qilinib, o‘qituvchilar tuni bilan navbatchilik qilib chiqayapti:

“Har kuni qorovuldan tashqari uch yoki to‘rt kishi shtabda qolib, navbatchilik qilayapti. Navbatchilar soni maktabning katta-kichikligiga bog‘liq. Bizning maktabda qorovuldan tashqari uch o‘qituvchi navbatchilikka qolayapti. Qo‘shni maktab bizga nisbatan katta bo‘lgani uchun ularda to‘rt kishi tungi navbatchilikka ajratilgan. Navbatchilik navbati bilan qilinayapti. Kechasi navbatchilikka qolgan o‘qituvchiga ertasiga dam olish berilayapti”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz qo‘qonlik o‘qituvchi.

Uning aytishicha, o‘qituvchilar maktab xavfsizligiga mas’ul bo‘lib, tuni bilan maktab hududini aylanib, nazorat qilishlari lozim:

“Navbatchilar qo‘liga tegishli idoralarning telefon raqamlari berilgan. Agar favqulodda bir hodisa ro‘y bersa yoki shubhali biror narsaga ko‘zi tushsa, zudlik bilan ularga qo‘ng‘iroq qilishlari lozimligi aytilgan”, dedi qo‘qonlik o‘qituvchi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Qo‘qondagi manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, tungi navbatchilik maktablardan tashqari davlat byudjetiga qarashli deyarli barcha tashkilotlarda amalga oshirilayapti.

Shu kunlarda Qashqadaryo va Surxondaryoda bo‘lib qaytgan "Ezgulik" jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ushbu viloyatlardagi tashkilotlarda ham tungi navbatchiliklar tashkil qilingan:

- Mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Ayniqsa, jamoat muassasalari, ta’lim muassasalarida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, o‘rta maktablar, kollejlarda tunu-kun navbatchilik tashkil qilingan. Bugun Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida bo‘ldim, u erda har bir maktabda uchtadan o‘qituvchi tungi navbatchilikka turishayapti ekan, mahalla posbonlari bilan birgalikda. Toshkentning o‘zida ham navbatchiliklar bor. Masalan, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon tillari universiteti singari joylarda tanishlarim, qarindoshlarim ishlashadi. Ular ham navbatchilik qilib kelayotganliklarini aytishayapti,- dedi Abdurahmon Tashanov.

Antiterror tadbirlar

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan antiterror tadbirlari doirasida har bir fuqaroning qaerda, nima ish bilan mashg‘ulligi qaydga olinmoqda.

Masalan, Farg‘ona viloyatida mahalla faollari, posbonlar va uchastka nozirlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, har bir fuqaroni 8 dekabrgacha qaydga olib chiqqan.

Shuningdek, joylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, MXX nazoratida turgan, ya’ni oldin qamalgan yoki yaqinlari qamoqda bo‘lgan shaxslar MXX idorasiga chaqirtirilib, maxsus suhbatdan o‘tkazilayapti.

Asiaterra nashriga ko‘ra, poytaxtning katta savdo markazlarida odamlar metall detektorlar yordamida tekshirilib, ryukzak, portfel va sumkalar tintilmoqda.

Uzmetronom nashri xorijdan qaytgan har bir fuqaroning terrorchilik tashkilotlariga aloqasi bor yoki yo‘qligini tekshirish uchun uchastka nozirlari so‘roq qilayotgani haqida yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan xabarga ko‘ra, poytaxtdagi barcha Internet kafelar qattiq nazoratga olingan hamda Internet trafigi tekshirilayapti.

IShID xavfi

Mamlakatdagi antiterror tadbirlari IShID jangarilari O‘zbekistonga kirishga harakat qilayotgani haqidagi xabar chiqqanidan so‘ng boshlangani aytilmoqda.

Noyabr boshidan buyon huquq-tartibot idoralari xodimlari aholi orasida tushuntirish ishlari o‘tkazib, aholini hushyorlikka chorlamoqda.

Mahalliy matbuot ma’lumotiga ko‘ra, Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etib, so‘ng qochishga majbur bo‘lgan ayrim jangarilar O‘zbekiston hududiga kirib, yashirinishga urinmoqda.

Nechta jangari O‘zbekistonga o‘tgan yoki o‘tishga uringani haqidagi ma’lumotlar shu paytgacha ochiqlanmagan. Lekin hushyorlikka chaqiruvchi tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning Ozodlikka bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilayotgan antiterror tadbirlari natijasida mamlakat bo‘yicha IShIDga aloqadorlik ayblovi bilan hibsga olinganlar soni 200 nafarga etgan.

Hibs etilganlarning kamida 160 nafari Toshkent shahri va viloyatida yashovchi fuqarolar ekani aytilayapti.

XS
SM
MD
LG