Линклар

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan The Soufan Group tadqiqot markazi o‘z rasmiy saytida 7 dekabr kuni e’lon qilgan “Xorijlik jangarilar. Suriya va Iroqqa kelayotgan jangarilar oqimiga oid so‘nggi ma’lumotlar” hisobotiga ko‘ra, so‘nggi bir yarim yil ichida IShID tarkibiga qo‘shilgan chet elliklar soni ikki barobarga o‘sgan.

Aytilishicha,, shu kunlarda Suriya va Iroqda IShID bayroqlari ostida 86 mamlakatdan kelgan 27 mingdan 31 minggacha chet ellik mavjud.

2014 yil iyunida xorijlik jangarilar soni 12 ming kishi edi. The Soufan Group tahlilchilari bu hisob-kitoblarda BMT, hukumatlar va ilmiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga tayangan.

Hisobotdan IShID terrorchi guruhi tarkibida G‘arbiy Evropa davlatlari fuqarolari soni 2 barobarga, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari soni esa 3 marta ko‘paygani ma’lum bo‘ladi.

The Soufan Group Rossiya (2400 kishi), Qozog‘iston (300 kishi) Tojikiston (386 kishi) bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarga tayanib, O‘zbekiston (500 kishi), Qirg‘iziston (500 kishi), Turkmaniston (360 kishi) norasmiy manbalarga tayanib xabar qilgan.

IShID terror guruhi saflaridagi MDH davlatlari vakillarining umumiy soni 4.7 ming kishini tashkil qilgan.

Hisobotga ko‘ra IShID terror guruhi safida janglarda qatnashish uchun Suriya va Iroqqa eng ko‘p jangari Tunisdan (7 ming kishi), Iordaniyadan (2.5 ming kishi), Saudiya Arabistonidan (2.5 ming kishi), Rossiya (2.4 ming kishi, asosan Checheniston va Dog‘istondan), Turkiyadan (2-2.2 ming kishi), Marokashdan (1.5 ming kishi) va Misrdan (1000 kishi) kelgan.

IShIDchilar orasida yangi zelandiyaliklar (6 kishi), qatarliklar (10 kishi), portugaliyaliklar (12 kishi) eng ozdir.

IShID safiga kirgan fuqarosi eng ozlar qatorida arab davlati ham bor: Birlashgan Arab Amirliklaridan 15 kishigina.

The Soufan Group tadqiqot markazi xavfsizlik sohasida konsultasiyalar berish bilan shug‘ullanadi.

XS
SM
MD
LG