Линклар

21 yil qamoqda saqlangan va o‘tgan oyda ozodlikka chiqarilgan sobiq siyosiy mahbus Murod Jo‘rayevga fuqarolik pasporti berilmayapti. Bu haqda Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti bong urdi. "Uzoq yillik tutqunlikda orttirgan kasalliklaridan davolanishi uchun sobiq mahbusga zudlikda pasport zarur", demoqda tashkilot.

Yoshi 63 ga chiqqan Murod Jo‘rayevga pasport berilmayotganini Ozodlik bog‘langan uning yaqinlari tasdiqladi.

- Bir necha marta pasport stoliga bordilar, lekin ololmayapti. Cho‘zilyapti. Pasportsiz poezdga bilet ham olib bo‘lmaydi, yashash joyida qayddan ham o‘tkazishmaydi. Shusiz hech bir kasalxona qabul qilmaydi, - dedi Ozodlikka gapirgan Murod Jo‘rayevning o‘g‘illaridan biri.

Sobiq mahbusning o‘zi bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi. Jo‘rayev qamoqdan chiqarilganida unga jurnalistlarga gapirmaslik sharti qo‘yilgani aytiladi.

Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayevaning Ozodlikka aytishicha, 63 yoshli Murod Jo‘rayev qamoqxonada orttirgan sil hamda buyrak yetishmovchiligi kasalliklaridan zudlikda davolanishi zarur.

21 yil qamoqda o‘tirib chiqqan odamga navbatsiz pasport berilishi kerak. O‘zbekistonda pasport shaxsini aniqlovchi hujjat sanaladi. Hozir Murod Jo‘raevga davolanishi uchun zudlikda shu hujjat zarur. Lekin, berilmayapti. Murod Jo‘rayev qamoqxonada davolanish imkoniga ega bo‘lmadi, endi ozodlikka chiqqanidan so‘ng davolanishi uchun yana muammolarga duch kelmoqda, - deydi Nadejda Otayeva.

Murod Jo‘rayev 1994 yilda hokimiyatni noqonuniy bosib olishga urinishda ayblanib, qamoqqa olingan edi. Jo‘rayevga o‘shanda 12 yillik qamoq belgilangan edi.

Murod Jo‘rayevning qamoq muddati to‘rt marta uzaytirildi.

- Qamoqda Murod Jo‘rayev sil kasalligini orttirdi. Bundan tashqari, qattiq sovuqda qiynoqqa solinganida buyragi shamollagan. Qamoq davrida Jo‘rayevni tishlari to‘kilib bo‘ldi. Pasport berilmayotgani Murod Jo‘rayevning hayotini xavf ostiga qo‘ygan va shu hujjatsiz sobiq mahbus fundamental huquqlaridan maxrum qolmoqda, - deydi Nadejda Otayeva.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq vaqt qolgan siyosiy tutqun o‘tgan oy AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining O‘zbekistonga tashrifi ortidan ozodlikka chiqarilgan edi.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

O‘sha yillarda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan edi.

Murod Jo‘rayev 1990- yillar boshida O‘zbekiston parlamenti deputati ham bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG