Линклар

Ozodlik pochtasiga kelayotgan xatlardan yana birini OzodMaktub rukni ostida e’tiboringizga havola qilayapmiz. E’lon qilar bo‘lsak, ismi oshkor etilmasligini so‘ragan xat muallifi o‘zi haqda qo‘shimcha ma’lumot bermadi. Lekin maktubi mazmunidan hali yosh ekani, saratonga chalingunicha topish-tutishi yaxshi bo‘lgani bilinib turibdi.

"Zamonaviy telefon tilida" yozilgan maktubning u er-bu eriga qalam tegizib, tahrir qilgan bo‘ldik. Lekin xat mazmuniga mutlaqo zarar yetgani yo‘q.

Marhamat, maktubni o‘qing:

Salom, Ozodlik, mazam bo‘lmay nevropatologga murojaat qildim va menda rak kasalligi borligini aytishdi.

O‘sha kun man uchun juda og‘ir kun bo‘ldi. Davolanishga Hindistonga ketaman, deb bilet oldim.

Lekin srochno operasiya qilish kerak, deyishdi.

Shunda yaqin tanishim “TTZda neyroxirurgiya bor, direktori eng zo‘r vrach, borib ko‘r”, dedi va ertasiga bordim.

Snimkalarimni ko‘rib bu arzimagan operasiya, o‘zimiz qilib tashlaymiz, dedi, siz order qilib keling, dedi.

Ertasiga Hindistonga olgan biletimni topshirib, order qilib keldim.

Bir kishilik palata so‘radim. Oldiniga 15000 so‘mdan to‘laysiz, deyishdi, ertasiga yo‘q, 25000 dan deyishdi.

Ha mayli, deb to‘ladim. Order olgan odamga menimcha sistema, perchatka, shprislar tekin. Lekin u joyda nafas olishingiz ham pul.

Mayli, dedim. Hamma narsani vaqtida yetkazib berdim.

Menku, mayli amallab obkeldim, lekin puli yo‘q odamlarchi?!

U erdagi vrachlarning kasallarga qilayotgan muomalasini ko‘rib, ularni, to‘g‘risi, nemislarga o‘xshatdim: kasalga na muomala, na qarash bor.

Xonamga oblastlardan kelgan odamlar kirib yig‘lashadi. Stavkasi 150 dan 300 dollargacha ekan. Buncha pulimiz yo‘q deyishsa, unda bo‘tta nima qilib yotibsizlar, deyishadi vrachlar.

Mening pulli palatamdan tarakan arimaydi. Hatto jahlim chiqib rasmga olivoldim.

Vrachlar operasiyaga kirishdan oldin baquvvat-baquvvat ovqat zakaz qilishadi. Bemorlarning yaqinlari osh obkelamiz, desa, yo‘q, oshni kecha yedik, kabob olib kelinglar, deb buyurishadi, hayratdan yoqamni ushladim.

Bemorning qo‘lida puli bormi-yo‘qmi - vrachlarga baribir.

Oblastlardan kasal ko‘rgani kelishsa kirgizishmaydi. Lekin o‘zlarining qarindoshlari kelsa, xalatsiz, ko‘chada yurganday gala-gala bo‘lib kirishadi.

Operasiya bo‘ldim, lekin ko‘zlarim yumilib qoldi. Ota- onamni man boqardim. Otam nogiron, onam xasta.

Olti oy ichida ko‘zingiz ochiladi, degandi direktor.

Bormagan joyim qomadi, oxiri oldiga bordim direktorning. Olti oy degandingiz, desam, ha shuncha ochilmagan endi ochilarmidi, deydi kulib.

Man shunaqa nogiron bo‘lib qolaveramanmi, hali yoshman, va’da bergan edingiz, Hindistonga ketayotgan joyimdan qoluvdim, desam, kulib u joydayam shu narsa bulardi deydi.

Yig‘lab chiqib ketdim.

Hindistondan kelgan vrach bilan uchrashdim. Yaxshi bo‘ladi, sekin-sekin kuzlaringiz ochiladi, sabr va vaqt kerak, dedi.

Dorilar yozib berdi, hozirda ko‘zlarim sal ko‘ryapti, lekin nima bo‘gandayam meni operasiya qilgan odam bunaqa deyishga xaqqi yo‘q edi, to‘g‘rimi?

Bizdagi vrachlarla yurak ham, oqibat ham qolmabdi.

Hech kimning boshiga tushmasin mening boshimga tushgan ish.

XS
SM
MD
LG