Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:43

O‘zbekiston hukumati huquq faollariga nisbatan munosabatini o‘zgartirgani yo‘q


Har yili 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi kuni nishonlanadi. 1948 yilda BMT tomonidan qabul qilingan bu hujjatda har bir insonning fundamental huquqlari belgilab berilgan. O‘zbekistonda mana shu huquqlar amal qilishi uchun kurashib kelayotgan huquqbonlar og‘ir sinovlarni boshidan kechirmoqda. Insonlar huquqi uchun kurashganlarning ayrimlari bugun qamoqlarda saqlanmoqda. Ularni yana bir bor eslab o‘tmoqchimiz.

"Unutilgan siyosiy mahbus Matluba Komilovaning qamoqdan chiqarilishiga umid qilayapmiz"

Xalqaro tashkilotlar angrenlik sobiq kollej direktori va huquq faoli Matluba Komilova so‘z erkinligi huquqi ta’minlanishi uchun kurashgani ortidan qamalganini aytib keladi.

2011 yil 8 aprelida AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan hisobotda 2010 yilda qamalgan huquq faoli Matluba Komilova siyosiy mahbus sifatida e’tirof etilgan. Joriy yilda esa Qo‘shma Shtatlar tashabbusi bilan boshlangan #FreeThe20 (20 odamni ozod eting) kampaniyasi doirasida Matluba Komilova xalqaro hamjamiyat e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan siyosiy mahbus sifatida tilga olindi.

Toshkentlik huquq faoli Yelena Urlayevaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning hisobotlarida Matluba Komilova masalasi bir necha marta ko‘tarilgani ortidan, bugungi kunda huquq faolining qamoqdan chiqarilishi umid paydo bo‘lmoqda.

-Uning qamoqdan ozod qilinishi uchun katta kampaniya olib borilmoqda. Qo‘shma Shtatlari elchixonasi ham O‘zbekiston hukumatiga uni ozod qilinishi uchun bosim ko‘rsatib kelayapti. Shuning uchun Matluba Komilova ozod etilishi mumkin, degan bir umid paydo bo‘lmoqda, -dedi Yelena Urlayeva.

O‘ktam Pardaevning mudhish kelajagi va telefoni tinglovda bo‘lgan huquqbon

Jizzaxlik 37 yoshli huquq faoli O‘ktam Pardayev esa shu yilning 16 noyabr kuni tamagirlik va poraxo‘rlik ayblovlari bilan hibsga olingan edi. Uning hamkasblari bu ayblovlarni Pardayevning huquq himoyachisi vazifasidagi faoliyati bilan bog‘liq uydirma, deya atamoqda.

O‘ktam Pardayev korrupsiyaga va majburiy mehnatga qarshi kurashib kelayotgan faollardan biri edi. Xalqaro tashkilotlar Pardayevga qo‘yilayotgan ayblovlar O‘zbekiston rasmiylari faollarga nisbatan ilgari suradigan odatiy ayblovlardan farq qilmasligi bu ish boshdanoq soxtalashtirilganini ko‘rsatishi va faolning taqdiri borasida xavotirlarga asos bo‘lishini aytib kelmoqda.

O‘ktam Pardayev bilan so‘nggi yillarda paxtazorlardagi majburiy mehnatga qarshi kurashib kelgan faol Malohat Abdullayeva ham kuzatuv ostida ekanini aytdi:

-Hozirgacha men mobil telefonim bilan kimdir bilan gaplashsam, gapimni poylashadi. Chunki telefoningiz eshitishda bo‘lsa uning ohangi boshqacharoq chiqadi. Hozir telefonim ohangi huddi ana shunday bo‘lib qolgan. lekin huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan ochiqdan-ochiq hech qanday tazyiq ham yo‘q menga nisbatan, -dedi Malohat Abdullayeva.

Huquq faollarini "jinni"ga chiqarish amaliyoti davom etmoqda

O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilgani ortidan jabr tortganlardan yana biri Aliqul Sarimsoqovdir.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyovni bir necha yil oldin noqonuniy harakatlarda ayblab sudga bergan Aliqul Sarimsoqov joriy yilning mart oyida Toshkentdan o‘g‘irlab ketilib, Jizzax viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida bir oy saqlangan.

AQSh Davlat departamentining 2014 yil 25 iyunda e’lon qilingan hisobotida ham Aliqul Sarimsoqov o‘z faoliyati ortidan hukumat tazyiqiga uchrab, 2014 yilda noqonuniy ravishda ruhiy kasalliklar shifoxonasida 16 kun saqlangani ta’kidlangan. Bugungi kunda esa Aliqul Sarimsoqov deyarli uy qamog‘i sharoitida saqlanmoqda. Undan mobil telefonlari va boshqa aloqa vositalari olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan 2500 yozma shikoyati bir necha yillar davomida ko‘rib chiqilmayotgani haqidagi 28 sahifali arizasini Toshkentdagi AQSh elchixonasi orqali 2015 yil 12 iyunda O‘zbekistonga kelgan BMT Bosh kotibi Ban Ki Munga yetkazmoqchi bo‘lgan huquq faoli Shuhrat Rustamovga nisbatan Shayxontoxur tuman sudi “muomalaga layoqatsiz" , deb ajrim chiqardi.

- Bu harakatlarning hammasi prezident ma’muriyati xodimlari tomonidan uyushtirilgan. Nega deganda, prezident apparatida mening 2500 shikoyatim tahlanib yotibdi, hali birortasi ko‘rib chiqilgan emas. Ana shu shikoyatlarim asosidagi hisobotni 11 iyun kuni, ya’ni Ban Ki Mun Toshkentga kelishidan bir kun oldin AQSh elchixonasiga olib borib topshirganman va bu shikoyatni BMT Bosh kotibiga yetkazishni iltimos qilganman. Shuning uchun meni ruhiy nosog‘lomga chiqarish harakati bo‘layapti, - dedi Shuhrat Rustamov.

Huquq faoliga nisbatan mazkur jarayon shu kungacha to‘xtatilgan emas. Ozodlik radiosiga ma’lum bo‘lishicha, “Mahalla” jamg‘armasi Shayxontoxur tuman bo‘limi raisi Qurbonov tomonidan sudga yuborilgan arizada, “turli tuxmat va bo‘hton shikoyatlarni yozayotgani uchun Shuhrat Rustamovning ruhiy salomatligini tekshirish va uni muomalaga layoqatsiz, deb tan olish” iltimos qilingan.

Hukumat o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan munosabatni o‘zgartirgani yo‘q

Huquq faoli Yelena Urlayevaga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatning talablariga qaramay, O‘zbekistonda o‘zgacha fikrlovchilar va huquq faollariga nisbatan hukumatning munosabati o‘zgarmay qolmoqda.

-Men A’zamjon Farmonov juda og‘ir ahvolda ekanini aytib o‘tmoqchiman. U siyosiy mahbuslar saqlanadigan juda mudhish Jasliq qamoqxonasida saqlanmoqda. Huquq faoli A’zam Turg‘unov ham uzoq yillardan beri qamoqda qolmoqda. Solijon Abdurahmonov yana uch yildan keyin qamoqdan chiqarilishi kerak. Biroq uning jazo muddati uzaytirilishidan qo‘rqib turibmiz.O‘ktam Pardaevga nisbatan jinoyat ishining ochilishi, Dmitriy Tixonovning huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan ta’qib qilinishi o‘zbekistonlik huquq faollariga hukumatning munosabati o‘zgarmay qolayotganiga yana bir dalildir,- dedi Yelena Urlayeva.

Xalqaro tashkilotlar bir necha yillardan beri O‘zbekiston hukumatidan huquq faollari A’zamjon Farmonov, Solijon Abdurahmonov,A’zam Turg‘unov, Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, Nasim Isoqov, G‘aybullo Jalilov, To‘raboy Jo‘raboyev, Abdurasul Xudoynazarov, G‘anixon Mamatxonov, Cho‘yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo‘ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Dilmurod Sayyid, Ne’matjon Siddiqovlarni qamoqdan ozod qilishni talab qilib kelishmoqda. Xalqaro hamjamiyat yuqorida nomi aytilgan shaxslarni siyosiy mahbuslar sifatida e’tirof etgan.

XS
SM
MD
LG