Линклар

logo-print

Toliblarga oid Internet tarmoqlarida sobiq O‘zbekiston Islomiy harakati lideri Usmon G‘oziyning o‘lgani iddao qilingan suratlar tarqatildi. Suratlarda G‘oziyning jasadi sochi qirqilgan, soqoli esa qirilgan holda aks etgan. Uning jasadi Zobulda topilganini da’vo qilgan Toliblar G‘oziy ikki haftadan buyon qochib yurgani, hatto ayol kiyimida saqlanganini yozmoqda. Afg‘on rasmiylari hozircha bu iddaolarni tasdiqlamadi.

"G‘oziyning o‘ligi topildi"

10 dekabr kuni Toliblarga oid ijtimoiy tarmoqlarda G‘oziyning "Islomiy davlat" ga bay’at bergani aks etgan eski videosidan olingan bir surat va buning yonida G‘oziyga tegishli ekani da’vo qilingan jasadning qorga belanib yotgani aks etgan ikkita surat tarqatildi

Toliblar matbuot xizmatiga tegishli ekanini iddao qilingan Twitter sahifasida suratlarga mana bu jumlalar tirkaldi: "Mujohidlar DAESh lideri ("Islomiy davlat" terror guruhi eski nomi IShIDning arabcha qisqartmasi - tahr.) Usmon G‘oziyning o‘lik holda topdi. U o‘zi yashirinib yotgan joydan qochish uchun soqolini qirdi".

"G‘oziy jon saqlash uchun soqolini qirdi"

Afg‘oniston toliblari matbuot xizmatining Feysbuk tarmog‘idagi ruscha sahifasi, deb iddao qilingan saytda ham 10 dekabr kuni ayni suratlar chop etildi va unga quyidagi jumlalar bitildi:


"Usmon G‘oziy, O‘IHning yetakchilaridan biri, IShIDga bay’at bergan yetakchisi, mujohidlar tomonidan o‘lik holda topildi. U soqolini qirib, yashirinishga uringan edi".

Bu sahifada Toliblarga tegishli saytdan olindi, deya rus tilida chop etilgan matnda G‘oziy Zobul janglarda asir olingani iddao qilindi.

"Zobulda O‘IH tugatilgan"

Toliblarga tegishli ko‘rilgan Internet sahifalaridan biridan olingan rus tilidagi matnda o‘zbek jangarilari yetakchisi Usmon G‘oziy 60 jangchisi bilan noyabr boshida Zobulda asir olingani va bu janglarda sobiq O‘IH tugatilgani iddao qilingan:

"Sobiq O‘IHning bitta guruhi Tolibon mujohidlari tomonidan Zobulda qamal qilindi. Amir Usmon G‘oziy yetakchiligidagi, taxminan 60 kishi taslim bo‘ldi, taxminan 50tasi qarshilik ko‘rsatgani uchun o‘ldirildi. Asrlardan bir nechasi odam o‘g‘irlagani, o‘ldirgani, zo‘rlagani va tovlamachilik qilgani isbotlangach, shariat mahkamasi asosida qatl qilindi. Shu tariqa, 20 yilcha mavjud bo‘lgan jamoat to‘liq yo‘q qilindi" deyiladi ushbu matnda.

Ammo, Toliblar tomonidan asir olingan G‘oziyning qanday qilib qochgani, qanday o‘ldirilgani va uning jasadi Zobul ko‘chalarida qanday paydo bo‘lib qolgani haqida biror ma’lumot berilmadi.

Afg‘onistonlik jurnalistlar G‘oziyning o‘lganini iddao qilgan ushbu manbalar Toliblarga tegishli ekanini tasdiqladilar. Ammo, afg‘on rasmiylari bu iddaolar yuzasidan hozircha biror izoh bergani yo‘q.

G‘oziyning o‘lganiga oid avvalgi iddaolar

A​fg‘onistonning Zobul viloyatida 6-9 noyabr kunlari Toliblar bilan o‘zaro janglarda sobiq O‘IH amiri Usmon G‘oziy asir olingani va keyinchalik qatl qilinganiga oid iddaolar 17-19 noyabr kunlari paydo bo‘lgan edi.

O‘zbek jangarilari Zobulda Axtar Mansurga qarshi bo‘lgan qo‘mondonlar - mulla Muhammad Rasul va mulla Dodullohlar bilan birga urush qilgani Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari tomonidan ham tasdiqlangan.

Bundan tashqari, 14 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini sobiq O‘IHning matbuot kotibi, deb taqdim qilib kelgan va harakatning rasmiy bayonotlarini tarqatish bilan shug‘ullangan Nusratulloh Mujohidga tegishli ko‘rilgan vidolashuv tarqalgan.

O‘tgan haftada esa afg‘on rasmiylari va mahalliy oqsoqollar 6-9 noyabr kunlari Zobulda bo‘lgan janglarda o‘zbek jangarilari himoyasida yurgan qo‘mondon mulla Dodulloh o‘ldirilganini tasdiqlagan.​

2 dekabr kuni Nyu York Taims gazetasi ham Dodullohga so‘ng onlariga qadar o‘zbek jangarilari sodiq qolgani haqidagi maqolani chop qilgan va ularning sonini bir necha o‘n kishi, deb keltirgan.

Bu tafsilotlar sobiq O‘IH jangari guruhi va uning yetakchisi Zobul janglarida o‘lganiga oid 10-11 noyabr kuni tarqalgan xabarlarning qisman tasdig‘i sifatida ko‘rilgan edi.

O‘IHning tugatilishi

O‘zbekiston Islomiy harakati 6 oy muqaddam "Islomiy davlat" safiga o‘tgani va 1996 yilda tuzilgan harakat tugatilib, IDning bir qismiga aylanganini e’lon qilgan.

Harakat rahbari Usmon G‘oziyning halifa Bag‘dodiyga bay’at bergani aks etgan video tarqatilib, unda Xuroson mintaqasi xalifalik tasarrufiga o‘tgani iddao qilingan.

Bundan tashqari, Usmon G‘oziy mulla Umarning 14 yil muqaddam o‘lganini da’vo qilib, Toliblarning amaldagi rahbariyatini "yolg‘onchilik, afg‘onparastlik, qavmparastlik"da ayblagan, Pokiston maxsus xizmatlari nazoratiga bo‘ysungan, deb qoralagan edi.

Toliblarni "Islomiy davlat"ga qo‘shilishga chaqirgan, Usmon G‘oziy: "Xuroson mintaqasi "Islomiy davlat" tasarrufiga o‘tdi", deb iddao qilgan edi.

Usmon G‘oziy kim?

Shu yilning may oyida Evrasianyus.info nashriga intervyu bergan va O‘zbekiston MXX terrorchi o‘zbeklar tashkilotlari bo‘yicha mutaxassisi Viktor Mixaylov, deb taqdim qilingan ekspert G‘oziy shaxsi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan edi:

​"O‘IHning boshlig‘i Usmon G‘oziy 1970 yilda Toshkentdagi sovet xizmatchisi oilasida tug‘ilgan. 30 yoshligida tengdoshlari ta’siri ostida O‘zbekistonni tark etdi va qo‘shni Tojikistonga o‘tdi, u erda esa O‘IH safiga qo‘shilib, terrorchilik faoliyatining alifbosini o‘rgandi. Guruhning avvalgi liderlaridan farqli ravishda Usmon G‘oziyning diniy ilmi va notiqlik qobiliyati yo‘q. U janglarda qatnashmagan. U sarishta ko‘rimli, yaxshi kiyim kiyadi va vaqtida ovqatlanadi. Ziynatlarga o‘ch. Har ikki qo‘li barmoqlaridagi yirik uzuklari uni boshqa jangarilardan ajratib turadi", deya ta’rif bergan edi O‘IH harakati yetakchisiga O‘zbekiston xavfsizlik xizmati eksperti.

O‘IH haqida

AQSh, Yevropa davlatlari, Rossiya va O‘zbekiston hukumati tomonidan "terrorchi tashkilot" deb e’lon qilingan O‘zbekiston Islomiy harakati 1996 yilda tuzilgan.

Harakat O‘zbekistonda ekstremizm, radikalizm va terrorizmga oid qator ayblovlar bilan ayblangan, 1993 yilda mamlakatdan qochib chiqqan namanganlik din peshvosi Tohir Yo‘ldosh tomonidan tuzilgan.

Harakat 1999 yilda Tojikistonning Jirg‘atol tumanida o‘zining ilk qarorgohini qurgan va o‘sha yerdan turib, Qirg‘izistonning Botkent viloyatiga ilk yirik hujumini uyushtirgan.

2001 yilda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalisiya Afg‘onistonda amirlik e’lon qilgan Toliblarga qarshi kurash boshlagan kezlarda, O‘IH Toliblar safiga o‘tdi. O‘sha kezdayoq Tohir Yo‘ldosh Pentagon tomonidan qidiruvga berildi va 2009 yilning 27 avgustida AQSh dronidan otilgan raketadan yaralanib, o‘ldi.

Uning o‘limi 2010 yilda harakat tomonidan tasdiqlandi va o‘sha yili harakatga kuyovi Usmon Odil rahbar etib tayinlangani e’lon qilindi. 2012 yilda u ham o‘ldirildi va shundan buyon O‘IHga Usmon G‘oziy rahbarlik qilayotgan edi.​

XS
SM
MD
LG