Линклар

BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkilotining 2015 yilgi paxta mavsumini bevosita kuzatgan missiyasi¸ Jahon bankiga taqdim etgan yakuniy xulosasida¸ O‘zbekistonda paxta mavsumida bolalar mehnatidan foydalanish deyarli uchramagani¸ kattalarni paxtaga majburan olib chiqish haqidagi iddaolarni esa tasdiqlay olmasligini bildirdi. Mustaqil monitoring guruhlari bu xulosani Toshkent bilan hamkorlikni saqlab qolish ilinjida berilgan nohalol baho sifatida tanqid qilmoqdalar.

Bosh qarorgohi Jenevada joylashgan Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston hukumati ruxsati va hamkorligi bilan mamlakat paxta dalalarida olib borilgan qariyb ikki oylik kuzatuv xulosalarini e’lon qildi.

95 sahifalik hisobotning uch asosiy xulosasida qisqa va lo‘nda shaklda “O‘zbekistonda bolalar mehnati yo‘q¸ paxta dalasiga ishga yollash keng ko‘lamda tashkillashtirildi¸ lekin odamlar umumiyatla paxtaga ko‘ngilli ravishda chiqdi”¸ deb yozildi.

O‘zbekistonda monitoring olib borgan XMT guruhi ekspertlari Toshkent hukumatining bolalar va kattalar majburiy mehnatiga oid muammolarga barham berishda xalqaro tizimlar bilan hamkorligini ham alohida olqishladi.

Hisobot mualliflari shuningdek¸ O‘zbekiston hukumatining aholini bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishning qonunga zidligidan ogohlantirish kampaniyasini ham yuqori baholadi.

Ayni paytda hisobotda 2015 yilgi paxta mavsumiga oid boshqa manbalarning boshqacha ma’lumot tarqatgani e’tirof etilib¸ bu tavofut o‘rganilishi kerak¸ degan tavsiya ham berildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining mazkur hisoboti mualliflari hozircha Ozodlikning o‘z xulosalariga izoh berish haqidagi rasmiy so‘roviga javob qaytarganicha yo‘q.

Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi bolalar va majburiy mehnatga barham berish uchun yillardan beri kurashib kelayotgan Cotton Campaign – "Paxta kampaniyasi" koalisiyasiga qo‘shilgan mustaqil guruhlar Xalqaro mehnat tashkiloti hisoboti xulosalarini jiddiy tanqid ostiga oldilar.

Bir necha yildan beri O‘zbekistondagi mahalliy faollar bilan birgalikda majburiy mehnat yuzasidan mustaqil monitoring o‘tkazib kelayotgan Inson haqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya Forumi rahbari Umida Niyozova Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston hukumati qo‘ygan shartlar asosida olib borgan monitoringi xulosasi mustaqil bo‘la olmasligini ta’kidlaydi:

- O‘zbekiston XMT ekspertlariga 2015 yilda paxta terimida dalalarga chiqib, turli muassasalarga borib, odamlar orasida so‘rovlar o‘tkazishga ruxsat berdi.

Amalda, bu XMT ekspertlarining hukumat vakillari ishtirokisiz konfidensial tarzda paxta terimchilaridan intervyu olishga haqsiz bo‘lishganini anglatadi. Har bir guruh XMTning bitta eksperti va uch to‘rtta mahalliy mulozimlardan tarkib topgan.

Hisobotga ko‘ra, monitoring davomida 10 ming intervyu amalga oshirilgan. Biroq rasmiylar ishtirokida olingan bu intervyularning narxi judayam pastdir, chunki bu – O‘zbekiston,boshliqlar oldida qo‘rquv darajasi mutlaq bo‘lgan mamlakatdir. Ishini yo‘qotishdan qo‘rqib, paxta terimiga chiqqan muallim yoki hamshiraning, rasmiylar huzurida tag‘in ayni qo‘rquv vajidan bu haqda gapirishi amri maholdir, deydi Umida Niyozova.

Yil boshida Jahon banki O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikasiya qilishga yo‘naltirilgan loyihalar uchun $ 500 million so‘mlik kredit berilishini tasdiqladi.

Inson huquqlari tashkilotlari, ayniqsa 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, kasaba uyushmalari va biznes tashkilotlarini birlashtirgan “Paxta kampaniyasi” koalisiyasi bilan birga, Jahon banki loyihalarini amalga oshirishda majburiy mehnatdan foydalanishga ruxsat bermaslik talabi bilan chiqishdi.

Umida Niyozova ta’kidicha¸ inson huquqlari faollari bosimi ostida Bank O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatdan foydalanishni tadqiq qilish maqsadida mustaqil audit tashkilotini taklif qilishga rozi bo‘ldi.

Lekin Jahon Banki aslida mustaqil uchinchi tomonni auditga taklif qilish o‘rniga BMT tizimi sifatida faqat hukumat bilan birgalikda ishlashi shart bo‘lgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan shartnoma imzoladi va bunday shartlarning o‘ziyoq¸ tanqidchilar ta’kidicha¸ monitoring jarayonining mustaqil bo‘lmasligiga zamin yaratdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ayni kunlarda “Paxta kampaniyasi” koalisiyasiga kirgan guruhlar o‘z monitoringgi xulosalarini hozirlamoqda va bu xulosalar kelasi oy Jahon banki va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotida "boshqa manbalar" sifatida tasniflanganlardan biri sifatida Ozodlik 2015 yilgi paxta mavsumi¸ xususan¸ unda keng qo‘llanilgan majburiy mehnat vaziyatini bevosita ëritdi.

Mazkur hisobot xulosalariga zid bo‘lgan tafsilotlarni Paxta-2015 manzarasi tasvirlangan jonli blogimizdan topish mumkin.

XS
SM
MD
LG