Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:07

Qozog‘istonda mehnat muhojirlari sil bo‘yicha bepul ko‘rikdan o‘tkaziladi


Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi mamlakatda ishlayotgan muhojirlarga sil haqida axborot taqdim etmoqchi va ularni bepul ko‘rikdan o‘tishga chaqirmoqda.


Mehnat muhojirlari salomatchiligiga oid masaladan 8 dekabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bahs etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sil muammolari milliy markazi direktori Tleuxan Abildaev endilikda Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat muhojirlari sil kasalini aniqlash bo‘yicha bepul ko‘rikdan o‘tishlari mumkinligini bildirdi.

- Qozog‘istonda sil kasalini stantsionar davolash davlat hisobidan bepul amalga oshiriladi. Keyin esa xastalar o‘z yurtlari yuboriladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya yaqin yillar ichida sil kasaliga chalingan va muolajadan o‘tgan fuqarolarga oid umumiy informasion yo‘l xaritasi ishlab chiqish niyatida. Shu tariqa, fuqaroning qabul qilgan mamlakatda va vataniga qaytganidan keyin davolanishiga oid butun manzarani kuzatish mumkin bo‘ladi, - deli Tleuxan Abildaev.

Uning aytishicha, bugungi kunda 123 nafar mehnat muhojirining silga chalingani aniqlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonga yiliga 300 mingdan bir million nafargacha muhojir keladi. Ularni sil bo‘yicha bepul tekshiruvdan o‘tkazish tadbiriga Project HOPE xalqaro tashkiloti homiylik qilmoqda. Bu tashkilot, silga qarshi kurash bo‘yicha uch yillik rejaga muvofiq, Qozog‘istonning Qarag‘anda, Ostona, Olmaota, Aqtau, Aqto‘be, Chimkent shaharlarida va Olmaota viloyatida tadbirlar o‘tkazishni boshlagan.

Yarim yildan buyon Ostonadagi xususiy uylar qurilishida ishlayotgan o‘zbekistonlik Nuriddinning silga qarshi o‘tkazilayotgan bu tadbirlardan xabari yo‘q. U silga qarshi xabarnomalar tarqatib yurgan xodimlarni ko‘rmaganini va o‘zini tekshirtirish uchun shifokorlarga murojaat qilishdan cho‘chiyotganini aytadi.

- Agar poliklinikada tekshiruv chog‘ida xastaligim aniqlangudek bo‘lsa, meni deportasiya qilishlari yoki davolanish uchun pul talab qilishlari mumkin, - deydi Nuriddin.

Qozoq rasmiylarining yirik shaharlarda sil kasalini aniqlash bo‘yicha bepul tekshiruv o‘tkazish tadbirini Ostona shahar silga qarshi dispanseri bosh shifokori Anna Tsepke ham qo‘llab-quvvatlaydi.

- Mehnat muhojirlari davolanish bepul ekanini bilmaydilar. Nohukumat tashkilotlari bu fuqarolarni izlab topib, tekshirtirish uchun bizga olib kelayaptilar. Bu yil o‘rta og‘irlikdagi silga chalingan 6 ming kishini aniqladik, shuningdek, biz ular bilan muloqotda bo‘lgan kishilarni ham tekshiruvdan o‘tkazdik, - deydi Anna Tsepke.

Muhojirlar orasida sil profilaktikasi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlardan biri Qarag‘andadagi “Umit” nohukumat tashkilotidir. Tashkilot xodimlari qurilish maydonlari va bozorlarda rasta oralab yurib, mehnat muhojirlariga sil haqidagi ma’lumotlar va xastalikni davolash yo‘llari yozilgan varaqalarni tarqatmoqda.

- So‘nggi besh oy ichida bunday varaqalarni 1580 kishiga tarqatdik. 78 kishi tibbiy tekshiruvdan o‘tdi. Buning yaxshi tomoni – hech kimda sil alomati topilmadi. Sil juda yuqumli kasallikdir. Bir xasta odam kasallikni 50-60 kishiga yuqtirishi mumkin. Shuning uchun uning oldini olish zarur, - deydi “Umit” tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi Ayman Belqo‘janova.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda silga chalinganlar soni 11 ming 458 kishini tashkil etadi. Ayni paytda qozoq rasmiylari mamlakatda silga chalinish holati 2000 yildan buyon 9,5 foizga kamayganini aytmoqdalar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga muvofiq, dunyoda har yili taqriban 9 million odam silga chalinadi, qariyb 1,5 million odam nobud bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG