Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:24

Taniqli o‘zbek tarixchisi Goga Hidoyatov olamdan o‘tdi


O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tarix fanlari doktori Goga Abrorovich Hidoyatov 10 dekabr kuni 85 yoshida vafot etdi.


Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan olimning yaqinlari professor Hidoyatov so‘nggi yillarda “Turk tsivilizasiyasi” nomli monografiyasi ustida ish olib borgani, bu mashaqqatli mehnat keksa yoshli, biroq serg‘ayrat domlaning sillasini quritganini aytishdi.

Goga Hidoyatov 1930 yil 9 may kuni teatr arboblari oilasida dunyoga kelgan.

Har o‘zbekka yaxshi tanish bo‘lgan mashhur san’atkorlar - Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘raevaning farzandi bo‘lgan Goga Hidoyatov Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetini tugatgan.

1958-2005 yillar oralig‘ida Goga Hidoyatov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, Toshkent Davlat universiteti tarix fakultetida kafedra mudiri va dekan, O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligida vazir maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida professor lavozimlarida ishlagan. Tarixchi olim 10 yildan beri nafaqada edi.

U o‘zbek, rus va ingliz tillarida erkin so‘zlashgan, fransuz tilida o‘qib, tarjima qilish salohiyatiga ega bo‘lgan.

Goga Abrorovich Sharqu G‘arbdagi qator universitetlarda ma’ruzalar o‘qigan.

Professor Hidoyatovning shaxsiy saytida uning o‘z tilidan bayon etilgan quyidagi jumlalar bor:

“Bolaligim urush va urushdan keyingi davrdagi og‘ir vaziyatda o‘tgan. Maktabda o‘qirdim, sportga qiziqardim, xususan, futbol o‘ynardim...

1949 yili maktabni bitirgandan so‘ng Toshkent universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdim, ikkinchi kursni tamomlagandan keyin esa Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetiga ko‘chirildim. 1954 yili shu universitetning tarix fakultetini bitirib, “Xalqaro aloqalar tarixi” ixtisosi bo‘yicha aspiranturaga kirdim.

1959 yili “Angliyada zamonaviy ishchi harakati” mavzuida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildim...

1964-1965 yillarda “XIX asr oxirida Markaziy Osiyodagi katta o‘yin” mavzuidagi doktorlik dissertasiyasini yozish uchun Oksford universitetiga xizmat safariga jo‘natildim.

Oksforddan so‘ng doktorlik dissertasiyamni tamomlash uchun Moskva universitetiga yuborildim...”

O‘z tarjimai holida professor Hidoyatov o‘rta maktab o‘quvchilari uchun “O‘zbekiston tarixi” va “Jahon tarixi” darsliklarini tayyorlaganini ham yozgan.

Oilasi haqidagi bobda olim turmush o‘rtog‘i Anila Bobojonova 1975 yilda olamdan o‘tgani, ikki qizi borligini aytgan.

Professor Hidoyatovning qizlari - Nigora va Nodira Hidoyatovalar muxolif ko‘z qarashdagi harakatlar faollari.

Yaqinlarining aytishlaricha, Goga Hidoyatov bugun Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etiladi.

Ozodlik radiosi marhum domlaning qizlari va barcha qarindoshlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


***
Yetuk tarixchi olim Goga Hidoyatov Ozodlik radiosi dasturlarida uzoq yillar mobaynida muntazam ishtirok etib kelgan. Quyida u kishi bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi suhbatlardan birini e’tiboringizga havola etamiz:

XS
SM
MD
LG